ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo'lganidan ortiq fidya bersa), o'ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir. Izoh: Sanoqli kunlar - bu Ramazon oyi kunlaridir. Sanoqli so'zi oz miqdorga, sanoqsiz so'zi esa ko'pga nisbatan ishlatiladi. Ramazonning 30 kuni qolgan o'n bir oyga nisbatan ozligi uchun sanoqli kunlar deb ifoda etilgan. Izoh (a): Ro'za tutish yoki tutmasdan fidyasini to'lash ixtiyoriy bo'lgan. Lekin bu hukm ham keyinroq boshqa oyat nozil bo'lishi bilan bekor qilingan. Ya'ni, Ramazon oyida hozir bo'lgan uzrsiz kishiga ro'za tutish farzi aynga aylangan. Uzrli holatlar bundan mustasno. 185. Ramazon oyi - odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlar) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu - hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishlaringiz va shukr qilishlaringiz uchundir. Izoh: Ajrim etuvchi deganda, haqiqat bilan soxtalik, yaxshilik bilan yomonlik, savob bilan gunoh o'rtasidagi farqni belgilab beruvchi deb tushunish kerak. 186. Sizdan (ey, Muhammad), bandalarim Mening haqqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar. 187. Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar. Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbalaringizni