www.ziyouz.com кутубхонаси
71
SHUKRULLO (1921) O’zbek adabiyotining sermahsul ijod sohiblaridan biri Shukrullo (Shukrullo Yusunov)
1921 yili Toshkentda dunyoga keldi. Boshlang’ich ta’limni olgach, pedagogika bilim yurti
(1935), Toshkent Davlat pedagogika bilimgohida (1944) hamda Toshkent Davlat
dorulfununi qoshidagi aspiranturada tahsil ko‘rdi. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida
adabiy maslahatchi, badiiy adabiyot nashriyotida muharrirlik qildi.
Shukrulloning birinchi she’ri «Baxt qonuni» 1939 yilda, dastlabki she’riy to’plamlari —
«Birinchi daftar», «Qalb qo‘shiqlari» 1949 yilda nashr etildi. O’zbek paxtakorlarining
mardonavor kurashi, yangi yerlar ochishdagi fidokorona mehnatlaridan hikoya qiluvchi
«Chollar» (1948) asari bilan u she’riyatimizda dostonchilik janrini rivojlantirishga muhim
hissa qo‘shdi. Davrimizning yuksalish yo‘lidagi muhim pog’onalari, o‘zbek dehqonlarining
fidokorona mehnati, xalqlar do‘stligini kuylash, zamonamiz kishilari ongida Vatan
tushunchasining muqaddasligini ifodalash uchun «Rossiya», «Ikki qoya», «26
tongotari», «Dostonlar» (1970) kabi asarlariga mavzu bo‘lgan.
Adib ijodida insonning ma’naviy kamolotini kuylash birinchi o‘rinda turadi. U
asarlarida dastlab hayotimizdan chetda qolganlarni qattiq qoralaydi, kishilarni inson
degan sharafli nomga munosib bo‘lishga chaqiradi, insonni ulug‘lovchi fazilatlarning eng
buyugi mehnat deb biladi. Uning bu fikrlari «Hayot ilhomlari», «Umrim boricha», «Inson
va yaxshilik» (1961), «Inson — inson uchun» (1964) she’riy to‘plamlarida o‘z ifodasini
topgan.
Shukrullo bolalar uchun ham ijod qildi. Uning «Bahor sovg‘asi» (1962), «Yulduzlar»
(1964) kabi kitoblarida do‘stlik, Vatanga muhabbat, ona yurt tabiatini ulug‘lash g‘oyalari
tarannum qilinadi.
Shoirning «Rossiya», «Ikki qoya», «Ikki yoshlik» singari she’riy to‘plamlarini qardosh
va xorijiy xalqlar o‘z ona tillarida sevib o‘qiydilar. Adib dramatik asarlar ham yaratdi.
Uning «Xatarli yo‘l», «Tabassum o‘g‘rilari» (1977), «O’g‘rini qaroqchi urdi» (1984)
dramalari respublikamiz teatrlari sahnasida namoyish qilingan.
Shukrullo “Zarralar” (1973), «Suyanchiq» (1977), “Yashagim keladi” (1978), «Sening
baxting» (1986), she’riy majmualarini hamda «Kafansiz ko‘milganlar» romanini
o’quvchilar hukmiga havola etdi. U o‘zining “Zarralar” to’plamida o‘zbek she’riyatidagi
ruboiy janrini yangi mazmunda davom ettiradi. Ularda hayot saboqlaridan chiqariladigan
katta mazmundagi xulosalarini ixcham, lo’nda ifodalab berdi.
U o’zining “Toshkent, 26 tongotari» dostoni uchun Respublika Davlat mukofotiga
sazovor bo’lgan.
Shukrullo ham qatagonlik davrining ikkinchi to‘lqini jabrini chekkan, Sibirga badarg’a
etilgan o‘zbek ijodkorlaridan biri, sho‘ro hukumati lagerlarida og’ir azob-uqubatlarni o‘z
boshidan kechirgan jabrdiydalardan biri hamdir. Uning «Kafansiz ko‘milganlar» romani
ana shu voqealarning badiiy ifodasidir. Shukrullo ham ijodkor, ham jamoat arbobi, ayni
paytda O’zbekiston Prezidentlik Kengashi a’zosi vazifasida faollik ko’rsatmoqda. U
O’zbekiston xalq shoiridir.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993