JILAQARAG’AY DOVONI
Turkiston qayg’usi. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
49
Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Yuqorida aytilganicha Shodmon hojim qishlog‘i Kichik
Kemenga kelganimizda, kutishib turgan qirg‘izlar bizni qarshi oldilar. Yaylovdan qaytgan
qalin el oralab, tun bo‘yi yurganimizcha tongga yaqin bir yerga kelib tushdik. Biroz uxlab
es olgan so‘nggida, u yerdan otlanib kun bo‘yi yurganimizcha, axir peshin kezida qalin
qarag‘ay ichida tikilgan bir qirg‘izning uyiga keldik. Bu esa bizni kutib turgan Nazarqul
degan safar yo‘ldoshimizning uyi ekan. Bizni bu yerga qo‘ndirib, o‘zi orqada qolmish
uylarni ko‘chirib kelmoqchi bo‘lib, uch to‘rt yigitlar bilan tun qator qilib ketdi. Ertasi
quyosh ko‘tarilgan kezda edikim, biror yuz oilalik qirg‘izlar bola chaqalari bilan yengil
yuklarini olgan, boshqa mol chorvalarini, tikilgan uylarini qoldirib, yolg‘izgina uyurlari
bilan yilqilarini haydashgan holda yetib keldilar. Xitoy yerlarida pul bo‘lg‘udek narsalar
bilan hurjin xalashlari to‘ldirilmish edi. Ko‘pchiligi bola chaqa, xotin qizlardan to‘plangan
edi. Qanday ham bo‘lsa, safar sunnatiga muvofiq Nazarqulni safar amiri qilib, o‘zim
boshliq olti odamni unga kengashchi saylagan so‘nggida, oldi orqamizga mer gan
yigitlardan soqchilar belgilab, yo‘lga tushdik.
Ichimizda ikki besh otar, uch to‘rt bardanka, qolgani ov miltiqlari bo‘lib, yigirmadan
oshiqroq qurolimiz bor edi. Shu yurganimizcha Ko‘kquyruq o‘zanini bo‘ylab o‘ltirib, orada
uch qo‘nib, Chuy daryosining boshi Oqsuv, Chelak degan ikki oshuv ayrilishiga yetdik.
Bu yurgan yerimiz yo‘lsiz bo‘lib, bo‘ri yurmagan tog‘u tosh oralab yurishga to‘g‘ri
kelganlikdan, tog‘ safarlarida ko‘p yurib ko‘zi pishgan yetuk yo‘lboshchi kerak edi,
baxtimizga qarshi, va’dalashgan qolovuz (yo‘lboshchi) kishimiz kelmay qoldi. Kelayotgan
yo‘limizda biz bilan qochgan qirg‘izlarning qo‘rada yotgan qo‘ylari, egasiz qolgan
moltovarlari, uskunalariga ko‘zimiz tushdi. Inson turmushiga kommunistlarning zulmi
shundayin haroblik keltirganini ko‘rib, ko‘nglimiz vayron bo‘lganlikdan ko‘z yoshlarimizni
artib ulgirolmadik.
Qochgan xabarimiz el ichiga tarqalgach, bizni qo‘lga tushirish uchun oldimizdan
chegara soqchilarini to‘stirib, ortimizdan qirg‘iz kommunist otryadlarini yubormish edilar.
Biz qochqunlar uch kun o‘zan bo‘ylab yurganimizcha, Oqsuv oshuvi ostiga kelganimizda
ketimizdan yuborilgan qirg‘iz kommunistlar askarlarining qorasi yiroqdan ko‘rinib qoldi.
Oramizda bir oz otishuvlar bo‘lib, shu kechani soqlik bilan o‘tkazdik. Yetgan yerimiz ulug‘
tog‘larga taqalgan, o‘ng qo‘limiz Chelak dovoni edi. Lekin bu dovonlarni oshib, yo‘llarini
ko‘rgan boshchimiz bo‘lmag‘anlikdan qaysi biriga kirishimizni bilmay orsor (hayronlikda)
qolganimiz ustiga, quvg‘inchi to‘sqinchilar oldi orqamizdan o‘ramish edi. «Ikki yo‘l kelib,
qaysi biriga kirishni bilmay qolgan kishi o‘ng qo‘liga yursin», degan Rasululloh so‘zini
maslahat berdim ersa, boshqa sabablar chiqib bunga yurishga to‘g‘ri kelmadi. Oxiri, so‘l
qo‘ldagi Chelak dovonidan oshib olsak, qozoq yeriga tushib, bulardan qutulib
ketishimizni o‘ylab, shunga kirishni to‘xtam qildik.
Ertasi saharlab ostidan bir daryo suvi toshib chiqayotgan ulug‘ tog‘ beli ustiga chiqib,
shu yerga uch to‘rt qurollik qirg‘iz bolalaridan qo‘ydik, o‘zimiz ko‘pchilik qo‘sh
qulonlarimiz (ko‘chgandagi yukimiz va yilqilarimiz) bilan bel (tog‘ bag‘ridan o‘tib) oshib,
yolg‘iztuyoq kiyiklar izi orqali yurganimizcha bulutga tiralgan to‘rt tog‘ orasidagi suv
g‘aznasi (ombori) Ko‘kko‘l degan joyga tushdik. U yerdan o‘tib, ko‘k muz oq qordan
boshqa hech narsa ko‘rinmagan, bosh oyog‘i bulutlar bilan o‘ralgan Chelak dovoni ostiga
kelib qo‘ndik. Kuz havosi sovuq, qattiq qor uchqunlab turardi. Qor o‘rtalarida ko‘rinib
qolgan qora toshlar orasida boshi chiqib turgan bir turlik o‘simliklardan boshqa o‘tin
topilmaydigan shunday qismchilik joylarda qirg‘iz xotinlari osh ovqat tayyor qilishdi.
Bularning epchilligi meni hayratda qoldirdi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning «Har kim ersa bir narsaga bog‘lanib
yaratilganlikdan ul narsa unga osonlashadi, har ishni o‘z egasiga topshiringlarkim,
ishinglar yengillashadi», degan hikmatlik so‘zlarining sirlarini shunda tushungan edim.
Turkiston qayg’usi. Alixonto’ra Sog’uniy
Dostları ilə paylaş: |