Oddiy takror ishlab chiqarish – bu ishlab chiqarish miqyoslarining o‘zgarmagan holda takrorlanishini ifodalaydi. Odatda bunday ishlab chiqarish ko‘proq faqat o‘z ichki ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan an’anaviy iqtisodiyot sharoitidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun xos bo‘lgan.
Kengaytirilgan takror ishlab chiqarish – bu ishlab chiqarish miqyoslarini muntazam ravishda oshirib borishga asoslangan holdagi takrorlanishidir. Bu turdagi ishlab chiqarish barcha rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotining asosini tashkil etadi.
Ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijasida mamlakat miqyosida milliy mahsulot yaratiladi. Milliy mahsulot barcha moddiy va nomoddiy ne’matlar hamda xizmatlarni o‘z ichiga olib, uning hajmi iqtisodiyot taraqqiyotida ahamiyatli o‘rin tutadi. Shunga ko‘ra, milliy mahsulot hajmini aniqlash, uning tarkibi va harakat shakllarini o‘rganish doimiy ravishda iqtisodiyot nazariyasi fanining asosiy muammolaridan biri bulib hisoblanadi. Milliy mahsulot turli davrlarda turli malakatlarda turlicha atalib, turlicha hisobga olinishi mumkin. Masalan, sobiq ittifoqdosh respublikalar, Shu jumladan bizning respublikamizda ham oldingi davrda mamlakat bo‘yicha ishlab chiqarishda vujudga keltirilgan mahsulotlar yig‘indisi jami ijtimoiy mahsulot deb atalgan. Jami ijtimoiy mahsulot ko‘rsatkichida yil mobaynida yaratilgan moddiy ne’matlar yig‘indisi hisobga olingan, unda xizmat ko‘rsatish sohalarida vujudga keltirilgan ma’naviy ne’matlar va xizmatlar qiymati aks etmagan. Lekin bir ishlab chiqarish sohasidan chiqqan xom ashyo, materiallar, yonilg‘i va energiyalarning qiymati boshqa sohalarda ishlatilib, bir necha bor takror-takror hisobga olinib, mahsulotning hajmi sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilgan, iste’molga borib tushadigan tauyor mahsulot esa undan bir necha barobar kam bo‘lgan.
Mana shu takror hisoblashlarga barham berish uchun boshqa qator mamlakatlar bilan birgalikda bizning mamlakatda ham hozir milliy hisob tizimiga o‘tilib, endi mamlakatda vujudga keltirilgan milliy mahsulot, Ya’ni tovarlar va xizmatlar yig‘indisi yalpi ichki mahsulot deb atala boshlandi.
1.2.Yalpi ichki mahsulotning mazmuni,tarkibiy qismlari va harakat shakllari