www.ziyouz.com kutubxonasi
56
yozmishdir. Har ikki dunyoga yetarlik nasihat so‘z izlagan mo’minlar agar shu oyat
hukmiga amal qilsalar, kifoyadur. Yana maqsadga kelaylik.
Payg‘ambarlik bilan so‘zlashmoqda bo‘lgan Mafruq ibn Amr yuqorigi oyatlarni eshitib,
hayron bo‘lib turdi. So‘ngra: «Ey Muhammad, sening bu o‘qiganlaring yer usti so‘zlariga
o‘xshamaydur. Chunki inson so‘zlarining shevalari bizga ma’lumdur», deb taajjubda
qoldi. Bu kishi shunchalik hidoyatga yaqinlashib kelgan chog‘ida, qabila raislaridin Honi’
ibn Qubaysa nomlik kishi Payg‘ambarimizga qarab: «Ey Quraysh sayyidi, sening bu
so‘zlaringni yaxshi ongladik, biroq buning javobini bu joyda bergani bo‘lmaydi. Chunki
bosh-oyog‘i bilinmagan shu o‘tirishimizda o‘z dinimizni tashlab, sening diningni qabul
qilar bo‘lsak, oldi-orqani o‘ylamagan shoshqin kishilardin hisoblanib qolurmiz» deb so‘zni
to‘xtatdi.
So‘ngra Rasululloh bulardin foyda chiqmasligini bilib, boshqa qabilalarga o‘tdilar.
Qabiladin qabilaga yurib, shundoq der edilar: «Bilinglarki, men Tangri tarafidin
yuborilgan elchidurman, ul meni butun xalqiga haq dinni o‘rgatish uchun yubordi. Aning
tarafidin kechaligi kunduzgidek yorug‘ bir din kelturdim, har kim o‘z ixtiyori ila iymon
keltirur bo‘lsa, qandoq yaxshi saodatdur. Yo‘q esa, mening ilgimda (qo‘limda) hech
qandoq majburiyat yo‘qdur. Ma’lumdurki, elchilar vazifasi keltirmush xabarlarini xalqqa
yetkazishdur. Endi shu xizmatni ado qilgunimcha dushmanlar hujumidin meni saqlar
bo‘lsangiz, Alloh amrini bandalariga yetkazur edim, Xudo tarafidin ustimga yuklangan
shu xizmatni ado qilishimda yordam qilgan bo‘lur edingiz».
Shunchalik ko‘p qabilalardin birortasi ham so‘zlarini qabul qilmadi. Balki, «o‘z qavmini
tuzata olmagan bir kishi boshqalarni nechuk tuzata olsin?» degan so‘zlar bilan ta’na
qildilar. Bu ulug‘ davlatni Alloh taolo ularga nasib qilmadi. Shuning bilan Payg‘ambarimiz
Mino tog‘i ostida Jamratul Aqaba degan joyga keldilar. Bu yerda madinalik Xazraj
qabilasidan bir to‘p kishilar o‘tirishgan edi. Qaysi qabila ekanlarini alardin so‘radilar.
Birovlari turib: «Xazrajdin bo‘lurmiz» dedi. Endi bilmak kerakkim, Madina shahrida
burundin beri makon tutib kelgan ikki urug‘ arab qabilasi bor edi. Birini, Avs, ikkinchisini,
Xazraj, der edilar. Bu ikki qabila aslida bir otadin tug‘ilgan og‘a-inilar bo‘lsalar ham,
bulardin tarqalgan bolalari ikkiga ayrilib, hamisha urush-talash o‘rtadan uzilmas edi.
Yana, Madina atrofida o‘tirgan yahud toifasidin Bani Qaynuqo’, Bani Qurayza, Bani Nazir
qabilalari bor edi. Bular ittifoqda, arablar esa ixtilofda bo‘lganlikdin, ko‘pincha urushlarda
alar g‘olib kelur edilar. Payg‘ambarimizning vujudi shariflari tufaylidin, eng so‘ngi
urushlarida arablardin yengila boshladilar. Shu chog‘da aytur edilarkim: «Qarab
turinglar, bu yaqinda oxir zamon payg‘ambari chiqadi. Hammadin ilgari biz unga iymon
keltirgaymiz, ana shu vaqtda sizlardin hech kishini qoldirmay o‘ldirgaymiz», deb. Mana
ularning shu so‘zlari Madina arablarining yodidin chiqmagan edi. Yuqorida aytilgan joyda
Payg‘ambarimizga yo‘liqishib, o‘zlarining madinalik Xazraj qabilasidin ekanliklarini
bildirdilar. Anda Rasululloh alar oldida o‘tirib, o‘zlarini tanitgandin keyin, dinga da’vat
etdilar. So‘zlariga hujjat keltirib, Qur’oni karimdin bir necha oyat o‘qidilar. Buni
onglashlari bilan, iymon nuri dillarini yoritdi, bir-birlariga qarab aytdilarkim, «yahudlar
aytgan oxir zamon payg‘ambari shul bo‘lgay erdi, yana ular bizdin bu ishda o‘zg‘unlik
qilib ketmasunlar, bu erning aytgan so‘zlari, ko‘rsatgan yo‘llari barchasi to‘g‘rilik
ekandur», deyishib hammalari iymonga barobar musharraf bo‘ldilar. Islom tarixida eng
ulug‘ o‘rin tutgan, birinchi navbatda iymon keltirguvchi madinalik sahobalar quyida
nomlari yozilmish zotlar edi:
1. As’ad ibn Zurora
2. Avf ibn Horis
3. Rofi’ ibn Molik
4. Qutba ibn Omir