www.ziyouz.com kutubxonasi
83
Shuning uchun aytdilar:
— Har dushmanlikning sababi, agar hasaddan boshqa narsa bo‘lsa, undoq dushmanlik
do‘stlikka aylanishi mumkindur. Ammo hasaddin chiqqan dushmanlik bo‘lsa, buning
do‘st bo‘lishi mumkin emasdur. Misoli, otamiz Odam bilan Iblis alayhil la’naning
dushmanligidur. Bu dushmanlik hasad sababidin boshlangani uchun avlodlari orasida
dushmanchilik qiyomatgacha davom etmoqdadur.
Shunga o‘xshash dunyodagi boylar va chog‘oylar (kambag‘allar) o‘rtalarida uzluksiz
dushmanlikning davom etmagi shu hasad qo‘zg‘alishining ayrilmas natijasidur. Bu hasad
o‘tini iymon suvidan boshqa narsa bilan hech qachon o‘chirolmaydilar. Shuning uchun
insoniyat olamining islohiga haqiqiy islomiyatdan o‘zga hech chora yo‘qdur. Bu haqiqat
qachon yuzaga chiqar ekan, uni Alloh bilur. Yana maqsadga kelaylik.
Endi shu yuqoridagi so‘zlardin ma’lum bo‘ldi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
Madinaga kelganlaridan keyin ikki toifadan qattiq qarshilik ko‘rdilar. Birinchisi, Madina
munofiqlari, ikkinchisi, shu yerlik yahudiylar edi. Shu vaqtning sharoitiga qarab,
munofiqlardin til iqrorini qabul qildilar. Shunga o‘xshash yahudlar bilan ahdnoma
tuzdilar. Uning mazmuni bir-birlariga zarar yetkazmaslik, musulmonlarga qarshi
harakatda bo‘lmaslik, Madina ustiga boshqa dushmanlar tarafidan hujum boshlangan
holda musulmonlarning yordamida bo‘lishlik — shu so‘zlar ahdnomada shart qilib
qo‘yilgan edi. Madinaga kelganlariga oradan o‘n uch oy o‘tdi. Shu muddat ichida hech
yerda diniy jihod qilmadilar. Dinga kirgazish qasdida hech bir qabila bilan urushmadilar.
Bu to‘g‘rida Xudo tarafidin ham jihodga izn berilmagan edi. Balki dinga da’vat qilishda
sabr bilan tebranib, tadrijiy ravishda ish olib bormoqqa buyurilgan edi. Ahqof surasida:
«Fasbir kama sabara ulul azmi minar rusuli fala tasta’jil lahum», ya’ni: «O‘tgan ulug‘
payg‘ambarlar sabr qilgandek, ey Muhammad, sen ham sabr qil. Mushriklarga tezdan
azob kelishini tilama», degan mazmundagi oyat shu haqda nozil bo‘ldi. Xudo tarafidan
g‘azot qilishga ruxsat bo‘lgunchalik haqiqatni tushuntirish, bilmaganlarni bildirish yo‘li
bilan xalqni dinga da’vat qildilar. Urush-talashga hech kimni qiziqtirmadilar. Bunga
shoshilgan kishilarni qattiq qaytardilar. Chunki insonning vujudi — Allohning imoratidur.
Buni buzishga Allohning rizoligi yo‘qdur. Haqiqatni yuzaga chiqarishga butun yo‘llar
yopilsa, inson olamining tanasida harom qon to‘lib toshganligidan, umumiy halokatni
yuzaga keltirish qo‘rqinchisi bo‘lsa, buni qaytarishga qon olishdan boshqa chora
topilmasa, ana shu chog‘dagina, Qur’on hukmida, aql oldida jihodga, urushga ruxsat
qilinadi. Chunki inson islohi uchun qo‘llaniladigan choralarning eng oxiri— qilichdur.
Makka mushriklari Rasulullohga qilmagan yomonliklari, ko‘rsatmagan jabr-jafolari
qolmagan edi. Buning ustiga u zotni o‘ldirishga ham qasd qilgan edilar. Oxiri o‘z
vatanlarini tashlab chiqishga majbur qildilar. Endi u dushmanlarning dahshatlik
dardlariga qon chiqarishdan boshqa chora qolmagan edi. Mana shu chog‘da quyidagi
oyatlar Payg‘ambarimizga nozil bo‘lib, urushga izn berildi:
«Vaqotiluv fi sabilillahillaziyna yuqotilunakum vala ta’taduv, innalloha la yuhibbul
mu’tadiyn».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, sizlar bilan urishganlar bilan Xudo yo‘lida urishinglar, ammo
urush ishlarida chekdan tashqari chiqmanglar. Chunki Alloh taolo har ishda haddidan
oshguvchilarni yaxshi ko‘rmaydur».
Kishi qo‘lidan keladigan har bir ishlarda Islom qonuni uni adolat qilishga buyuradi.
Shuning uchun hayot kunlarining eng og‘ir kunlaridan bo‘lgan — so‘qish vaqtlarida ham,
shuni rioya qilmoqqa amr etmishdur. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam aytdilar. «Alloh taolo har ishda bandalaridan ehson qilmoqni istaydi». Bu
hadisdagi ehsonning ma’nosi bir kishi ikkinchi bir kishiga in’om qilish, xayr-ehson berish
ma’nosida emasdur. Balki buning ma’nosi har bir kishi o‘z qilgan ishini, birinchidan,