Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə41/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   52
shaytanat

b o b 1


Yonib ketgan mashinadan topilgan tunukacha temir yo‘l bekati yukxonasining belgisi ekan. Tunukachaga zarb etilgan raqam bo‘yicha ikkita katta jomadon saqlanardi.
Jomadonlar xaridorgir kiyim-kechaklar bilan to‘la edi. Tramvay pattasidagi raqamlarga qarab ish yuritish qiyin bo‘ldi. Nihoyat, avtomat yukxonalardan ikkitasining tilsimi yechildi. Ikkovida bir xil qora sumka turar, ikkovi ham qumli xaltachalar bilan to‘la edi. Tarkibida oltin bo‘lgan qum qaerdan olinganu kimga sotilishi kerak? Mayor Solievni ham, Zohidni ham shu jumboq garang qildi.

  • Boyligi million so‘mdan kam emas, — dedi Soliev o‘zicha chamalab. — Bular sotganlaridan qolganlari. Shuncha puli bor odam taksini o‘g‘irlab yurarkanmi?

  • Taksoparkdagilarni qo‘rqitib olgan bo‘lsa-chi?

  • Unda nima uchun aytishmayapti? Komilovning harakatiga ham tushunib bo‘lmayapti.

  • Boylik balki uniki emasdir? U biror kishining yoki guruhning dastyori bo‘lsa-chi?

  • Dastyor bo‘lganida boylikning iziga tushishardi. Uy bekasi keldimi, gaplashdingmi?

  • Yo‘q. Ikki marta chaqirtirdim. Bugun Tolipovni yubordim, olib keladi.

Zohid ham, mayor ham kalavaning uchini topmoq uchun turli taxminlarni o‘rtaga tashlashar edi. Hozir, boshlari qotib turganida siz borib: «Qotil san’atkor, u o‘chini oldi», desangiz, sira ishonmaydi. Chunki million so‘mlik boylikka ega odam oddiy qasos qurboni bo‘lishi mumkinligi kam uchraydigan hodisa.
Soliev Zohid bilan xayrlashib, o‘rnidan turgan choqda telefon jiringladi. Hamdam Tolipov Shilimshiq yashagan uyning bekasi uch kun burun, ya’ni tintuvning ertasiga jomadonlarini ko‘tarib ketganini, yo‘lda uchragan qo‘shnisiga «Chet elga ketyapman», deganini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan mayor Soliev joyiga qaytib o‘tirdi-da, «nima qilamiz?» degan savol nazari bilan Zohidga tikildi. Zohid bunday bo‘lishini kutmagan, chunki Sanginaning xatti-harakati unda shubha uyg‘otmagan edi.

  • Bizdan qochadigan darajada ko‘p narsa bilarkanmi? — dedi Zohid past ovozda, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirganday.

  • U qotillikdan balki bexabardir. Lekin beixtiyor holda qotillar yo‘lini ko‘rsatib qo‘yishi ham mumkin bo‘lgan. Komilovni bu uyga kim joylashtirgan? Shu odamni topish kerak.

  • O‘rinbosar-chi? — Zohid shunday deb telefon go‘shagini ko‘tarib, raqam terdi. — Balki uni ham...

Boshliq Zohidning ovozini tanib, quyuq hol-ahvol so‘radi. Keyin xuddi Zohidning maqsadini bilganday, qo‘shib qo‘ydi:

  • Tojimullaevning sal toblari yo‘q shekilli. Kecha telefon qilib, uzrlarini aytuvdilar. Bugun ham ko‘rinmadilar. Uylaridan so‘rab ko‘raymi?

  • Ha. Iloji bo‘lsa, bir kelib ketsinlar, — Zohid shunday deb go‘shakni joyiga qo‘ydi.

  • Uyiga borish kerak, — dedi Soliev.

  • Hozir, bilaylik-chi? Rostdan tobi qochganmi yo ayyor kasalmikin?

  • Kasal bo‘lsa mayli-ya, u ham «chet elga» jo‘nab qolmaganmikin?

Shu payt telefon jiringlab, ularning tusmolli suhbatlarini uzdi. Telefon go‘shagidan Boshliqning xavotirli ovozi eshitildi:

  • Uyda yo‘q, kecha «safarga ketdim», deb chiqqan ekan.

  • Hozir yetib boramiz. — Zohid go‘shakni joyiga qo‘ydiyu Solievga savol nazari bilan qaradi.

Sarosimaga tushgan Boshliq xonasiga sig‘may, ularni ko‘chada betoqat bo‘lib kutardi. U salom-alikni ham unutib, yangi xabar bilan qarshiladi:

  • Kecha ertalab ishga kelganini farrosh ko‘rgan ekan. Unga ham safarga ketyapman, debdi.

O‘rinbosarning qabulxonasida yoshi yetmishlarga borib qolgan ozg‘in kampir o‘tirgan edi. Soliev uning yonidagi bo‘sh stulga o‘tirdi. Zohid deraza tomonga o‘tdi.

  • Tojimullaevni soat nechalarda ko‘rdingiz?

  • Sekkiz bulmag‘on edi. Min ubirat etib yurg‘on edim. Kelib, Ani, chiqib turing‘iz, dedilar. Chiqib turdim.

  • Menga soat yetti yarimda qo‘ng‘iroq qilib, tobim yo‘q, devdi...

Soliev Boshliqning luqmasiga e’tibor bermay farrosh bilan suhbatini davom ettirdi:

  • Ko‘rinishi qanday edi?

