www.ziyouz.com kutubxonasi
101
Qo‘shxonamizdan otlanib chiqqach, Yulduz yaylovining janub tomonida Tyan-Shan
tizma tog‘lari qatorlarida ikki «og‘iz» ko‘rina boshladi. Botish tomondagisi mo‘g‘ulcha
Qo‘naqay, chiqish yog‘idagisi Quyqun atalmish edi. 20-30 chaqirim yirog‘liqda turib,
yurar yo‘limiz bo‘lgan savdogar eshakchilarining qatnov yo‘lini Turg‘unboy og‘a menga
aniqlab ko‘rsatib qo‘ydi. So‘ngra, ikkovimiz Yulduzning kishi yo‘q keng maydonida
ko‘zlarimizdan qayg‘uli yoshlar oqizib, ot ustida quchoqlashgan holda xo‘shlashib
ajrashtik. Ul orqaga qaytdi. Men bo‘lsam, yolg‘izoyoq yo‘lga tushib, olg‘a qarab
mo‘ljallangan yerga jo‘nadim. Biroq bizga o‘xshab kuchlik dushmandan qochgan,
yo‘ldoshi yo‘q yolg‘iz odamning, o‘ziga aqli xushi yetarlik darajada yordam
yetkazolmasligini, shu xatarli safarimda tajribamdan o‘tkazdim.
Shuning uchun hukamolar demishdurlar ofat urgan, musibat yetgan kishilarning yor-
do‘stlari, urug‘ aymoqlari unga qo‘ltiqtayoq bo‘lishib, to‘g‘ri maslahat berib turishlari,
albatta, lozimdur. Jon qo‘rqinchisi bo‘lmagan taqdirda, bu kabi xatarlik safarga
yo‘ldoshsiz yo‘lga chiqish to‘g‘ri emas edi. Madaniyat olamininng yirtqichlaridan vaqtlik
bo‘lsa ham qutilmish edim, biroq bu ketayotgan oldimdagi yo‘lda yer usti yaylovlarining
eng ulug‘i atalgan Yulduz tizma tog‘larini oralab yurishga to‘g‘ri kelur edi. Bunday
bo‘lg‘ach, yo‘ldoshsiz, qurolsiz yolg‘iz ketayotqanimda oldimdan, tepasi oq qora bulutlar
bilan o‘ralgan Olatog‘dan yirtqich hayvonlar chiqib kelsa, mana bu holda qanday chora
ko‘rishim kerak? degan dahshatlik xayollar bosib, yurar yo‘limdan adashib qoldim.
Turg‘unboy og‘a yiroqdan belgilab bergan Quyqun yo‘lini qoldirib, mo‘g‘ullarning boshi
tuyuq yaylovi Qo‘naqay yo‘liga kirmish ekanman. Mo‘ljal bergan joydan eshakchi
savdogarlarining o‘zlari emas, izlarini ham topolmadim. Shunday bo‘lsa ham yo‘ldan
adashganimni o‘zim bilmasdan, yaylovga ko‘chgan qalmoqlar (mo‘g‘ullarning Dashti
qipchoqqan Mo‘g‘ulistonga qo‘chib qochganda Yulduz yaylovlarida qolib ketgan qismi)
qoldirgan izlariga aldanib, ular ortidan iz quvlaganimcha yuraverdim. Oldinroq o‘tgan ot
eshak izlari ham ora-sira ko‘zga chalinmoqda edi. Lekin tog‘ ichiga ichkariroq kirgan
sayin yo‘llar torayib, izlar ozaygani turdi. Aksincha, bo‘riga o‘xshash yirtqich vahshiylar
va bulardan qochgan kiyiklar kabi ov hayvonlarining qoldirgan izlari borgan sari ko‘paya
boshladi. Shu yerdan o‘tib, yolg‘izoyoq yo‘l bilan biroz yurganimdan keyin, soy ichida
haybatlik oqib yotgan kattagina suv bo‘yiga kelib yetdim. Qarasam, suvning u
tomonidagi yo‘l oqarib ko‘rinmokda edi.
Yolg‘iz kishi uchun sinalmagan bunday suvlardan kechib o‘tish anchagina qo‘rqinchlik
bo‘lsa ham, suv kechish ishlarida biroz tajriba ko‘rganimdan osonlik ila u tomonga o‘tib,
asr nomozini o‘qidim. So‘ngra, shu yo‘l orqaliq yarim soat chamali yurib edim, oldingidan
xunukroq yana bir suv ustiga kelib, u tomonda iz bo‘lib ko‘rinayotgan yo‘lga o‘tmoq
xayoli bilan otni suvga soldim. O’rtalab kelganimda oyog‘i toshga qoqilib otim yiqildi.
Suv belimga chiqishi bilan: «Yo, Alloh!» sadosini tortib tepinib edim, o‘rnidan sapchib
tura keldi. Jilov burib orqaga qaytdim. Qarasam, shu vaqtda kun botib, shom
nomozining vaqti ham kirmish edi.
Shu oraliq tog‘ boshlarida olalab yotgan oq qora bulutlar har yoqdan ko‘zg‘alishga
boshladi. Havo yuzin qoplag‘ach, kun gurkirab, chaqmoqlar chaqilishi bilan, do‘l aralash
qattiq yomg‘ir quyg‘ali turdi. Soatimga qarasam, Yulduz yaylovidan o‘tib tog‘ ichiga
kirganim so‘nggida ot choptirib dam olgan vaqtlarimdan boshqa, shu yerga kelguncha
10 soat o‘tmish ekandur. Har soatiga 10 chaqirimdan oz yurmaganligim ma’lumdur.
Qora bulut ostidan tarnovday quyilib yotgan yomg‘ir suvi hiyol o‘tmayoq ichki tashqi
kiyimlarimdan o‘ta boshladi. Tanam suvga chilanib, sovuqqa chidayolmay titrab
qaltirag‘ali turdim.
Buni qarangkim, jahongir Chingiz, sohibqiron Temur kabi ulug‘ qo‘mondonlar ko‘riklar
o‘tkazgan, sanoqsiz askarlar ot ulovlarining tuyoq izlarini, o‘z ko‘kragida ko‘targan