www.ziyouz.com kutubxonasi
52
«Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qanday chiroyli duolar qilgan ekanlar?»
Qiziqadigan narsa emasmi bu? «Ajabo, Qur’oni karimning oyatlari ichida duolar bormi,
qaysilari? Domla, bularni biror kitobga jamlaganmi?» Chiroyli savol emasmi bu? «Qur’oni
karimning ichidagi duolarni men ham o’rganaman. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi
vasallam qilgan duolarini men ham o’rganaman, men ham duo qilaman», – deyishimiz
lozim! Bizlar esa shunday asarlar yozishimiz lozim! «Qur’oni karimdagi duolar», «Hadisi
shariflardagi Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning duolari», – deb
jamoatimizga yetkazishimiz lozim.
Hozir bu muborak jum’a kechasida dardlashyapmiz. Albatta, gapirish ham, eshitish ham,
masjidda o’tirish ham savob. Insonning masjidda turgan muddati namozda turgan deb
hisoblanadi. Hozir har biringiz va’z boshlanishidan boshlab namozga turganingizda necha
rak’at namoz o’qisangiz, o’sha miqdordagi namoz savobi ichidasiz. Namozda balki xato
qilarsiz, bu yerda o’qimasdan, eshitish yo’li bilan namoz o’qigandek bo’lganingiz uchun
kamchiliksiz namoz o’qigandek bo’ldingiz, yanada yaxshi savob. Ilmdan bir bahsni
o’rganish dunyodan va undagi hamma narsadan xayrli.
Ona tilini yaxshi bilishimiz lozim, shunday emasmi? Arabcha o’rganmaganmiz,
ma’nolarini bilmaymiz, oyatlarga tushunmayapmiz. Nikoh o’qiydigan vaqtda, janozaga
aloqador oyat o’qilyapti. Oila masalasi bahs mavzusi bo’lganda, ajralishga oid oyat
o’qilmoqda. Nima uchun? O’qigan kishi oyatlarning ma’nosini bilmayapti. Ya’ni o’z
o’rniga, maqomiga, makoniga mos qilib o’qimayapti.
Bu oyda duolar qabul bo’lar ekan. Men sizni qiziqtirish uchun bularni gapirayapman, endi
unga amal qilish sizning ishingiz. «Bu oyda Alloh duolarni qabul qilarkan, qaysi duoni
qilsam bo’ladi?» – deb o’ylasangiz, o’zingiz topasiz. Chunki duoning yuzakisi emas, balki
qalbdan bo’lgani maqbul.
Kaftini ochadi – mehrobga qaraydi, kaftini ochadi – tovonga qaraydi, kaftini ochadi –
naqshlarga nazar soladi... Lahiyan, deyiladi bunga, ya’ni g’ofillik bilan, qalbi boshqa
narsalar bilan mashg’ul bo’lganda qilingan duoni Alloh taolo sevmaydi. Qalbdan, jonu
dildan qilingan duoni sevadi. Shuning uchun chin ko’ngildan duo qilamiz.
Allohdan nima so’rashni bilaylik. Bundan tashqari, duolarning maqbul bo’ladigan
zamonlari bor. Duolarimiz butunlay qabul bo’lishligi uchun qaysi vaqtlarda duo qilaylik?
Temir qizigan paytda uriladi, duoni ham qaysi paytda qilamiz, bu – juda muhim!
Keyin: «Bir inson ota-onasi haqiga duo qiladi», – deb buyurmoqdalar Payg’ambarimiz
sallallohu alayhi vasallam. «Birodariga, mo’min onasi farzandiga, ukasiga ular yo’qligi-
g’oyibligida duo qilsa, duosi zudlik bilan qabul bo’ladi», – deb aytishmoqda. Demakki,
duo to’g’risida o’rganishimiz lozim bo’lgan juda ham ko’p narsa bor. U holda, bu
narsalarga qiziqib, domlalardan so’rab, ularning javoblarini topamiz!
«Bu oyda Alloh taolo sizlarning ibodatlaringizdagi g’ayratingizga qaraydi!» Ko’pchilik
bo’lib, masjidlarga borasizlar va va’zlarni eshitasizlar. Xayrli ishlar qilasiz, iftorlik
berasiz... Ha, Alloh taolo mana shu g’ayratlaringizga qaraydi. Zero Allohning bir
marhamatining o’zi insonga yetadi. «Alloh qaramaydi», – degan inson tamom bo’ladi.
Alloh qaramaydigan kishisiga iltifot ko’rsatmaydi.