  • Normalniy edi.

  • Bir narsadan jahli chiqqani sezilmadimi yo shoshib turganmidi? Kampir biroz o‘ylandi.

  • Nemnojko nervnichat etti. Minga «Salom, Ani», dedi, i vsyo. A to, yaxshi surashar edi. Zdrovyamni, semyamni surar edi.

  • Ichkarida nima qildi? Masalan, temir javonni ochib-yopgani sizga eshitilmadimi?

  • Yo‘q, hich narsa ishitmadim. No‘, chig‘ib ketg‘onlaridan sungra qarasam, seyfda kluchlari turibdi. Min udivlyatsya ettim. Kluchni olib, ustollariga spryatat ettim.

  • Qaerga, ko‘rsating.

Kampir turib, yozuv ustoliga aylanib o‘tib, pastdagi tortmaga qo‘l yubormoqchi bo‘lganida, mayor uni to‘xtatdi:

  • Ani, bo‘ldi, qo‘l urmang. Tojimullaev qaysi shaharga ketayotganini aytmadimi?

  • Vrode Buxara dedi.

Mayor Soliev Zohidga savol nazari bilan qaradi. Zohid uning nima demoqchi bo‘lganini anglab, Boshliqqa imlab qo‘yib, qabulxonaga chiqdi-da:

  • Telefoningizdan foydalansam maylimi? — deb so‘radi.

Sarosimasi bosilmagan Boshliqqa bu iltimos ulug‘ bir lutf bo‘lib tuyulib, xona eshigini ochib, biroz ta’zim qilgan holda «marhamat», dedi. Zohid, eshik ohistagina yopilgach, telefon go‘shagini ko‘tardi. Avval ekspertiza xizmatini chaqirdi. Keyin Hamdam Tolipovni topdi-da, aeroportga borib, Tojimullaevning qay tomonga uchganini aniqlashni topshirdi. O‘rinbosarning xonasiga qaytganida Soliev farroshni hamon savolga tutardi:

  • Tojimullaev qanaqa mashinada keldi, ko‘rmadingizmi?

  • Vrode taksida keldi, — farrosh shunday deb, «adashmadimmi?» deganday boshlig‘iga qarab qo‘ydi.

  • Xizmat mashinasini qisqartirganmiz. Taksida kelgan bo‘lishi mumkin, — dedi boshliq, aniqlik kiritib.

Soliev kampirni boshqa savolga tutmadi. Unga ijozat ham bermadi. Ekspertlar yetib kelishgach, kampir bilan boshliqning guvohligida temir javon ochildi. Ustolning tortmalari tintib ko‘rildi. Biron-bir ashyoviy dalil topilmagach, Tojimullaevning uyiga yo‘l olishdi.
Dang‘illama qilib solingan imorat ichi qashshoq ko‘rinishda edi. Parket pollardagi, devorlardagi izlarga qarab, uzoq vaqt gilam to‘shalgan, osilgan ekanini payqash qiyin emasdi. Devorni enlab turgan xorij javonining tokchalari ham g‘aribgina ko‘rinishda. Garchi chang-chung artilgan bo‘lsa-da, bu tokchalarda nimalar turganini aniqlash ekspert uchun cho‘t emasdi. Solievni hozir bu narsalar qiziqtirmas edi. Shu sababli ularni ishga solmadi. Tojimullaevning xotini avvaliga o‘zini go‘llikka soldi. «Qaydam, bilmayman, qayoqqa ketayotganlarini menga aytmadilar», dedi. Zohid Tojimullaev xavfli o‘yinga aralashib qolganini, hayoti xavf ostida ekanini aytgach, yig‘lamsirab turib:

  • Buxorodalar, — dedi. — Bugun telefon qildilar. Xavotir olma, dedilar.

  • Qaerda turishlari ma’lummi?

  • Ha, xolavachchalarinikida.

  • Manzilini ayting.

Zohid ayol aytgan manzilni tez-tez yozib oldi-da, telefon turgan xonaga o‘tdi. Yarim soat o‘tmay, telefon jiringlab, Tojimullaev topilgani ma’lum qilingach, ular idoraga qaytishdi.

  • Tez topilganiga hayron bo‘lyapman, — dedi Zohid, yo‘lda bora turib.

  • Tojimullaev soddamug‘ambirga o‘xshaydi. U ishdan ishkal chiqishidan qo‘rqmagan. Uni cho‘chitishgan bo‘lishlari mumkin.

  • Kim, Komilovni o‘ldirganlarmi?

  • Balki.

  • Uning qotillikka aralashganiga ishongim kelmaydi.

  • Bevosita aralashmagandir. Lekin u bizga Komilov yashagan uyni ko‘rsatib berib nodonlik qildi. Har holda u bizdan qochmagan. Qidirib, topib, qo‘lga olishimizni o‘zi istagan. Bizdan qochganda farroshga «Buxoroga ketyapman», demas edi.

  • O‘zining soyasidan ham cho‘chiydigan odamga o‘xshaydi. Birinchi kelishidayoq to‘rvaxaltasini shaylab olgan ekan.

  • Shunaqa odamlarni jinim suymaydi. Sichqonga o‘xshab yashashning nima qizig‘i bor. Sichqonni hech kuzatganmisan? Nonni bir cho‘qilaydi, o‘n marta atrofiga qarab oladi. Bir qop bug‘doyni tashib ketadi indamasang. Holbuki unga bir chelagi ham yetib ortadi.

