biluvchidir. 257. Alloh imon keltirganlarning do'stidir. Ularni zulmatdan nur sari chiqaradi. Kofirlarning do'stlari esa shaytonlar (butlar)dir. Ularni (kofirlarni) nurdan zulmat sari chiqaradilar. Ana o'shalar do'zax ahlidirlar va ular unda mangu qoluvchilardir. 258. Alloh saltanat berganidan (g'ururlanib,) Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko'rmadingizmi?! Qaysiki, Ibrohim: "Mening Rabbim tiriltiradi ham, o'ldiradi ham", - deganida, u: "Men (ham) tiriltiraman va o'ldiraman", - dedi. Ibrohim aytdi: "Alloh quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag'ribdan chiqarginchi?" Shunda (o'sha) kofir (gap topolmay) lol bo'lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo'llamaydi. Izoh: Ibrohim (a. s.) bilan bahslashgan bu kofirning nomi Namrud ibn Kan'on. U o'z yurtining shohi edi. Shon- shavkat g'ururidan o'zini xudo deb bilar edi. Ibrohim (a. s.)ga javoban: "Men ham tiriltiraman, ham o'ldiraman", - deb, so'zining isboti uchun zindonda yotgan asirlardan to'rt nafarini chiqarib, ikkitasini ozod qilib yuborib, "Bu tiriltirishim", - dedi. Qolgan ikkitasini qatl qildirib, "Bu o'ldirishim", - dedi. Lekin bu hiylasini Ibrohim (a. s.) qabul qilmadilar. 259. Yoki boshqa bir kishi (Uzayr) kabiki, (u) tomlari yiqilib, vayronaga aylangan qishloqdan (Baytul- Maqdisdan) o'tib borarkan: "Alloh bu xarobaga aylangan qishloq (ahli)ni qanday tiriltirar ekan-a?" - dedi. Shunda Alloh uni (Uzayrni) yuz yil (muddatga) o'ldirdi. So'ngra uni tiriltirib dedi: "Qancha muddat (o'lik holda) turding?" "Bir kun yoki yarim kun", - dedi u. Alloh: "Yo'q, yuz yil turding. Taoming va ichimligingga qara, buzilmagan. Endi, eshagingni (chirib ketganini) ko'r! (Bu mo''jizalarni) odamlarga seni ibrat qilishimiz uchun (keltirdik). Bu suyaklarni qanday tiklab, so'ng ularni go'sht bilan