www.ziyouz.com kutubxonasi
51
yetding», deb duo qildilar. Payg‘ambarimiz ko‘rdilarkim, Ibrohim Halilulloh osmon
farishtalarining Ka’basi — «Baytul Ma’mur»ga suyanib o‘tiribdilar. Baytul Ma’mur binosi
Ka’ba to‘g‘risidagi bir uydirkim, uning haqiqatini Alloh bilur. Yer ustida Ka’bani hojilar
tavof qilganlaridek osmonda farishtalar ani tavof qilurlar. Ul uy yaratilgandin beri,
Payg‘ambarimizning aytishlaricha, har kuni yetmish ming farishta tavof qilib ketgaylar.
Alarning ko‘pligidin, bir qatim tavob qilganlari ikkinchi kelishiga qiyomatgacha navbat
topa olmaydilar. Mana bu joydin ham o‘tib, muborak qadamlari «Sidratul muntaho»ga
yetdi. Payg‘ambarimiz aytishlaricha, bu narsa Allohning azamatlik qudratiga nishona
bo‘lg‘udek, yemishlik ulug‘ bir daraxt ekandur. Payg‘ambarimiz shu daraxt ostiga
kelganlarida, Alloh taolo o‘z habibini hurmatlash uchun ul daraxtga: «Bezangin», deb
buyruq berdi. Shu holda shundoq husni-jamolga kirib, zebu ziynatlik bo‘ldikim, aning
vasfini Allohdin o‘zga hech kimsa qila olmag‘ay. Jabroil alayhissalomning maqomlari shu
joyda edi. So‘ngra bu joydin yuqori raf-raf bilan uruj qilib, ul Holiqi a’zam, Jabbori akram
ulug‘ dargohiga yetdilar. «Qoba Qovsayni av adna» (eng oliy maqom) maqomiga
erishdilar. Endi bu o‘rinda ne sirlar o‘tdi, qandoq hollar ko‘rindi? Mana ulardin og‘iz
ochmoqqa hech kimning haddi sig‘maydur. Bu ishlarga iymon kelturib, taslim bo‘lmoqdin
boshqa haqqimiz yo‘qdur. Alloh taolo shu Me’roj tunida, Payg‘ambarimizga va ham aning
ummatlariga ellik vaqt namoz farz qildi. Qaytishlarida Muso alayhissalom yo‘liqib, «Ey
Muhammad, buni ummatlaring ko‘tarolmaydilar. Qayt, Rabbingdin so‘ragil, buni
yengillatsin», deb u joydin yondirdilar (qaytardilar). Payg‘ambarimiz dargohga kelib,
yengillik talab qilgan edilar, besh namoz tushirildi. Muso alayhissalom yana so‘rog‘il,
tushirsin. ummating bunga ham toqat qilolmaydi, dedilar. Shundoq bo‘lib, necha
qaytadin borib keldilar. Eng oxirida besh namozga qaror topdi. Tangri taolo aytdi:
— Ey Muhammad, bir kecha-kunduzda ummatlaringga besh vaqt namoz qildim. Har
namozga o‘n namoz savobini berdim, u besh vaqt namozni — ellik vaqt namoz o‘rnida
qabul qildim. Ey Muhammad! Ummatlaringdan har kishi bir yaxshi ish qilmoqqa qasd
qilsa, agar uni qila olmasa ham, shu yaxshilik savobini berdim. Agar qasd qilmish
yaxshilikni qilib, bitursa, har biriga o‘n barobar savob yozdirdim. Yomonlik ishni qilishga
niyat qilsalar, ammo uni qilib, yuzaga chiqarmasalar, yomon niyatlari uchun hech gunoh
yozdirmadim. Agar u qilgan yomon niyatlarini amalga oshirsalar, birga-bir gunoh
yozdirdim, — dedi.
So‘ngra Payg‘ambarimiz bu ishlarga rozilik bildirib qaytdilar. Yo‘lda yana Muso
alayhissalom yo‘liqib: «Ey Muhammad, bu besh vaqt namoz ham ummatlaringga
og‘irdur. Bundan ham yengilroq qilish chorasini ko‘rgil», dedilar. Payg‘ambarimiz yana
borishga hayo qilganliklaridan bu ishga jur’at qilmadilar. Qiyomatgacha shu besh vaqt
namoz ummatlariga farz bo‘lib qoldi.
Endi bu ulug‘ safarda Alloh taoloning qudrat-kamoliga hujjat bo‘lgudek ne ishlarni
ko‘rdilarkim, barchalaridin eng ulug‘rog‘i — shu kechada Jabbori A’zamning jamoli
pokiga musharraf bo‘lishlaridur. Bu ersa boshqa hech bir payg‘ambarga berilmagan eng
ulug‘ karomat edi. Shuning uchun Rasulullohga berilgan hisobsiz mo’jizalarning eng
ulug‘rog‘i Me’roj mo’jizasidur. Chunki eng yuqorigi olamdagi jannatni, eng tuban
olamdagi do‘zaxni bu safar sayohatida o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, tamosha qildilar.
Boqinglar, ey mo’minlar, Alloh taolo qudratigakim, shunchalik uzun muddatlik sayri
sayohatlari esa bu cheksiz, tubsiz olamni aylanishlarida ko‘rilgan hisobsiz hodisalarning
tamomi shu kechaning bir qismidagina bo‘lib o‘tdi. Endi biz mo’minlar bu ulug‘ mo’jizaga
iymon keltiramiz va ham ishonamiz. Bayt:
Taslim etamiz qudratiga ul qodiru dono Inkor etadur shumligidan bir nechayi gumroh