Lekin u tashiyveradi, tashiyveradi. Oxiri qopda bir dona bug‘doy qolganida qopqonga tushadi. Endi tasavvur qilib ko‘r: bir qopda million don bormi? Demak, million marta qopqonga tushishdan qo‘rqib yashagan. Tojimullaeving ham shunaqa. O‘g‘ri bo‘l, mard bo‘l-da! Xudo yurakdan bermagan ekan, tinchgina, oziga shukr qilib, maoshingga yashayvermaysanmi?

  • Yurak-ku, yo‘q, ammo ko‘z och-da.

  • Odamning ko‘zi tuproq bilan to‘yadi. Ungacha «ber, ber», deyaveradi. Mahmadona faylasuflaring jinoyat haqida gapirsa, «siyosiy-ijtimoiy ildizlar» deb miyani achitadi. Hech qanaqa ildiz yo‘q. Hamma balo ko‘zda. Nazar to‘q bo‘lsa, hasad ham, ig‘vo ham, ta’qib ham bo‘lmaydi. Kecha mahallamizda bir chol gapirib qoldi: ko‘z zinosi ham bo‘larkan.

  • Bu nima degani ekan?

Soliev «rostdan bilmaysanmi?» degan ma’noda ajablanib qarab qo‘ydi.

  • Zino — buzuqlikmi, harom yo‘l bilan to‘shakka yotishmi? Agar bir pokiza ayolga shunday yomon fikr bilan qarab qo‘ysang, ko‘z zinosi bo‘larkan. Buning gunohi harom to‘shakda yotganning gunohidan kam bo‘lmas ekan.

Zohid bu gapni eshitib, kulimsirab qo‘ydi:

  • Ko‘chada ko‘zimizni yumib yurarkanmiz-da endi?

  • Tojimullaev bilan taksoparkdagilarning xizmati bir, — dedi Soliev, uning haziliga

e’tibor bermay. — Ular kimgadir xolis xizmat qilishgan. Taksoparkdan mashina so‘rashgan, ular yo‘q, deya olishmagan. Tojimullaev esa «ishlayapti», deb rasmiylashtirib qo‘ygan. Hozir birov bilan birovning ishi yo‘q. Komilov qamoqdan chiqqan mahallarda bu masalaga qattiq turilardi. O‘g‘rimi, chayqovchimi, bir idoraga ilinib olardi. Endi Tojimullaeving ikki tig‘ orasida tipirchilab qoldi. Bir biqiniga biz tirab turibmiz, ikkinchisiga ular. Komilov yashagan uyni ko‘rsatgani uchun ular Tojimullaevni siquvga olishgan bo‘lsa, u bechoraning yuragi chiqib ketgan.

  • Ularning o‘rnida men bo‘lganimda Tojimullaevga tuhmat qilardim. Komilovning qon tekkan kiyimini uyiga tashlab qo‘yardim.

  • Bunaqa ashulalar eskirib qolgan. O‘qib yurganingda bir gap aytganman, esingdami?

  • Soliev eslab ko‘rsin, degan maqsadda sukut saqladi.

  • Siz menga ko‘p gaplarni aytgansiz. Soliev miyig‘ida kuldi:

  • Qaysi biri esingda?

  • Daraxt ko‘chada o‘sgani bilan ildizi ko‘rkam imoratlarning tagiga qarab ketgan bo‘ladi, devdingiz. O‘zingizning esingizdami bu gap?

Soliev picha o‘ylanib, bu savol qopqonidan hazil bilan qutulmoqchi bo‘ldi:

  • Bunaqa aqlli gaplarni ko‘p aytganman. Men hozir sendan boshqa narsani so‘ramoqchi edim: senlar oliy ma’lumot olaman, deb besh yil kitob titasanlar. Kitoblarda o‘tgan gaplar yoziladi. Jinoyatchi kitobga tushgan yo‘ldan yurmaydi sira. Bu yo‘lda tez fosh bo‘lishini biladi. U bizdan oldinroqda yuradi. Bizning aqlimiz ham, texnikamiz ham ularning izidan boradi. Usta shaxmatchi raqibining hech bo‘lmasa uch-to‘rt yurishini oldindan bilib turadi. Senga o‘xshaganlar tamom bo‘lgan o‘yinni o‘rganib yuraverasanlar.

  • Usta shaxmatchilar ilgarigi o‘yinlarning yurishlaridan ham foydalanishadi. Odam eski ashulani ham ba’zan sog‘inib qoladi.

  • Harholda bizning sohada eski ashuladan qo‘rqish kerak. O‘tgan o‘yindagi yurishdan foydalanib, sira kutilmagan, motga olib boradigan zarbaga uchraysan. Chunki sen raqibingning usulini yod olgansan. U buni biladi. Sen «ha, o‘zimiz bilgan yurishda», deb xotirjam bo‘lasan. Shunda u bir zarb beradiki, o‘nglanib ololmaysan.

