www.ziyouz.com kutubxonasi
120
oqarib ketdi. Ko‘zlari olazarak bo‘lib, rais yo‘q, degan ma’noda g‘o‘ldiradi u.
— Kvartirasidadir balki? — deb so‘radi Poplavskiy, — zarur ishim bor edi unda.
U odam yana poyintar-soyintar javob qiddi. Lekin bu g‘aliz javobdan, rais kvartirasida yo‘q, degan
ma’noni anglasa bo‘lardi.
— Qachon bo‘ladi?
Stol ortida o‘tirgan odam bu savolga javob bermay, qandaydir hasrat bilan derazaga qaradi.
«Ihi!» — dedi o‘ziga-o‘zi farosatli Poplavskiy va kotibni so‘radi.
G‘alati odam xuddi mushkul ahvolga tushganday cho‘g‘ bo‘lib qizarib ketdi va yana poyintar-
soyintar g‘o‘ldirab, kotib ham yo‘q... qachon kelishi ham ma’lum emas, xullas... kotib kasal...
deganday bo‘ldi.
«Aha!..» — dedi o‘zicha Poplavskiy: — Lekin boshqarma a’zolaridan biron kishi bormi?
— Men, — hazin ovoz bilan javob qildi u odam.
— Gap bunday, — deb salobat bilan gapira boshladi Poplavskiy. — Kamina marhum jiyanim
Berliozning yagona vorisi hisoblanaman — ma’lumingizki, u Patriarx ko‘li yaqinida halok bo‘ldi —
binobarin, qonun bo‘yicha men bizning elliginchi kvartiramizni meros tariqasida qabul qilib olishim...
— Bexabarman, o‘rtoq, — deb so‘zini bo‘ldi tund odam.
— Kechirasiz, — dedi jarangdor ovoz bilan Poplavskiy, — siz boshqarma a’zosi sifatida...
Shu payt xonaga bir grajdanin kirib keddi. Stol ortida o‘tirgan odam uni ko‘rdiyu dokadek oqarib
ketdi.
— Boshqarma a’zosi Pyatnajko sizmisiz? — deb so‘radi undan kirgan odam.
— Men, — eshitilar-eshitilmas javob qaytardi u. Kirgan odam Pyatnajkoning qulog‘iga bir nima
deb pichirlagan edi, u sarosimada o‘rnidan turdi-yu, yana bir necha soniyadan keyin boshqarma
xonasida Poplavskiy yolgiz o‘zi qoldi.
«Eh, chatoq bo‘ldi-da! Kelib-kelib, birvarakayiga hammalarini...» — deb o‘yladi o‘kinch bilan
Poplavskiy asfalt yotqizilgan hovlidan o‘tib, 50-kvartira tomon shosharkan.
Maksimilian Andreevich qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan hamonoq eshik ochildiyu, u qorong‘i
dahlizga kirdi. Uni bir qadar taajjubda qoldirgan hol shu bo‘ldiki, eshikni kim ochgani ma’lum emas
edi, chunki dahlizda stulda cho‘qqayib o‘tirgan bahaybat bir mushukdan boshqa hech qanday jonzot
yo‘q edi.
Maksimilian Andreevich, o‘zini sezdirish uchun yo‘talib, yer tepinib qo‘ydi. Shunda kabinet eshigi
ochilib, dahlizga Korovyov chiqdi. Maksimilian Andreevich unga nazokat bilan, ammo o‘z qadrini
yo‘qotmagan holda ta’zim qilib, dedi:
— Familiyam Poplavskiy. Men marhum Berliozning...
U gapini tugatib ham ulgurmagan edi, Korovyov cho‘ntagidan isqirt bir ro‘molcha olib, u bilan
og‘iz-burnini yopgancha yig‘lab yubordi.
— ... pochchasi bo‘laman...
— Bo‘lmasam-chi, bilaman, — deb uning so‘zini bo‘ldi Korovyov ro‘molchani yuzidan olarkan. —
Bir ko‘rishdayoq siz ekanligingizni fahmladim! — dedi u butun vujudi bilan silkinib yum-yum
yig‘larkan: — Qanday musibat, a? Nimalar bo‘lyapti o‘zi? A? — deb qo‘shib qo‘ydi.
— Tramvay bosib ketdimi? — pichirlab so‘radi Poplavskiy.
— Voy, sekinroq aytasizmi, — deb chinqirib yubordi Korovyov, uning pensnesi ostidan ko‘z
yoshla-ri duv-duv oqa boshladi, — bosganda qandoq! O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ishonasizmi —
boshi... cho‘rt uzilib ketdi!.. Ung oyog‘i qars etib ikki bo‘lak bo‘ldi! Chap oyog‘i qars etib ikki bo‘lak
bo‘ldi! Mana shunaqa bir balo jan bu tramvay degani! — Keyin Korovyovning yana xo‘rligi keldi
shekilli, ko‘zgu yonidagi devorga yuzini bosib, butun vujudi bilan silkinib ho‘ng-ho‘ng yig‘lay
boshladi.
Bu notanish odamning xatti-harakati pochchani qattiq hayratga soldi. «Bizning zamonda rahmdil
odamlar qolmagan deyishadi, mana, bor ekan-u!» — deb o‘yladi u o‘zining ham xo‘rligi kela