www.ziyouz.com kutubxonasi
58
ishigali turdi. Oxiri bulardan yuqorg‘i sakson yoshlik turkman oqsoqol boshliq qancha
ko‘p kishilar shu g‘ariblik turma azobida vafot topdilar. Alloh ularni rahmat qilsin!
Shuncha ko‘p qirg‘izlar ichida sakson to‘rt yoshlik bir chol kishi qutulib ketdi. Bu esa
Otboshi Norin tomonidan kelgan, mol boqishdan boshqani bilmagan, xudo yaratganicha
qolgan, bir mo‘min edi. Undan kim so‘z so‘rasa, o‘z tilicha aytib «Barm ishti so‘pom ile
biletqu», deb qo‘yar edi. Bu so‘ziga mendan boshqa kim quloq solsin! Bir kuni yana shu
yuqorg‘i so‘zini gapirganida «so‘pom» degani nima degani ekan, «subuhona» degani
bo‘lmasin, deb o‘ylanib qoldim. Har kuni erta kech turma odaticha ikki vaqt havo
yangilash uchun butun qamokdagilarni turma sahniga chiqaradilar. Chiqarish vaqti
bo‘lib, eshiklar sharaqlab ochilishi bilan, tor qo‘roda qamalib yotgan hayvonlar kabi,
o‘zlarini eshikka urib, tashqariga chiqishga intiladilar. Boshqa nima qilish kerak, bir nafas
bo‘lsa ham kamera sassiqligidan qutulib, quyosh yuzini ko‘rish, sof toza havoda o‘ltirib,
boshqa kameradan chiqqan mungdoshlarimiz bilan ko‘rishish biz uchun eng kerakli
narsa hisoblanur edi. Chunki, ortig‘i bilan 15 kishilik o‘ringa 50 kishini qamagandilar.
Hammaning yuragi g‘am qayg‘u bilan to‘lgan, buning ustiga turma tozalig‘i nochor, ba’zi
odamlarning tan salomatligi yaxshi kutilmagan. Shu xil sabablarga ko‘ra sassiqchilik, if-
loschilik qo‘pganlikdan hammani bit bosgan edi.
Shunday qilib, kameradagilar shoshilinch bilan chiqayotganlarida har kishi o‘zi bilan
bo‘lib, yolg‘iz qolayotganini ko‘rgach boyagi «so‘pom»chi chol: «Hay baldar, mendag‘i
qudaydin jarig‘in ko‘rayin, meni tashtamangdar», deb qattiq qichqirdi. Qarasam,
shuncha ko‘p qirg‘izlardan birorta odam unga qayrilib qaramagach, men kelib qo‘ltiqlab
tashqariga olib chikdim. «So‘pom»ning hurmati uchun boshqa kunlari ham
«so‘pom»chiga qo‘limdan kelgan yordamimni ayamadim. Shu bilan uch to‘rt kun
o‘tgach, buning ham sog‘lig‘i buzilib, salomatligi yo‘qola boshladi. Qo‘l oyog‘i tulumday
(dum-dumaloq)
bo‘lib ishigani turgach, o‘z oyog‘i bilan tashqariga chiqolmay qoldi. Bir
kuni kamerada navbatchilik gali menga kelmish edi, qarasam, kamerani
supurayotganimda cholim yig‘ini boshlab: «Aylanayin so‘pom, meni tashlab qo‘ydingmi»,
deb qayg‘ulik ko‘zlaridan yosh to‘kib, shu so‘zni ikki-uch qaytardi. Shunda aniq bildim,
uning «so‘pom» degani «subhon» degani ekan.
Oradan 10 minut o‘tar o‘tmay, yuqorida o‘tirgan jallodlar boshlig‘idan birovi tezdan
tusha kelib, qo‘lidagi qog‘ozga qarab, hammani tekshirib bo‘lg‘ach, yugurganicha
yuqoriga chiqib ketdi. Xiyol o‘tmay yana qaytib tushib, hammamizni qayta boshdan
so‘rag‘ali turdi. Kimning falokati arib, iqboli ochildi ekan deyishib, mendan boshqa
hammalari jaldirashgan holda qarashib turardilar. Mening ko‘nglimda esa, bu cholning
boyagi qilgan xudoga nolasi, otgan o‘qdek yetgan bo‘lishi kerak edi. Shuning uchun
«Kimni istaysiz, oti nima?», deb undan tortinmay so‘ra-dim. Boshqalar esa, jallod oldiga
kelgan o‘lim kishisidek termilgan holda qarab turardilar. Haligi odamni istagan ekan.
«So‘pom»chi chol shunday qilib bo‘shanib chiqib ketdi.
Har bir musulmon odamga Alloh farz kilgan iymon taqlidiy emas, balki haqiqiy iymon ekanligini aniq bilishlari kerak. Haqiqiy iymonlik odamlar haq yo‘lda chidamliq bilan turadilar, har ishga haqqoniyat ko‘zi bilan qaraydilar va shu yo‘lda hech narsadan qo‘rqmaydilar. Dinsiz dahriylar davrida o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib o‘tgan tajribalarimiz ham, taqlidiy yuzaki musulmonlarning hech ishga yaramasligini ko‘rsatdi. Bunday odamlar jonlariga emas, balki turmushlariga ozgina zarar yetgudek bir ish bo‘lib qolish ehtimoli bo‘lar ekan, bunga qarshi diniy va milliy hissiyotlarini butunlay qurbon qilib yuborishdan tortinmaydilar. Bu dunyo shaytonlariga qarshi turolmagan taqlidiy iymon, oxirat shaytoni, mal’un iblisga qanday bardosh beroladi? Shunga ko‘ra, har ikki olam davlatini qo‘lga keltirish uchun yuzaki emas, haqiqiy iymonga ega bo‘lishlik, har bir musulmonga Alloh tarafidan buyurilgan farzdir.