Ular yo‘l-yo‘lakay o‘zlaricha falsafa so‘qib borishardi. Soliev bir jihatdan haq edi. G‘anim tomon besh-olti yil kitob titmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, erkin fikrlaydi, erkin yurish qiladi, kutilmagan zarba beradi. Solievlarni qiynaydigan yana bir tomoni bor: har qanday polvon kurashga tushganda avvalo o‘z kuchiga ishonadi. Ammo uni «ha barakalla», deguvchi rag‘batchisi, homiysi ham bo‘ladi. Solievlarning homiylari, shubhasiz, shinam xonalarda o‘tirishadi, ularni alqashadi, nishonlar, mukofotlar berishadi, biroq, zimdan raqib tomonga ham xizmat qilishadi. Ulardan qo‘rqishadimi yo ulushlarini olib turishadimi, harholda Solievlarning nozik tomonlarini ularga bildirib qo‘yishadi. Solievga bu yaxshi ma’lum. Shu bois biron jinoyat iziga tushganida daraxtning ildizi qaysi imorat ostida ekan, deb o‘ylaydi. Necha marta ildizni topdi, ammo qirqa olmadi — yo‘l qo‘yishmadi. «Sen daraxt kesuvchisan, ildiz kemiruvchi emassan», deyishadi. Zohid bu o‘yinlarni zohiran biladi. Eshitgan, lekin bu savdolar hali boshiga tushmagan. U ildizga yetib borishiga, bolta urishiga ishonadi. Noumid — shayton, yosh ko‘ngil shu umid bilan yashayversin. Yoshlik — asli umid deb atalgan, afsuski, qumdan yasalgan bir imorat. Uni shamol osongina to‘zitadi, yomg‘ir yuvib ketadi...

2


Buxorodagi qarindoshlarinikida konyak ichib o‘tirgan Tojimullaev uch soat deganda o‘zini katta shaharning jinoyat qidiruv bo‘limida ko‘rdi. Qarindoshlarinikiga milisalar kirib


kelishganida «xayriyat» deb qo‘ydi. Ayni choqda, yuragiga g‘ulg‘ula tushib, g‘oyibdan
«endi tamom bo‘lding», degan ovoz eshitganday bo‘ldi. Tug‘ilgan odam qachondir o‘lishini bilgandek, u bir kunmas-bir kun qamalishi aniqligini bilardi. U faqat bir narsadan

  • ne azoblar bilan, misqollab to‘plagan boyligining bir kechada uchib ketishidangina cho‘chirdi. Boyligini balki boshqalar harom der. Ammo u uchun har bir tiyin halol, mehnati bilan topgan. Axir shu yillar ichi u nechta boshliq ko‘rdi? Hammasining tomog‘i teshik edi. Yeb to‘ymasdi. Cho‘ntagini qappaytirib, yana yuqori amallarga ko‘tarilib ketaverardi. U esa mehribon enagaday tirjayib, joyida qolaverardi. Boshliq izidan kelganiga «bu zo‘r odam, ehtiyot qiling», deb ketardi. Lekin biron odam «mening o‘rnimga boshliq bo‘lib qolsin», demasdi. Nomi «o‘rinbosar», biroq, o‘rnini bosa olmadi, ega bo‘la olmadi.

Kurortdagi ayshini uzib, uyiga qaytishi bilan boyliklarini yashirishga kirishdi. U hali nima gap bo‘lganini bilmas edi. Boshlig‘i bilan gaplashishga ham ulgurmadi. Ammo ko‘ngli sezdi. Bir balo bo‘lmasa uni chaqirtirishmas edi. Uyni-ku, amalladi. Nazarida, orqasidan kimdir kuzatib turganday bo‘laverdi. Oxiri jur’at etdi. O‘z ko‘nglida tulkilik qildi. «Ozgina aqcha»ni shu shaharning o‘ziga, ishonchli yerga qo‘ydi-yu, Buxoroga uchdi. Agar gumon qilishsa boylikni Buxorodan qidiraverishadi. Uyida birov daxl qiladigan narsa yo‘q hisob. Uy xotinining nomida, mashina qaynonasining... hammasiga ishonch qog‘ozi bor. Ba’zan kal peshonasini silab o‘ylab qoladi, o‘ylay-o‘ylay, dunyoning o‘zi omonat bo‘lganidan keyin topgan mol-mulk boqiy qolarmidi, degan qarorga kelib, o‘ziga taskin beradi.
Misqollab yig‘ib-terganlarining birovlar nomiga zikr etilishi unga ham alam qiladi, ham qo‘rqadi. Ayniqsa mashinadan. Qaynonasi anchadan beri ana ketdi, mana ketdi, bo‘lib yotibdi. Kampirning peshonasida birgina o‘g‘il. Agar kampir omonatini topshirsa, o‘g‘il, ya’ni uning qayin inisi merosxo‘r sifatida mashinaga ega chiqishi hech gapmas.
Tojimullaev uning sulloh ko‘zlarini yoqtirmaydi. Yoqtirmasligini xotinidan yashirmaydi. Shu tufayli er-xotin ko‘p san-manga borishgan. Tojimullaev hammasidan ham qaynisining ovqat yeyishiga toqat qilolmaydi. «Ukang buldozerga o‘xshab birpasda laganni tekislab tashlaydi», deb ming‘illaydi. O‘zi buvisining «ko‘p ovqat yesang, ichaging yorilib ketadi», degan gapiga ishonib, kamovqat bo‘lgan. Buvisi qizg‘anganidan emas, yo‘qchilikdan shu gapni to‘qib chiqargan edi. Mo‘l-ko‘lchilik damlariga yetib kelganida, shubhasiz, «men hazillashgan edim», deb gapini qaytarib olarmidi... Nachora, buvisi ko‘p ovqat ichakni yorib yuborajagiga ishontirib ketdi. Tojimullaev esa beqiyos baxil bo‘lib qoldi. O‘g‘lini uylantirgach, kelinning ovqat yeyishini ko‘rib, yuragi zil ketdi. «O‘zi chigirtkadek bo‘lsa ham balo ekan», deb qo‘ydi. Aksiga olib, kelin tansiq mevalarga boshi qorong‘i bo‘lsami?! Tojimullaevning nazarida butun dunyo qorong‘u bo‘lib ketdi. Nazarida kelini ko‘zi yorigunga qadar bor mol-mulkini yeb bitiradiganday edi.
Buvisi «ko‘p ovqat ichakni yoradi», deganida balki haromdan topilgan ovqatni nazarda tutgandir? Tojimullaev ikki yigit o‘rtasida samolyotga chiqib o‘tirgach, birdan shuni o‘yladi. Samolyotning dumaloq derazasi yonidan joy olgach, yigitlardan biri uning o‘ng qo‘lini o‘rindiq suyanchig‘iga kishanlab qo‘ydi. Kishan zulfining «shirq» etishi jonini olganday bo‘ldi. Xayoli to‘zib ketdi. Hozirgina bayon etilgan gaplar ana shundan keyin xotirasidan o‘tdi.
Mayor Soliev uni sichqonga o‘xshatdi. Bu ham to‘g‘ri. Ammo keyingi kunlardagi ishi tulkining qilig‘ini eslatardi. Tulki o‘ljasini yashirib, ustiga qumalog‘ini tashlab qo‘yarkan. Boshqa hayvonlar hid olib kelib, qumaloqni ko‘rib qaytib ketaverarkan. Tojimullaev-ku, tulkidir, ammo boylik qidirilguday bo‘lsa, izlaydiganlar nodon hayvonday izlariga qaytishmas? Tojimullaev bu izlovchilarni chalg‘itish uchun xayolidagi gapini puxta qilib olgan edi. U Zohid bilan suhbat qurishni mo‘ljallagan edi. «Yosh yigitni ko‘ndirish
osonroq», deb o‘ylovdi. Solievga duch keldiyu ish pachavaligini angladi.
«— Nimaga qochdingiz?

