www.ziyouz.com kutubxonasi
55
do‘stlarimizdan bo‘lib, buning qo‘lida 200 dan ortiqroq tul qo‘yimiz bor edi.
Musulmonchilikka ixloslik, xiyonati yo‘q, bizga muhabbatlik yaxshi kishi edi. Bizdan ilgari
ko‘rishgan yo‘ldoshlarimizdan bo‘lgan voqeani eshitgach, kelishimiz uchun tayyorgarlik
ko‘rib, hech kimga tuydirmay, qalin to‘qay ichida yolg‘iz uy tikib, bizni kutib yotmoqda
ekan. Bu yerda uch to‘rt kun yotib hordiq olg‘animiz so‘nggida, kishi yo‘q tog‘ yo‘llari
orqali yurganimizcha, orada bir qo‘nib, ertasi tongga yaqin To‘qmoqqa keldik.
1930 yili sentyabr oyining o‘n beshlarida shu xatarlik safarga chiqib, 20 kundan
oshiqroq tog‘u tosh, qoru muzlar orasida mehnat mashaqqatlarga qolib, axiri qazodan
qochib qutulish imkoniyati yo‘qligidan, taqdirga bo‘yinsunishdan boshqa chora
topolmadik. Bu rahmsiz zolimlar zulmidan qochib, suyumlik ona Vatanimizni tashlab va
ham butun hayotimiz hosili o‘z oilamizdan ajrab, hasratlik ko‘zlarimizdan qon
yoshlarimizni oqizgan holda ketgan bo‘lsak ham, oldimizdagi erkin ozodlik olamiga
chiqish umidi bilan ulug‘ tog‘lar ustida anchagina ko‘nglimiz ochilib, ruhimiz ko‘tarilmish
edi.
ZULMXONA Bu yo‘ldan (Sharqiy Turkistonga o‘tolmasdan) qaytib kelgach, hozircha, dushman
qo‘liga tushmagan bo‘lsak ham, ko‘z tutqan umidlarimiz bo‘shqa (bo‘shliqqa, yo‘qqa,
bekorga) ketganlikdan o‘z vatanimiz dushman qafasiday ko‘rinmish edi. Shunday bo‘lsa
ham, boshqa chora topolmagach, hech kimga tuydirmay, qirq kuncha shu yerda turdim.
So‘ngra So‘quluqdagi tungon shogirdlarimiz xabar topishib, yoshirincha meni olib
ketdilar. Tungon xalqining bizga ko‘rsatgan yaxshiliklari ko‘p edi. Bunga qarshi ular
uchun Alloxdan yaxshilik so‘rashdan boshqa hech narsa qilolmadim. Bular ichida o‘z
oilamda turganimdan ortiqroq bo‘lib, ikki-uch oy o‘tkazganimdan keyin qayoqdan
anglamishdir sovet davlatining uch harflik GPU jallodlari marhum Olimxon to‘ra akamizni
chaqirib: «Ukangiz Alixonto‘ra chegaradan o‘tolmay qaytib kelib, So‘quluq tungonlari
ichida yoshirinib yotgan emish. Bizdan kishi qochib qutulolmaydi. Siz borib birga olib
keling, unga yaxshilik qilamiz», deb yubormishdir. Kelmasga choralari yo‘q, kelib
ko‘rishgan so‘nggida yana qochib qutulishim mumkin bo‘lsa ham, akamni ayaganimdan
nima bo‘lsa ham, o‘zim ko‘ray deb birgalikda Pishpekga keldim.
Ertasi kuni ko‘zimizga jallodxonadek ko‘ringan idoralariga majburiy ravishda kirib
ko‘rishganim so‘nggida, o‘zlaridan hech kutulmas darajada yumshoq muomala
ko‘rsatgan bo‘lishib, meni tuzoqqa tushurmoqchi bo‘ldilar. Shu idora makkorlaridan biri
bizning safarimizda bo‘lgan voqealarni boshdan oyoq qoldirmay so‘zlab berishni mendan
so‘radi. Men ham «An najotu fissidqi», ya’ni «najot chinlikda» degan hadisga muvofiq,
bir oylik safar ichida uydan chiqqan kunimizdan boshlab o‘tgan ishlarni gapirib berdim.
Shundoq bo‘lsa ham og‘izdagi so‘zimga qanoat qilmay, shularni bir ikki kun ichida yozib
keltirishimni topshirib, menga ruxsat qildi. Uning degan kunidan qoldirmay, aytgan
so‘zlarimning barini yozib keltirganim so‘nggida, uyga borib oilam oldida 15 kun dam
olib, qaytib kelishga buyurdi.
Biroq meni o‘z xizmatlariga ko‘ndirmoqchi bo‘lib, qirg‘izlar qishlog‘i Chiyqo‘rg‘on
degan yerdagi kishilar ustidan yoshirin ma’lumot to‘plab keltirishimni menga
topshirdilar. Endi bu mal’unlarning topshiriqlarini bajarganimda, o‘zim ishongan
muqaddas Qur’on hukmiga qarshi ishlashga to‘g‘ri kelar edi. Shunga ko‘ra bu yo‘lda har
qanday og‘irchiliklar bo‘lar ekan, islom hurmatini saqlash uchun, bu zolim vahshiylar
topshiriqlarining birortasini ham o‘rinlatmasdan (bajarmasdan)
qaytib keldim. Ertasi kuni
u bilan ko‘rishganimda