O’tkan kunlar (roman).
Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
125
12. JONSO‘Z BIR XABAR VA QO‘RQUNCH BIR KECH
Agar olg‘an hisobimiz to‘g‘ri chiqsa, bu gal uning Marg‘ilong‘a quruq qatnab
yurishining yettinchi qaytasi edi. 1267-inchi yilning kuzi — bu voqi’ag‘a o‘n sakkiz, o‘n
to‘qquz oylar o‘tib ketkan edi.
Ertalabki choydan so‘ng, usta Alim o‘zining qaynisi bilan oshxonasi yonig‘a yangigina
qurg‘an to‘quv do‘konlari yonida ipakka ohor berish ila ovora edi. Ammo ul bo‘lsa,
do‘konxonaning ustuniga suyalgan ko‘yi qandaydir bir o‘y bilan mashg‘uldek ko‘rinar,
ustaning Toshkand to‘g‘rilarida bergan savollariga «shundoq, ha, yo‘q, albatta» kabi
qisqa javoblar bilan qarshi turar edi. Ul shu ko‘yi yarim soatlar chamasi so‘zsizlik
so‘nggida, so‘zsizgina ko‘cha eshik tomong‘a chiqib keta boshladi, usta Alim ko‘zini
ishidan uzib so‘radi:
— Yo‘l bo‘lsin, Shokirbek?
Otabek yo‘lak yonidan javob berdi:
— Shaharni bir aylanib kelmakchiman.
—
Juda yaxshi, — dedi usta va: — ammo peshindan kechka qolmang, men oshni
damlab sizni kutib o‘lturaman, tuzikmi?
— Tuzik, — dedi Otabek va yo‘lakdan o‘tib eshik oldig‘a — ko‘chaga chiqdi. Chiqishi
bilan narigi eshikdan Sodiq ham ko‘rinib qoldi-da, Otabek bilan to‘qnash keldi.
Sodiq
iltifotsizgina unga qarab olg‘ach, shosha-shosha o‘ngdagi tor ko‘chaga yurib ketdi. A
Otabek to‘g‘rig‘a, katta ko‘chaga qarab yurdi. Havo bulut edi.Oq bulutlar bo‘lg‘anliqdan
quyoshning nuri uncha kesilmagan, quyosh to‘r ro‘ymol ichida o‘lturg‘an kelinlar kabi yer
yuziga suzilib qarar edi. Bulutlarning ohistagina say-ridan sezilar-sezilmas hafif bir
shamol yurib, yengilgina bir izg‘iriq ham yuzga kelib to‘qunar, bu izg‘iriq kishiga uncha
rohatsizlik
bermasa-da, lekin qayerdadir dog‘ qi-lin--moqda bo‘lg‘an zig‘ir moyining
achchig‘ isini dimog‘qa kelturib urishidan kishiga bir behuzurlik hosil bo‘lar edi. Otabek
yo‘lning ayrilishig‘a borib to‘xtag‘an edi. Yuzidan ikkilanish holati sezilar edi. Bu holat ikki
yo‘l ustida voqi’ bo‘lg‘anliqdan onglanmog‘i yengil, chunki bir tomonda poyafzal
rastasining yo‘li, ikkinchi yoqda to‘g‘ri ko‘cha edi. Uzoq to‘xtab
turmay sobit va kuchlik
adimlar bilan poyafzal rastasiga yurdi. Garchi bu ko‘cha uning yuziga qizarib-oqarish va
bo‘zarib-sar-g‘ayish tuslari berar edi, yana har holda ul sobitqadam edi, o‘sha voqi’adan
so‘ng, onalar ta’biricha, «ilon chiqg‘an» bu ko‘chaga birinchi kirishi, birinchi jasorati edi.
Ko‘chaning burilishida yana bir oz
uning adimlari sekinlashsa ham, lekin oldinlashini
qo‘ymay boraverdi. Uzoqdan qutidorning tilsimlik darbozasi ko‘rinib turar edi... Darboza
yonidag‘i mash’um tol daraxti ham nomuborak bir ishka guvohlik bergan kabi bo‘lar edi.
Borliq kuchini asabiyat markaziga yig‘ib, tag‘in bir qayta darbozaga qarab oldi. Bu
qarashida butun o‘tkan kunla-rini yana bir qayta xotirlag‘andek bo‘ldi va ihtizozot
orasida uflab yubordi. Ko‘ringan gilos yog‘ochlarining ostida bir vaqtlarda kimdir birav
uni
kutib olar edi, endi-chi... Endi kimni kutar ekan?— degan savol miyasini shipirib
ketdi... Ul Kumushni tamoman o‘z muhabbatida boqiy deb bilar va otasining zulmiga
mahkum, deb tushunar edi. Shuning uchun ko‘ringan gilos yog‘ochi-ning kuz bilan
sarg‘ayg‘an bargidek Kumushning za’faron yuzini ko‘rdi, o‘zi uchun emas,
uning qalbi
parchalang‘andek bo‘ldi. Hozir ul kutilmagan bir jasoratka molik bo‘lg‘an kabi edi.
Kiraymi, deb o‘yladi, bevosita o‘zi bilan onglashaymi, deb jasoratlandi... Lekin... lekin
darbozaning qarshisidag‘i mash’um tol yog‘ochi unga qarab kulgandek bo‘lar edi:
«Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz, orsiz...»
Ul darbozaga yaqinlashayozgan edi, nimadandir cho‘chib chetka burildi. Chunki
darbozadan chiqib qolg‘an ikki kishini ko‘rib, bularning birini qayin otasi bo‘lib
chiqmog‘idan hurkkan edi. Haytovur chiqg‘uchilar begona odamlar bo‘lib,
oldinga toba