  • Meni o‘g‘irlamoqchi bo‘lishdi.

  • Kim?

  • Mafiya bo‘lsa kerak.

  • Qanaqa mafiya?

  • Buni sizlar bilsangiz kerak?»

Nazarida suhbat shu tarzda boshlanishi lozim edi. Biroq o‘zini mayor Soliev deb tanishtirgan odam, indamay, unga qattiq tikilib o‘tiraverdi. «Gipnozchimi, nima balo?» deb o‘yladi Tojimullaev. So‘ng avrab tashlamasin, degan tashvishda o‘ylab qo‘ygan gaplarini ayta boshladi:

  • Bu ukamiz hech qayoqqa ketmang, devdilar. Lekin men qo‘rqdim. Qo‘rqitishdi. O‘ldirib ketamiz, deyishdi.

Soliev indamadi. «Kim, deb so‘rasa o‘ladimi», deb o‘yladi Tojimullaev.

  • Telefon qilishdi. Uyimga xat tashlab ketishdi.

U shunday deb yon cho‘ntagidan to‘rt buklangan qog‘oz chiqardi. Katak daftarning bir varag‘iga kalla suyagining surati chizilgan edi.
Soliev qog‘ozni olib bir nazar tashladi-da, Zohidga uzatdi:

  • Ekspertizaga, — dedi buyruq ohangida.

  • Qo‘lqopda chizgan bo‘lishi mumkin, — dedi Tojimullaev.

U prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv bo‘limining inspektori orasidagi farqni bilmas edi. Shu sababli mayorni shu idoraning ulug‘laridan deb bilib, unga umid ko‘zi bilan qaradi. Uning bu ko‘z qarashi shu tobda pichoq qayrayotgan qassobga qarab turgan qo‘zichoqni eslatardi. Qo‘zichoqning bunday qarashi, mungli ma’rashi qassobni yo‘ldan qaytarolmagani kabi, jinoyatchining bunday mo‘ltirashi Solievni chalg‘ita olmas edi. U Tojimullaevdan qahrli nigohini uzmagan holda yana bir oz jim o‘tirdi. So‘ng, Tojimullaev o‘zi kutmagan savolni eshitdi:

  • Komilovni ishga kim joylashtirgan?

Tojimullaev gangib qoldi. Chunki u «Sizni kim qo‘rqitgan bo‘lishi mumkin» degan savolga javob tayyorlab o‘tirgan edi.

  • Bilmadim... aniqrog‘i... bu ukamizga aytganman. Oldingi boshliq... arizaga sarxat yozib berganlar...

  • Qamalib chiqqan bolani kim ishga kirityapti, deb qiziqmaganmisiz?

  • Endi... biz kichkina odammiz.

  • Siz aybingizni bilasizmi?

  • Aybimmi? Ishga rasmiylashtirib qo‘yganimmi?.. Vaqtida bo‘shatmadim...

  • Yo‘q, siz Komilovni oxirgi marta ko‘rgan odamsiz. Uning o‘limida sizni ham ayblashimiz mumkin.

Qo‘zichoq yerga yiqilib, oyoqlari bog‘landi. Bo‘g‘ziga pichoq tortilishi aniq bo‘lib qoldi. Ma’sum qarash foyda bermadi. U endi tipirchilab, arqonga chap bermay, qutulib, qochish payiga tushdi.

