www.ziyouz.com kutubxonasi
65
olmakka rozi bo‘lurlar. Agar bu ish vujudga chiqar bo‘lsa, undin barimiz qutulurmiz, —
dedi. Bu so‘zni aytishi hamon, hammadin ilgari shayx suratlik shayton — mal’un buni
ma’qul ko‘rib: «Hoy-hoy, shu kishining so‘zi so‘zdur, bundin ortiq to‘g‘ri fikr hech
yo‘qdur», dedi. Shuning bilan boshqalari ham qizg‘in ravishda shu qarorni qabul qilishib,
tarqashdilar. Bu ish shundoq bo‘lishi bilan hazrati Jabroil alayhissalom quyidagi oyatlar
ila vahiy keltirib, shu voqeani Payg‘ambarimizga xabar qildilar.
Oyat shudir: «Va iz yamkuru bikallaziyna kafaruv liyusbituvka, va yaqtuluvka, av
yuxrijuvka», ya’ni, «Kofirlar seni qamab qo‘yishga yoki surgun qilishga yoki seni
o‘ldirishga qat’iy qasd qildilar», demakdur.
Jabroil alayhissalom:
— YO Muhammad, bu kecha kundagi yotgan o‘rningda yotmagin, kofirlar Xudo
xohlamagan ishni qilgani, ya’ni, shu kecha seni o‘ldirgani kelurlar, — dedi.
Payg‘ambarimiz bu ishdin ogoh bo‘lganlaridin keyin, tun yarmi bilan ul g‘animlardin yuz
chog‘lik kishi Payg‘ambarimizning eshik oldilariga kelib to‘plandilar. Ularning ichida
mashhur raislardin shu kishilar bor edi: Al Hakam ibn Abul Os, Uqba ibn Abu Muait, Nazr
ibn Horis, Umayya ibn Xalaf, Zam’a ibn Asvad, Payg‘ambarimizning amakilari Abu Lahab
va Abu Jahl, qolganlari ham o‘z ishlarida e’tiborlik kishilardin edilar. Bular o‘zaro
kengashib, el chuqur uyquga kirgan chog‘da bu xiyonatni bajarmoqchi bo‘ldilar. Shu
orada Abu Jahl turib aytdi:
— Muhammadning aytgan so‘ziga qaranglar, ul bizga shundog‘ deydurkim, agar sizlar
iymon keltirib, Islom diniga kirar bo‘lsangiz, bu dunyoda davlat topib, arab-ajamlarga
podshoh bo‘lursiz, yana o‘lgandin so‘ngra qaytadin tirilib, u dunyoda jannatga kirursiz,
agar bundoq qilmas ekansiz, bu dunyoda xorlik tortib, oxiratda do‘zax o‘tida kuygaysiz.
Abu Jahlning bu so‘zini uyida o‘tirgan Payg‘ambarimiz eshitib: «Rost, men shundog‘
ayturman», deganlaricha alarning ustiga chiqdilar. Yerdin bir changal tuproq olib, YOsin
surasini «faag‘shaynahum, fahum la yubsirun...» oyatigacha o‘qidilar. Xudo qudrati bilan
poylab o‘tirgan shuncha kishilardin hech qaysisi Payg‘ambarimizni ko‘ra olmadi.
Changallaridagi tuproqdin bu o‘tirgan kishilarning har birining boshiga quyib-quyib, o‘tib
ketdilar. Payg‘ambarimizning bu chiqib ketishlarini tuymadilar (sezmadilar). Bu ersa,
hisobsiz o‘tgan mo’jizalarning birisi edi. Uylaridin chiqayotganlarida Hazrati Aliga qarab:
— Ey Ali, men yotgan o‘ringa o‘tib, mening yopinchimni ustingga yopib yotgil, yana
qo‘rqmagil, dushmanlardin senga hech qandog‘ zahmat yetmagay, — dedilar. Shu
chiqqanlaricha hech yerda to‘xtamay hazrati Abu Bakr Siddiq bilan shahardan tashqari
Savr tog‘ida bir g‘or ichiga kirishib yashirindilar. Kofirlar bo‘lsa, Payg‘ambar uydin
chiqqan chog‘ida, alarni Alloh amri bilan uyqu olgan edi. Payg‘ambarimiz bularning
oldidin o‘tib ketayotganlarida bir kishiga yo‘liqqan edilar. Payg‘ambarimizning uylari
oldida o‘tirgan poyloqchilardin:
— Bu yerda kimni kutib o‘tiribsizlar — deb ul kishi so‘radi. Ular:
Muhammadni kutib turibmiz — dedilar.
— Andog‘ bo‘lsa, Alloh sizlarni noumid qo‘yibdur. Muhammad hozir sizlarning ko‘z
oldingizlarda o‘tib ketdi. Yerdan bir hovuch tuproq olib, bu o‘tirgan kishilarning
boshlariga quyib o‘tdi, — deb edi, ular shoshilib boshlarini siladilar, boshlaridin tuproq
quyildi, hayron bo‘lishib, yugurishgan holda kelib eshik yorig‘idin qarasalar, to‘shak
ustida o‘ralib yotgan bir kishini ko‘rdilar, maqsadimizga yetdik, deb qilich yalang‘ochlab
uyga kirdilar, qarasalar maqsadlari qo‘ldan ketmish edi. Hazrati Alini ko‘rishib, hasrat
barmog‘ini tishlaganlaricha hayron bo‘lishib qoldi. Ins-jins shaytonlarining qurg‘on
tuzoqlari uzilmish edi. Payg‘ambarimiz o‘rinlarida yotgan Hazrati Alidan:
— Og‘ang Muhammad qayon ketdi? — deb so‘radilar. «Bilmayman», deganida ulardin
ba’zi birovlari urishga qasd qilgan bo‘lsa ham, «bu bolada nima gunoh?» deguvchilar