www.ziyouz.com kutubxonasi
147
Shu qaytishlarida bir mo’jizalik voqea paydo bo‘ldi. Shundoq erdikim, qalin tikan
daraxtlik bir manzilga kelib tushgan edilar. Yoz mavsumi bo‘lib, kun issig‘i nihoyatiga
yetgan edi. Butun askar soya joy izlashib, daraxtlar tublariga tarqaldilar. Shu orada
payg‘ambarimiz o‘zlari ham yolg‘iz bir daraxt ostida yotib ko‘zlari uyquga ketdi. Bir
qabila mushrik arablar buni payqab turishgan edi. Rasulullohning yolg‘iz yotganlarini
alardin birovi ko‘rdi. G‘avras nomlik raislari alarga aytdikim: «Bundoq ish payti kishiga
kam uchragay, maslahat shul kim, bu fursatni o‘tkazmasdin, yashirincha o‘zim ul joyga
borib, Muhammadni o‘ldirgayman, aning tashvishidan butun xalq qutulg‘ay», deb hech
kimga sezdirmasdin tog‘din tushdi. U o‘rmalab, yashirinib yurib-o‘ltirib, Rasulullohning
ustilariga kelib, qilichini sug‘urgan chog‘da, uyg‘onib qoldilar, qarasalar qilichi yalang bir
kishi chopgali turibdur.
G‘avras:
— Ey Muhammad, endi seni mening qo‘limdan kim qutqaza oladi? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Alloh qutqazgay, — deb uch qayta aytdilar. Darhol qo‘li tutmas bo‘lib, qilichi yerga
tushdi.
Rasululloh darhol qilichini qo‘llariga olib:
— Endi seni kim qutqazgay? — dedilar.
Anda ul:
— Seni fazli-karaming qutqazgay, yo‘q esa boshqa meni qutqazguvchi qolmadi, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Shahodat aytgil, o‘limdan qutulursan, — dedilar.
Anda ul:
— Shul holda shahodat aytsam, o‘limdan qo‘rqib aytgan bo‘lurman, ammo ahd qilib
va’da berurmankim, ikkinchi senga qarshilik qilib, senga qarshi chiqqan qo‘shinga
qo‘shilmagayman, — deb afv so‘radi. Rasululloh aning gunohini o‘tdilar.
So‘ngra ul odam o‘z qabilasi borgach:
— Bu dunyoda eng yaxshi odam oldidan keldim, albatta uning tutgan yo‘li yaxshi bo‘lsa
kerak,— deb ular oldida iymon kalimasini aytib musulmon bo‘ldi. Buni ko‘rib butun
qabilasi ham Islom diniga kirdilar.