www.ziyouz.com kutubxonasi
320
biridan ikkita narsani talab qildi. Qalbdan Allohning ishlarini ulug‘lash va Uning
maxluqlariga shafqatli bo‘lish; tildan Allohni har doim zikr qilish va xalqqa xushmuomala
bo‘lish; a’zolarlardan Alloh taologa ibodat qilish va musulmonlarga yordam berish;
xulqdan taqdirga rozi bo‘lish va odamlar bilan yaxshi hayot kechirish”.
833. Sahl ibn Abu Solih Ato ibn Yaziddan, u Tamim Doriydan (r.a.), u
Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. Nabiy: “Ogoh bo‘linglarki, din nasihatdir”,
deb uch marta aytdilar. “Kim uchun, ey Rasululloh?” deyishdi. “Alloh uchun, payg‘ambari
uchun, kitobi uchun, mo‘minlarning imomlari uchun va ularning hammalari uchun”,
deb javob qildilar.
Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a) aytadilar: “Alloh taolo uchun nasihat”, degani
Allohga iymon keltirish, Unga sherik qilmaslik, U buyurgan narsani bajarish,
qaytarganidan qaytish va odamlarni ham shu narsaga chaqirish va ularga uni dalolat
qilishdir. “Payg‘ambar uchun nasihat” – u zotning sunnatlariga amal qilish va odamlarni
unga chaqirish. “Uning kitobi uchun nasihat” esa, Qur’onga iymon keltirish, uni tilovat
qilish, undagi bor narsaga amal qilib, odamlarni ham unga amal qilishga chaqirishdir.
“Imomlar uchun nasihat” degani ularga qilich bilan qarshi chiqmaslik, ularni insof va
adolatga chaqirish, odamlarni ham shunga da’vat qilish degani. “Hamma uchun nasihat”
degani esa, o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘rish, oralarni isloh
qilish, odamlar bilan arazlashmaslik va ularni Islomga chaqirish, deganidir».
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: “Mag‘firatni vojib qiluvchi narsalardan biri musulmon
birodaringiz ko‘ngliga xursandchilik kirg‘izmog‘ingizdir”.
834. Muammar Zuhriydan, u kishi Humayddan, u kishi onasi Ummu Gulsum binti
Uqbadan, u esa Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. Nabiy (s.a.v.): “Yaxshi gap
aytib yoki yaxshi gapni qo‘shib, odamlarning orasini isloh qilgan kishi yolg‘onchi
emasdir”, dedilar.
Odamlar orasini isloh qilish payg‘ambarlik ishidan bir bo‘lakdir. Odamlarning orasini
buzish esa, sehrgarlik ishidan bir parchadir.
835. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Alloh nazdida qiyomat kunida savob jihatidan
odamlarning afzali, Allohga yaqinrog‘i va dunyoda odamlar uchun foydalirog‘i odamlar
orasini isloh qilguvchilardir”.
_________________