www.ziyouz.com kutubxonasi
122
Poplavskiy xuddi havo yetmayotganday entikib o‘rnidan turib ketdi va yuragini changallagancha
orqasiga tisarildi.
— Azazello, kuzatib qo‘y! — deb buyurdi mushuk dahlizdan chiqarkan.
— Poplavskiy, — dedi pakana odam ohista manqalanib, — hammasi tushunarlidir?
Poplavskiy bosh irg‘adi.
— Hoziroq Kievga qaytib ket, — deb davom etdi Azazello, — u yerda «churq» etmasdan, xap
o‘tir-u, Moskvadan kvartira olishni xayolingga ham keltirma, tushundingmi ?
Uzining so‘yloq tishi, pichog‘i, oq tushgan ko‘zi bilan Poplavskiyning jonini olib qo‘ygan bu
pakana odamning bo‘yi ekonomistning yelkasidan kelsa ham, xatti-harakatidan serg‘ayrat, uddaburon,
o‘z ishiga pishiq ekanligi ko‘rinib turardi.
Birinchi navbatda u yerda yotgan pasportni olib, Maksimilian Andreevichga uzatdi, u jonsiz qo‘li
bilan pasportni oldi. Keyin o‘sha Azazello bir qo‘liga chamadonni olib, ikkinchi qo‘li bilan eshikni
lang ochdi-da, Berliozning pochchasini qo‘ltiqlab, zina maydonchasiga yetaklab chiqdi. Poplavskiy
devorga suyanib qoldi. Azazello chamadonni hech qanaqa kalitsiz ochib, undan yog‘ yuqili gazetaga
o‘ralgan bir oyog‘i yo‘q kattakon qovrilgan tovuqni olib, yerga qo‘ydi. Keyin chamadondan yana ikki
juft ichki ko‘ylak-ishton, ustara charxlaydigan tasma, qandaydir bir kitob va quticha olib qo‘yib,
tovuqdan boshqa hammasini oyog‘i bilan tepib zina oralig‘idan pastga tushirib yubordi. Bo‘shagan
chamadon ham pastga uloqtirildi. Bir oz vaqtdan keyin uning yerga taraqlab urilgani eshitildi, chamasi
qopqog‘i ko‘chib ketgan edi.
Keyin sariqmashak bezori tovuqning oyog‘idan ushlab, u bilan qulochkashlab turib Poplavskiyning
gardaniga shunday urdiki, tovuqning o‘zi uchib ketib, Azazelloning qo‘lida faqat oyog‘i qoldi.
Mashhur adib Lev Tolstoyning odilona ta’biri bilan aytganda, Oblonskiylar xonadonida hamma narsa
ostin-ustin bo‘lib ketgan edi. Mazkur vaziyatda u aynan shunday deb aytgan bo‘lardi. Ha!
Poplavskiyga hamma narsa qorishib ketgandek bo‘ldi. Uning ko‘zi oldidan uzunchoq uchqun lip etib
o‘tdi, keyin u uchqun uzundan-uzun motam lentasiga aylanib, charog‘on may kunini bir lahzaga
zulmat pardasi bilan burkadi, — shunda Poplavskiy pasportini qo‘lida ushlagancha, zinadan pastga
uchib tusha boshladi. Zinaning birinchi muyulishiga yetgach, u yerdagi deraza oynasini tepib sindirdi-
da, o‘zi pillapoyaga o‘tirib oldi. Oyoqsiz tovuq uning yonidan pildirab o‘tib, zina oralig‘idagi
bo‘shliqqa tushib ketdi. Yuqoridagi maydonchada qolgan Azazello hash-pash deguncha tovuqning
oyog‘ini yeb, suyagini trikosining yon cho‘ntagiga solib qo‘ydi va kvartiraga kirib, eshikni qarsillatib
yopdi. Xuddi shu mahal pastdan yuqoriga ohista ko‘tarilayotgan odamning oyoq tovushi eshitildi.
Poplavskiy yana bir zina pastga yugurib tushib, bu yerdagi maydonchada turgan yog‘och divanga
nafas rostlagani o‘tirdi.
Egniga qadimiy jujuncha kostyum, boshiga yashil lentali qotirma poxol shlyapa kiygan, nihoyatda
g‘amgin chehrali jikkakkina bir chol zinadan chiqib kelib, Poplavskiy qarshisida to‘xtadi.
— Aytib berolmaysizmi, grajdanin, — deb ma’yus ohangda so‘radi jujuncha kostyum kiygan
odam, — nomer elliginchi kvartira qaerda?
— Yuqorida! — dedi Poplavskiy javobni qisqa qilib.
— Behad minnatdorman, grajdanin, — dedi jikkak odam hamon mungli ohangda va yuqoriga
ko‘tarila boshladi. Poplavskiy esa o‘rnidan turib, pastga yugurib tushib ketdi.
Maksimilian Andreevich, kuppa-kunduz kuni uni vahshiyoa talagan bezorilar ustidan shikoyat
qilgani militsiyaga shoshmayaptimikin, degan savol tug‘iladi. Yo‘q, aslo, deb qat’iy ishonch bilan
aytish mumkin. Militsiya idorasiga borib, mana, hozir ko‘zoynak taqqan mushuk pasportimni o‘qidi,
keyin triko kiygan, pichoq taqqan odam... deb shikoyat qilsinmi... yo‘q, grajdanlar, Maksimilian
Andreevich haqiqatan ham dono odam edi!
U pastga tushib, ko‘cha eshikning yonginasida qandaydir bir hujrani ko‘rib qoldi. Hujra eshigining
oynasi singan edi. Poplavskiy pasportini yoniga solib qo‘ydi-da, yuqoridan tashlab yuborilgan
narsalarini qidirib, atrofga ko‘z yugurtira boshladi. Lekin u narsalardan asar ham yo‘q edi. Bu hol