belgi shuki, uch kun imo-ishoradan tashqari odamlarga gapira olmaysan. Rabbing zikrini ko'p qil va ertayu kech tasbeh ayt!" Izoh:Uning tili Allohga zikr va tasbeh aytishga bemalol kelar, odamlar bilan gaplashishga esa soqov bo'lib qolar edi. 42. Farishtalar: "Ey, Maryam, Alloh seni (fazli uchun) tanlab oldi va (yomon ishlardan) pokladi hamda seni butun olam ayollaridan mumtoz etdi. 43. Ey, Maryam, Rabbingga itoat et, sajda qil va ruku' qiluvchilar bilan birga ruku' qil!" - deganlarini eslang! 44. (Ey, Muhammad,) g'ayb xabarlaridan bo'lmish bu (qissa)ni Sizga vahiy qilmoqdamiz. Zero, Maryamga qaysilari kafil bo'lsin (aniqlash) uchun qalamlarini (qur'a niyatida) tashlaganlarida ular huzurida bo'lmagansiz, (shu xususda) nizolashganda ham ular huzurida bo'lmagansiz. 45. Eslang, farishtalar: "Ey, Maryam, Alloh senga O'zining "kalimasi" xushxabarini beradikim, uning ismi Iso Masih ibn Maryam bo'lib, dunyoyu oxiratda obro'li va (Allohga) yaqinlardandir. 46. Odamlarga go'daklik chog'ida ham, voyaga yetganda ham gapiradigan, solih bandalardan bo'lur", - dedilar. Izoh:Iso Masihning qiyomatga yaqin osmondan Yerga tushib odamlar bilan gaplashishiga shu oyatni dalil sifatida keltiradilar. 47. (Maryam) dedi: "Rabbim, menga inson (qo'li) tegmagan bo'lsa, qayoqdan menga farzand bo'lsin?" Alloh aytdi: "Shunday, (lekin) Alloh O'zi xohlagan narsasini (xohlagan tarzda) yarataveradi. Qachon biror ishni iroda qilsa, faqatgina unga "Bo'l!" desa, bas, u bo'laveradi". Izoh:Iso (a. s.)ning bir nomi "Allohning kalimasi"dir. Zero, ul zot Allohning bir kalimasi, ya'ni "Bo'l!" - degan so'zi bilan paydo bo'lganlar. 48. Unga (Isoga Alloh) yozishni, (ilmu) hikmatni, Tavrot va Injilni ta'lim beradi.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur