www.ziyouz.com kutubxonasi
125
yonboshlab yotardi. Bufetchining ko‘ziga artist egniga faqat qora ichki ko‘ylak-ishtonu oyog‘iga uzun
tumshuqli qora tufli kiygandek ko‘rindi.
— Men, — deb hasrat bilan gap boshladi bufetchi, — Varete teatrida bufet mudiriman...
Artist bufetchining gapini bo‘lmoqchi bo‘lganday ko‘lini oldinga cho‘zdiyu (barmoqlaridagi
uzuklarning ko‘zlari yaraqlardi) jon-jahdi bilan qizishib gapira boshladi:
— Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Boshqa bir og‘iz ham gapirmang! Hech qachon, hech qaerda! Bufetingizda
hech qachon ovqatlanmayman! Kecha men, muhtaram zot, bufetingiz yonidan o‘tib qoluvdim,
hanuzgacha bikri balig‘i bilap brinzangizning hidi dimog‘imdan ketgani yo‘q. Azizim! Hech qachon
brinza yashil rangda bo‘lmaydi, kimdir laqillatipti sizni. Brinza faqat oq rangda bo‘lishi kerak. Undan
keyin, choyni oling! Axir u yuvindi-ku! Allaqanday isqirt qiz chelakda sovuq suv olib kelib kattakon
samovarga quyayotganini, ayni chog‘da samovar jo‘mragini burab, odamlarga choy quyib
berishayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Yo‘q, tasadduq, bunday qilib bo‘lmaydi!
— Meii kechirasiz, — dedi bu kutilmaganda ta’nadan esankirab qolgan Andrey Fokich, — men
boshqa masalada kelgan edim, bikri balig‘ining bu tashrifimga daxli yo‘q.
— Ie, nega daxli yo‘q bo‘larkan, buzilgan bo‘lgandan keyin!
— O‘zi bikri balig‘ining sal uringanini yuborishgan edi, — dedi bufetchi.
— Tasadduq. bu safsata!
— Nimasi safsata!
— Sal uringan deganingiz! Har qanday mol yangi, urinmagan bo‘lishi kerak. Baski, sal uringanmi,
demak, u mol emas, uni iste’mol qilib bo‘lmaydi, chunki u sasigan hisoblanadi!
Nuqul tirg‘ilayotgan artistdan qanday qutulishni bilmagan bufetchi:
— Meni kechirasiz... — deb yana gap boshlagan edi, artist:
— Kechira olmayman, — deb shartta uning so‘zini bo‘ldi.
— Men boshqa masalada kelgan edim! — dedi zo‘rg‘a tamoman gangib qolgan bufetchi.
— Boshqa masalada? — dedi ajablanib xorijlik sehrgar. — Yana qanday ishingiz bo‘lishi mumkin
menda? Agar yodimda bo‘lsa, men sizga kasbdosh bo‘lganlardan faqat bitta markitant
18
ayolni
bilardim, lekin ungayam ko‘p bo‘lgan, hali siz unda dunyoga kelmagan edingiz. Azazello! Bufet
mudiri janoblariga kursi qo‘y.
Kabob pishirayotgan odam o‘girilgan edi, so‘yloq tishlari bufetchini cho‘chitib yubordi. Azazello
chaqqonlik bilan unga qora eman kursilardan birini qo‘ydi. Xonada shu pastak kursilardan bo‘lak hech
qanday o‘tirg‘ich yo‘q edi.
— G‘oyat minnatdorman, — dedi bufetchi va kursiga o‘tirdi.
Shu zahoti kursining orqa oyog‘i «qars» etib sindi, bufetchi «gurs» yiqilib, kemirchagi bilan yerga
qattiq urildi. U yiqilarkan oyog‘i oldida turgan boshqa kursiga tegib ketdi-yu, uning ustidagi lim-lim
qilib qizil vino quyilgan qadahni o‘z shimiga ag‘darib yubordi.
Artist dedi:
— E, attang! Lat yemadingizmi?
Azazello bufetchini qo‘ltig‘idan olib turg‘azdi, unga boshqa kursi qo‘ydi.
Bufetchi mezbonning «shimingizni yeching, olovda quritib berishadi» degan taklifini ma’yus
kayfiyatda rad etdi va jiqqa ho‘l kiyimda o‘zini tamoman o‘ng‘aysiz his etib, ikkinchi kursiga qo‘rqa-
pisa o‘tirdi.
— Men past o‘rindiqni yoqtiraman, — deb gapira boshladi artist, — past kursidan yiqilish uncha
xatarli emas. Ha, biz bikri balig‘ini gapirayotganmidik? Azizim! Hamisha va faqat yangi mol, yangi
mol, yangi mol — har bir bufetchining shiori shu bo‘lishi kerak. Darvoqe, mana tatib ko‘ring...
Shu payt kamindagi olovning qip-qizil shu’lasi-da bufetchi oldida shamshir yaraqladi va Azazello
oltin talinkaga jazillab turgan bir bo‘lak go‘sht qo‘yib, ustidan limon sharbati tomizdi-da, uni
18
Markitant — qadimgi savdogar. Odatda bunday savdogarlar qo‘shin bilan yurib, oziq-ovqat mollari savdosi bilap shug‘ullangan.