  • Men... Men... nima deyapsiz? Men... yo‘q edim-ku?..

  • Samolyotda to‘rt soatli yo‘l, — dedi Soliev sovuq ohangda.

  • Kelib-ketish ham shart emas. Bu yoqda sheriklar bor-ku? — dedi Zohid, go‘yo unga e’tiroz bildirganday.

  • Xudo... Xudo xayringlarni bersin. O‘g‘ri deng, poraxo‘r deng, lekin bunaqa demang. Xudodan qo‘rqaman.

  • Xudodan qo‘rqqan odam birovning haqini yeydimi?

  • Gunohkor bandamiz... adashamiz... tirikchilik...

  • Sheriklaringiz?

  • Jon aka, meni qiynamang, — Tojimullaev shunday deb yig‘lamsiradi. — Otsangiz oting, lekin menga bunaqa ayb qo‘ymang.

  • Komilovni kim ishga joylagan?

  • Bilmayman.

  • U tez-tez kelib turarmidi?

  • Yo‘q. O‘n yilcha ko‘rinmadi.

  • Qaerda ekan?

  • So‘raganimda, Sibirda edim, devdi.

  • U yerdan nima olib keldi?

  • Men bitta telpak bilan...

  • Qum-chi?

  • Qanaqa qum?

  • Tilla qum.

  • Sibirda qum nima qiladi?

  • To‘g‘risini aytasizmi?

  • Yolg‘on gapirsam, til tortmay o‘lay.

  • Sizga qasam ta’sir qilmaydi. Tilla qumni nima qildingiz, to‘g‘risini ayting. Seyfingizning kaliti faqat o‘zingizda turadimi?

  • Ha.

  • Qani? — Soliev shunday deb qo‘l uzatdi.

  • Yo‘qotib qo‘yibman.

Soliev ustol tortmasidan kalit olib ko‘rsatdi:

  • Shumi?

  • Ha.

  • Seyfni ochib tekshirdik. Ekspertiza tilla qum donalarini topdi. Bunga nima deysiz?

  • Yo‘q... bilmayman... men undan bitta telpak...

  • O‘rningizdan turing. Sizga ruxsat. Uyingizga boravering. Kerak bo‘lsangiz chaqiramiz. Jon talvasasidagi qo‘zichoq bo‘g‘ziga pichoq tortilmay, oyoqlari arqon hukmidan ozod etilgach, ajablangan holda, bir necha nafas qimir etmay yotadi. So‘ng irg‘ib turib, nari qochadi. Tojimullaev qo‘zichoq emas, darrov turmaydi, qochmaydi. O‘sha qo‘zichoq nigohi bilan qarab o‘tiraveradi.

  • Sizga ruxsat deyapman, ketavering.

  • Uygami?

  • Xohlasangiz, uyingizga boring, xohlasangiz, ishingizga.

Tojimullaev bu gapga ishonqiramay o‘rnidan turdi. Ostonaga yetganida «to‘xtang, qayting», degan zardali buyruq kutdi. Dahlizda yurib borayotganida ham, zinalarni bir- bir bosib uchinchi qavatdan tushayotganida ham, hatto ko‘chaga chiqqanida ham orqadan birov kelib yelkasini ushlashini, «qayting», deyishini kutdi. U o‘zicha rejalar tuzganida bunaqa savol-javobni, muomalani, xotimani kutmagan edi. Milisalar haqidagi kinolarda bunga o‘xshash voqeani sira ko‘rmagan edi. Qamab qo‘yishlariga, so‘roq paytida hatto urib-tepishlariga ishonchi komil edi, ammo bunday oson qutulaman, deb o‘ylamovdi. Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin...
Tojimullaev chiqib ketishi bilan Zohid mayorga ajablanib qaradi. Boyatdan beri qahr niqobida o‘tirgan Soliev kulimsiradi.

  • Orqasidan odam qo‘yamiz. Agar chindan ham qo‘rqitishgan bo‘lsa, bugun-erta uni yo‘qotishadi. Nazarimda, o‘zining bahosini sal oshirvorgan. Anavi rasm ham o‘zining ijodi bo‘lishi kerak. Sezdingmi, u kirib kelganida xotirjam edi. Chunki biz u chizgan chiziqdan borayotuvdik. Men chiziqlarini chalkashtirib yubordim. Buni bir-ikki kun kuzatib o‘z

holiga qo‘y. shug‘ullanaversin. Bizga Sangina kerak.

  • Izini quritishgan bo‘lsa-chi?

Soliev barmoqlari bilan stolni chertib qo‘ydi.

  • Bo‘lishi mumkin. Ertaga Sanginaning, indinga ikkita noma’lum kavkazlikning o‘ligini topishimiz ham mumkin.

  • U holda bu aniq bir to‘daning ishi bo‘lib chiqadi.

  • Mening boshimni shu narsa qotiryapti. Bu bitta to‘da ichidagi gapmi yo to‘dalar orasidagi fitnaning boshlanishimi? Bitta to‘da ichida bo‘lsa boylikni topmay qo‘yishmasdi.

  • Boshqa gunohi uchun jazolashgan bo‘lishsa-chi?

  • Bunaqa namoyishkorona osib qo‘yishlariga hayronman.

  • Unda to‘dalar orasidagi fitnami?

