www.ziyouz.com кутубхонаси
45
Komil Yashin keyingi yillarda «Hamza» romanini yozib chop ettirdi. Uning so‘nggi
asarlaridan biri ikki kitobdan iborat «Yodgorlik» memuarnomasidir. Gap Komil Yashin
kabi keksa san’atkorlar haqida borganda ular yo‘l qo‘ygan xatolar yoki nuqsonlarni davr
ruhiyati, talabi bilan bog‘liq holda ko‘rish zarurdir. To‘g’ri, uning ko‘p asarlarida Uyg’un,
G’.G’ulom, N. Safarov va boshqa adiblar kabi partiyaviy avangardlik me’yoridan oshib
ketgan, shuning oqibatida ular asarlarida tarixiy haqiqatdan ma’lum chekinish hollari
sodir bo‘lgan. Eng muhimi, hozirgi avlod ular yo‘l qo‘ygan xatolarni
takrorlamasliklaridadir.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993
www.ziyouz.com кутубхонаси
46
PARDA TURSUN
(1909-1957)
Sho‘ro davri o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Parda Tursundir. U
1909 yili Namangan viloyati Pop tumanidagi Chorkesar mahallasida dehqon oilasida
tug’ildi. Ota-onadan erta yetim qolgan Parda Tursun sarson-sargardonlikda hayot
kechiradi.
Ayovsiz yillar shamoli uni 1918 yilda Chorkesar qishlog’idan Toshkentga yetaklaydi.
Kishilar eshigida xizmatkor bo‘lib kun kechiradi. Undagi ilmga tashnalik 1923-1927
yillarda tajriba ko‘rsatkich maktabiga, 1927-1928 yillarda Karl Marks nomli pedagogika
bilim yurtiga olib keladi. So‘ngra, toki 30-yillar boshiga qadar Toshkent viloyatining
Piskent tumanidagi maktablarda o‘qituvchilik qiladi. Uning adabiyotga qiziqishi xuddi shu
davrdan boshlangan bo‘lib, «Qizil O’zbekiston» («O’zbekiston ovozi») ro‘znomasi
muharririyatiga yetaklaydi. 1929-1934 yillarda mazkur ro‘znoma sahifalarida o‘zining
xabar, ocherk, hikoyalariyai chop ettiradi. 1930 yilga kelib, uning «Zo‘rlik» nomli birinchi
hikoyasi e’lon qilinadi.
1934-1935 yillarga kelib, adibning «Ostonada», «Qo‘ldosh va Marusya», «Bir
xotinning tarixi» kabi bir necha hikoyalari yaratiladi.
Parda Tursun ijodiy faoliyatida uning «Domla (1937) hikoyasi muhim rol o‘ynaydi.
Mazkur hikoyaning syujet chizig’i aytish mumkinki, adibning butun umri davomida
yaratgan o‘rta va yirik asarlari sahifalariga ko‘chdi, qissa va romanlarining bosh
mavzuiga aylandi.
Parda Tursun bu yillarda zamondoshlari hayotidan olingan bir qator hikoyalar, o‘nlab
ocherklar yaratdi. Uning «Dadajon rais» (1932), «Yangi raislar» (1933), «Majlisda»
(1934), «Quvnoq hayot» (1935), «Yaylovda (1935), «Traktorchi» (1935) kabi ocherklari
shular jumlasidandir. Adib hikoyalaridagidek ocherklarida ham o‘zbek ziyolisining bosib
o‘tgan yo‘li, kurashi haqida hikoya qiladi.
1941-1945 yillarda adib bir qo‘lida qurol, bir qo‘lida qalam bilan ona-Vatan
himoyasida bo‘ladi. Urushdan keyingi yillarda oliy o‘quv yurtlarida talaba, o’qituvchi,
nashriyotlarda muharrir bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. 1947 yili uning birinchi yirik asari —
«Haq yo‘l» nomli qissasi chop etiladi. Undagi bosh qahramon Xolmurod Do‘stmatovning
hayot yo‘li timsolida adib tarjimai holi emas, o‘zbek ziyolisining bosib o‘tgan mashaqqatli
yo‘li gavdalantiriladi. U keyinroq «O’qituvchining yo‘li» nomi bilan o‘zbek va rus tillarida
chop etiladi. 1950 yillarga kelib, mazkur qissa qayta ishlanib, «O’qituvchi» nomi bilan
mustaqil bir asar — roman sifatida nashr etiladi. Undagi bosh qahramon Elmurod obrazi
hatti-harakati va xarakteri vositasida o'zbek ziyolisi — o‘qituvchisining hayoti va kurash
yo‘li umumlashmasiga ko‘tarildi.
Parda Tursun jurnalist, o‘qituvchi, noshir va publitsist, ocherknavis va hikoyanavis,
qissanavis va romannavis bo‘lishi bilan birga mohir tarjimon ham edi. U Saltikov-
Shchedrin, A.Tolstoy, Emil Zolya, Gi de Mopassan asarlarini o‘zbek tiliga ag’dargan.
Uning asarlari ko‘plab qardosh va xorijiy tillarga tarjima bo‘lgan. U 1957 yilda vafot
etgan.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993
Dostları ilə paylaş: |