www.ziyouz.com кутубхонаси
22
G’AYRATIY (1902-1979) Yangi davr, sovet davri o’zbek adabiyotining tug’ilishi va shakllanishida ulushini
qo’sha olgan adiblardan biri G’ayratiy — Abdurahim Abdulla o’g’lidir. U 1902 yilda
Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida dunyoga keldi.
Uning otasi o’qimishli, adabiyotga qiziqqan kishi bo’lgan. Onasi erta qazo etgan bo’lib,
yosh Abdurahim mahalladagi Oyimxon aya qo’lida tarbiya topadi. Uning adabiyotga
qiziqishi ham aya aytgan ertaklar orqali paydo bo’ladi.
1912-1915 yillarda u avval eski maktablarda, so’ng madrasalarda tahsil oladi. Shu
yillarda u Navoiy, Muqimiy, Furqat asarlari bilan ilk bor taninishadi. Oktyabr
to’ntarshidan so’ng Toshkentdagi (Xadra) «Namuna» nomli maktabning o’qituvchilar
tayyorlash kurslarida o’qiydi, so’ng xalq maorifi sohasida ishlaydi. Bo’lg’usi adibning ilk
she’ri 1921 yilda «Bolalar haftasi» nomi bilan «Qizil Bayroq» gazetasida bosilib chiqadi.
1926 yilga kelib Abdurahim — G’ayratiy Ozarbayjonga borib, Bokudagi bilim yurtida
o’qiydi. U yerdqa M. Urdubodiy, M. Mushfiq. S. Rustamiy, J. Jabboriy kabi taniqli adiblar
bilan tanishadi va muloqotda bo’ladi. Bokudan qaytgach, Toshkeitdagi muzikali drama
teatrida adabiy emakdosh bo’lib xizmat etadi. 1929-1931 yillarda O’zbekiston Davlat
nashriyotida muharrir va bo’lim boshlig’i bo’lib ishlaydi. Uning birinchi she’riy to’plami
1927 yilda «Erk tovushi» nomi bilan nashr etiladi. 1928 yilda «Yashash taronalari»
she’riy to’plami», «Qutilish» nomli hikoyalar to’plami chop etiladi. She’riy to’plamga
kirgan «She’rim», «Shoir», «Tanburchi qizga», «Mening tuyg’ularim» kabi she’rlarida
shoirning dunyoqarashi gavdalanadi, shuningdek, uning «Temp» (1932), «Olov tanlar»
(1938), «Sevgi» (1939), «Oltin yoshlik» (1940) kabi she’riy to’plamlari hamda «Onamga
xat» (1933), «Jinasta» (1935) kabi poemalari yaratildi.
G’ayratiy Ulug’ Vatan urushi va urushdan keyingi yillarda ham barakali ijod qildi. U
Furqat va Hamza kabi ustozlari («Shoirning o’limi», 1957) haqida poemalar yaratdi.
«Tepalik mozor» (1956), «Hilola», «Sababi tiriklik» (1958), «Maxsum qochdi» (1960)
kabi hajviy hikoyalar ham yaratdi. «Dovdirash» nomli hajviy hikoyalar to’plami nashr
ettirdi. «Tanlangan asarlar»i (1958, 1972) chop etildi.
1972 yilda G’ayratiyga O’zbekiston xalq shoiri unvoni berildi. U 1979 yil 22 yanvarda
vafot etdi. Biroq, uning ijodi hozirgi davr taqozosiga ko’ra tanqidiy o’rganishni talab
etadi. Sabab, oldingi zamonning ko’p hollarda u maddohi ham bo’lib qolganligi hech
kimga sir emas.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993