www.ziyouz.com kutubxonasi
56
xizmati bajarilmaganini anglashi bilan, u kofirning tusi o‘zgarib, g‘azabi qo‘zg‘algan
bo‘lsa ham, xudo saqlab, boshqalarga qiladurg‘on urush-qiynash odatlarini menga
qilishga jur’at etmadi. Shu bilan ahvol o‘zgarganicha ikkinchi bo‘limga chiqib, bizning
ustimizdan zulm qarorini yurg‘izish kengashini o‘tkazib, bir oy vaqt o‘tgandan so‘ngra,
uch qavat binoning eng ostqi qavatida, yer ustidan to‘rt metrcha chuqurlikda bo‘lgan,
yolg‘iz yotoq kameraga meni tushirib qamab qo‘ydilar.
Chirqillagan qish kunining chilla sovug‘ida, osti usti muzday yaltirab yotgan yer osti
zindoniga kirgach, o‘zimni hayot olamidan boshqa bir dunyoda turganday bo‘lib sezdim.
Bu kabi dahshatlik o‘ringa qish chillasi ramazon oyida, ro‘za og‘iz kirgan edim. Shu
kundan boshlab turma qozonidan osh ichmasga shart bog‘lab, og‘iz ocharda, saharda
quruq non, qaynoq suvga qanoat qildim. O’t ko‘rmay, issiq ichmay, ro‘za tutib, yolg‘iz
yotar uyda shu kabi qiyinchiliklar bilan 13 kun o‘tkazganim so‘nggida, leningradlik bir
rus yigitini kechasi mening ustimga kirgizib qamadilar.
Qish kunining sovig‘i, yotoq to‘shak yetishmasligi, buning ustiga ko‘ndalang yotsak
oyoq uzalmaydi, uzuniga yotganda ikki kishi sig‘maydi, qish chillasi bo‘lib, oyoq sovuqqa
chidamaydi. Bu dahshatli ahvolni ko‘rgach, o‘zi ham qiyinchilik ko‘rmagan boy bolasi
bo‘lishi kerak, achingan ko‘zi bilan menga qaragan holda: «Bu azobxonada turganingga
necha kun bo‘ldi?», deb mendan so‘radi. «13 kun bo‘ldi», deganimda boshini chayqab,
menga ichi og‘riganini bildirdi. Shu bilan qish kuni uzun kechalari sovug‘iga chidamay,
yarim tungacha kamera ichida ikkovimiz navbatlashib yurib turdik. Bunga o‘xshagan
xo‘rlik azobini ko‘rganiga chidayolmagan bo‘lsa kerak, choy o‘ragan bir parcha qog‘ozga
xat yozib, qorovul askarga topshirdi. Menga qarab: «Bunday og‘ir ahvolda
turganimizdan o‘lganimiz yaxshi. Men ochdan o‘lishga rozilik bildirib, ariza berdim»,
dedi. Bir ikki soat o‘tar o‘tmas kameraga komendant burutini (mo‘ylovini) shoptay
(tikka) qilib, «Kim ochlik bildirgan kishi?», deb haybat bilan ustimizga kirib keldi. «Men
edim» deb o‘rnidan turgach, shu o‘xshash kishilarga atalgan yolg‘iz yotoq uyga uni
chiqarmoqchi bo‘ldi. Mening yotqanimga ham 13 kun bo‘lmish edi. Bunday og‘ir o‘rinda
10 kundan ortiq ushlamasligini eshitgan edim. Shunga ko‘ra, sovuq qattiqligidan tan
sog‘lig‘im buzila boshladi. Shuni ko‘rsatib: «Meni ko‘pchilikka qo‘shsanglar», deb
komendantdan iltimos qildim. «Yuqoridagi seni qamagan kishilar bilan so‘zlashib,
so‘ngra javobini beraman», dedi. Shu bilan bir kechalik yo‘ldoshimni olib chiqib ketdilar.
Oz bo‘lsa ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan qayg‘udoshimdan ajrab, yana sovuq xonada yolg‘iz
qoldim. «Ha, endi, bir bahona so‘z aytib chiqib ketgan kishi meni qaydan eslasin», deb
o‘ylagan bo‘lsam ham, xiyol o‘tmay kelib, ko‘pchilik ichi sakkizinchi kameraga chiqazib
qo‘ydi. Qarasam, 6u yer ko‘zimga boshqa bir olam ko‘rinib, muz xonadan mo‘nchaga
(hammomga) kirganday bo‘lib qoldim. Bu kamerada menga yo‘ldosh bo‘lg‘udek bir
qirg‘iz, ikki rus bo‘lib, To‘qmoqlik bo‘lganliklari uchun meni yaxshi tanir ekanlar. Ular
bilan so‘zlashib o‘ltirdik. Shu kuni iftor vaqti og‘iz ocharimda, topganimni oldimga qo‘yib,
qaynoq choy, yumshoq non keltirgach, «Hay, dunyoda bunday joyni ham ko‘rar kunimiz
ham bor ekanku», deb shu g‘urbatda rohatlangan bo‘lib o‘ltirdik. Bir necha kun
o‘tgandan so‘ng meni yon qo‘shni kameraga ko‘chirdilar. Qarasam, bu yerda o‘zimning
safar yo‘ldoshlarimdan to‘rt qirg‘iz o‘ltirishgan ekan. Bir birlarimizga ko‘zimiz tushgach,
tug‘ishgan qardoshlarcha quvonib ko‘rishdik. Chunki bular qor, muzlik tog‘lar, toshlar
orasida qochib yurgan kunlarimizdagi qayg‘u qardoshlarimiz edi.
B a y t: Zoti yaxshi unutmas hech qachon, Qayg‘ulik kunlardagi yo‘ldoshlarin. Bizning safardosh ekanligimizni bu zolimlar bilmagan edilar. Shuning uchun bular
bilan biror oycha birga turishib, ro‘za kunlarini o‘tkazdik. Boshqa hamsafarlarimizdan