  • Fitnaning boshlanishiga picha fursat bor, nazarimda. To‘dalar hozir bizdan oz bo‘lsa- da, cho‘chishadi. Hali hamma kavaklarga kirib ulgurishgani yo‘q. Bizdan qo‘rqmay qo‘yishgach, bir-birlari bilan olishishni boshlashadi. Hozircha, oralarida pinhona adovat bor. Oshkora urush yaqin orada boshlanmasa kerak. Hozir boshlansa, bizga osonroq bo‘lardi, payini qirqardik. Erta-indin qo‘limiz kaltalik qiladi. Kissavurlarni eplasak ham katta gap bo‘lib qoladi.

  • Vahimachi bo‘lib boryapsiz, aka, — dedi Zohid kulimsirab. Mayor bosh chayqab, bir oz sukut qildi.

  • O‘lmasak ko‘rarmiz. Katta-kichik idora rahbarlarining jilovi shularning qo‘liga o‘tadi. Ana o‘shanda tomoshalarini ko‘raverasan.



3


Zohid Sharipov shom qorong‘isida uyiga qaytdi. To‘qqiz qavatli beton uyning ikkinchi yo‘lagi og‘zida xotinini ko‘rib, ajablandi.



  • Fotima? Nima qilib turibsan?

  • Voy, qayoqlarda yurasiz-a, — Fotima shunday deb erini quchoqladi-da, yig‘lab yubordi. U qalt-qalt titrardi. Zohidning yuragi g‘ashlanib, uning yelkasidan mahkam ushladi:

  • Nima bo‘ldi? Abduvohid qani?

  • Vohidjon qo‘shnilarnikida, sizni kutaverib sovqotib ketdik.

  • Nima bo‘ldi?

  • Uyga kelsak... dahlizda ikkita kishi yotibdi. Yuragim chiqib ketdi.

Xotinining «ikkita kishi yotibdi», deyishi Zohidga daf’atan mayorning «indinga ikkita kavkazlikning o‘ligini topishimiz mumkin» degan gapini yodiga soldi.

  • Qanaqa kishi? — dedi u shoshilib, — kavkazliklarmi?

  • Qayoqdan bilay, qo‘l-oyoqlari bog‘lab tashlangan, basharasiga qarabmanmi, yuragim yorilib, qochib chiqqanimni bilaman.

Zohid xotinini chetga surib yubormoqchi edi, Fotima uni mahkam ushladi:

  • Yo‘q, kirmaysiz, qo‘rqaman, — dedi yig‘idan to‘xtamay.

Zohid unga «ko‘chada diydirab turaveramizmi?» deganday qaradi-da, yo‘lka sari qadam qo‘ydi. Xotini uni orqaga tortdi.

  • Sen Abduvohidning oldiga kir. Men telefon qilaman. — Zohid shunday deb birinchi qavatdagi qo‘shnisinikiga kirdi. Mayor Soliev hali uyiga ketmagan ekan. Zohidning gapini eshitib, qisqagina buyruq berdi:

  • Ichkari kirma. Ikkita odam — o‘sha kavkazliklar bo‘lishi mumkin.

Soliev it yetaklagan milisa yigit, suratchi, ekspertlarni boshlab kelgunicha oradan yarim soat vaqt o‘tdi. Bu vaqt ichida Zohid xayolan turli-tuman boshi berk ko‘chalarga kirib
chiqdi. «Agar ular Komilovni o‘ldirgan kavkazliklar bo‘lsa, menikiga nima uchun tashlashadi. Ularni o‘ldirib tashlashganmi yo tirikmi?»
Mayor Soliev Zohiddan uyning kalitini oldi-yu, to‘qqizinchi qavatga chiqqach, yon qo‘shnilarni chaqirib, eshikni ochdi. Dahlizda qo‘l-oyoqlari chandib bog‘langan, og‘ziga yelimli tasma yopishtirilgan, yoshi o‘ttizlardan oshgan ikki odam yotardi. Ostonada turgan Zohid ularni bir qarashda tanidi: hamqishloqlari. Yanada aniq aytilsa, o‘sha mash’um kechada mushtlashib, akasini o‘ldirib qo‘ygan yigitlar. Zohid ostona hatlamoqchi edi, Soliev uni to‘xtatdi:

  • Sen kirmay tur.

  • Bularni taniyman.

  • Tanisang ham kirmay tur. — Soliev shunday deb engashdi-da, yigitlarning bosh tomonidan bir varaq qog‘oz olib, o‘qidi: — «Erkak bo‘lsang — qasos ol!» Bu xat senga atalgan shekilli?

Zohid voqeaga tushunganday bo‘lib, ikki qadam tislandi. Milisa ichkari kirib, itiga is oldirdi. It liftga qadar keldi, so‘ng dumini likillatib turaverdi. Barmoq izlarini olish ham samara bermadi. Soliev shunday bo‘lishini oldindan bilsa ham rasmiyatchilik uchun ularni boshlab kelgan edi. U Zohidning uyida Komilovni o‘ldirganlarning murdasi yotibdi, deb qattiq ishongan, shogirdi bir baloga giriftor bo‘lmasligi uchun ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygan edi.
Soliev boshlab kelgan mutaxassislar qaytib, qo‘shnilar ham uylariga chiqib ketishgach, Zohid ichkariga kirdi. Mehmonxonada o‘tirgan akasining qotillari uni ko‘rib beixtiyor o‘rinlaridan turishdi. O‘sha voqeadan keyin Zohid ularni ko‘cha-ko‘yda uchratib qolsa ham salomlashmas edi. Ha, uning ko‘nglida qasos umidi bor edi. Ammo qotillarni o‘ldirish xayoliga ham kelmasdi. Undagi qasos o‘ti haqiqat uchun jon olib, jon berishga undardi.

