QURAYSHDAN BOSHQA QABILALARNI ISLOMGA DA’VAT QILISH Qurayshning Islomga kirishlaridin Payg‘ambarimizning umidlari uzilib, ulardan boshqa
arab qabilalarini dinga da’vat qilmoqchi bo‘ldilar. Makka atroflarida Ukoz, Mijanna,
Zulmajoz degan joylarda har yili bir vaqt bozor mavsumlari bo‘lar edi. Arab qabilalari
atrof-javonibdin yig‘ilishib kelib, shu bozorlarda savdo-sotiq qilishur edilar. Bu joylar
arab shoirlari va xatiblar uchun bir musobaqa maydoni edi. Alarning shoirlari bu o‘rinda
yig‘ilgan ko‘pchilik xalq oldida tayyorlangan she’rlarini o‘qishib, o‘z shoirlik quvvatlarini
sinashur edilar. Ba’zan bir qabila shoiri o‘z qabilasini ortiqcha maqtab, boshqalarni
kamsitganlikdan, nomus talashib, oralari buzilur edi. Shuning natijasida urush boshlanib,
dahshatlik qirg‘inlar bo‘lib, hisobsiz qonlar to‘kilur edi. Haj mavsumidin boshqa kunlari
shu joylarga xalq ko‘p yig‘ilganlikdan Payg‘ambarimiz alarni dinga da’vat qilish qasdida
shu yerlarga keldilar. Har qaysi qabila ustiga kelib:
— Ey bani falon, sizlardin meni taniguvchilar bor bo‘lsa, yoki yo‘q bo‘lsa, bilinglarkim,
Quraysh qabilasidin chiqqan Abdulloh o‘g‘li Muhammaddurman. Alloh taolo meni yer usti
insonlariga Payg‘ambar qilib yubordi. Allohning amri ila, o‘zi xohlagan Islom dinini
sizlarga kelturdim. Bu din esa haq, to‘g‘ri dindur. Ham yorug‘ — yumshoq yo‘ldur. Bu
kundin boshlab, Alloh oldida Islomdin o‘zga hech bir din qabul qilinmas. Alloh taolo o‘zi
endirgan kitob — Qur’on hukmini butun xalqqa yetkuzmak uchun meni vakil qildi. O‘z
qavmim Quraysh qabilasi iymon keltirmay, bu ishga to‘sqinlik qildilar. Endi sizlarni shu
haq dinga da’vat qilgani keldim. Agar aytmish so‘zlarimni inobatga olib, iymon keltirur
bo‘lsangiz, sizlarga ulug‘ saodatdur va ham sizlarning ionat (ko‘mak) va himoyatlaringiz
ostida Rabbimning buyruqlarini barcha bandalariga yetkazur edim, — dedilar.
Bu qabilalardin ba’zilari esa qo‘pollik ila uyatlik so‘zlarni qilishur edi. Shundoq qilib,
Payg‘ambarimiz Islom yo‘lida har qancha aziyat ko‘rib, xorlik tortsalar ham unga sabr
qildilar. Chunki bu haqda:
«Fasbir kama sabara ulul azmi minar-rusuli», ya’ni «Ey Muhammad, o‘tgan ulug‘
payg‘ambarlar sabr qildilar, alardek sen ham sabr qil», degan Allohdin amr kelgan edi.
Lekin o‘tgan payg‘ambarlardin hech birlari bizning Payg‘ambarimizchalik din yo‘lida
ozoru kulfat ko‘rmagan edilar. Ularning har qaysilari o‘z darajalariga loyiq sabr-sabot