  • Zohid, biz tavba qilganmiz. Ota-onang bizni kechirishgan... — dedi qaddi tikroq yigit.

  • Sizlarni kim olib keldi? — deb so‘radi Zohid, uning gapiga e’tibor bermay.

  • Tanimaymiz. Men ishda edim. Ikkita yigit bordi. Gap bor, deb ko‘chaga olib chiqishdi. Keyin qornimga bir mushtlab, moshinaga tiqishdi. Eshmo‘minni uyidan chaqirib chiqishibdi.

  • Ko‘rinishi qanaqa?

  • Bittasi jingalaksoch, bittasi mallaroq.

  • Mashinalari qanaqa?

  • Oq «Jiguli».

  • Sizlar ketaveringlar.

  • Shu paytda qayoqqa boramiz? Avtobuslar yotib qolgan.

  • Xohlasangiz, mehmonxonaga boring, xohlasangiz, bozorga borib yoting, — dedi Zohid quruq ohangda. U avtobus yo‘qligidan emas, ko‘chaga chiqishga qo‘rqib bahona qilayotganlarini sezdi. Bu yigitlar yarim kechada ham qishloqlariga bora olishlari mumkin edi. Yigitlar Zohidning gapi qat’iy ekanini fahmlab, bir-birlariga qarab oldilar-da, baravariga o‘rinlaridan turdilar.

  • Men gunohlaringdan kechmaganman. O‘lgunimcha ham kechmayman. Ammo sizlardan qasos olmayman. Nomardlardan qasos olib, past ketmayman, xotirjam yashayvering. Agar u dunyo deganlari rost bo‘lsa, akam bilan uchrashganda gapirasizlar gaplaringizni.

Yigitlar boshlarini xam qilib chiqib ketishdi.

  • Nima uchun haydading ularni? — dedi Soliev. — Balki so‘raydigan gaplarim bordir?

  • Nimani so‘raysiz? Bilganlarini aytishdi. Ular akamni o‘ldirishgan. Bittasi qamaldi. Uchtasi qutulib ketdi. Kimdir menga yaxshilik qilmoqchi yoki «biz bilan o‘ynashma», deb

ogohlantirmoqchi. Agar ertaga ularning o‘ligi topilsa, ko‘pchilik mendan gumonsiraydi. Soliev barmoqlari bilan stol ustini chertib, indamay o‘tirgan holda Zohidning so‘zlarini tinglar edi. Zohid voqeani to‘g‘ri talqin qilib, to‘g‘ri xulosa chiqarayotgandi.

  • Siz boshqacharoq fikrdasiz shekilli? — dedi Zohid bir oz qo‘polroq ohangda.

Soliev bu ohangdan og‘ringan bo‘lsa-da, sir boy bermadi. Ustol ustini chertishni bas qilmay, indamay o‘tiraverdi. Zohid shu tobda «bu odam nima uchun bunday o‘tiribdi», deb fikrlashga qodir emas, asablari tushovini uzib, unga bo‘ysunmay qo‘ygan edi. U tirsagini ustolga tirab, boshini changalladi, so‘ng ustolni mushtladi. Soliev shundan keyingina tilga kirdi:

  • Ana endi o‘zingga kelding, — dedi xotirjam ohangda. — Shunaqa paytlarda yorilib turish ham kerak. Uch marta chuqur nafas ol. Barmoqlaringga tikilib tur. Hech nimani o‘ylama. O‘ylama. Uyda o‘zing yolg‘izsan. Hech kim yo‘q... Hech kim kelgani ham yo‘q...

  • Qo‘ysangiz-chi, Maqsud aka, — dedi Zohid o‘rnidan turib.

  • O‘zingni bos. Bunaqa paytda mushtni emas, kallani ishlatish kerak. Xo‘sh, endi o‘yla: bunaqa voqea avval ham bo‘lganmi? Yo‘q. Avval sen kichkina bir bo‘limda inspektor eding. Endi prokuraturada tergovchisan. Avval mayda baliqlarni ovlarding. Endi kattalariga qarmoq tashlayapsan. Birinchi ishingni tuzukroq boshlashga ham ulgurmading. Ikkinchi ishing kimgadir yoqmayapti. Menga bunday qiliq qilishmaydi.

Chunki fe’limni bilishadi. Meni boshqacharoq tarzda ogohlantirishadi yoki qo‘rqitishadi. Komilovning ishini chuqurlashtirish kerakmas. Angladingmi? Biz ochiq ishlayapmiz, boshqa ilojimiz ham yo‘q. Ular ko‘rinmas odamga aylanishgan. Biz ular bilan poygaga chiqqanmiz. Marraga biz avval yetib borsak, niqobni yirtamiz. Haqiqatni ochamiz. Ular yetib olsa, zirhdan niqob yasab, yo‘limizni to‘sishadi. Hozir ular oldinroqda ketishyapti. Ular hamma narsani bilishadi. Hatto sening oilaviy siringgacha ularga ma’lum. Nima deysan?

  • Nima derdim? — Zohid o‘ylagani bilan tayinli javob topa olmadi. — Ko‘zimni chirt yumib, marraga qarab yuguraveraman...




  1. Yüklə 0,58 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin