Co’roq gaplar. So’roq gaplarda so’roq ma‘nosiga boshqa ma‘nolar ham qorishgan holda bo’lishi mumkin:
So’roqning o’zi: Salim keldimi?
So’roq-hayrat: Salim keldimi?
So’roq-taajjub: Yozda ham shunday yomg’ir yog’adimi?
So’roq-mamnunlik: Salim tugatdimi-a?
So’roq-gumon: Olib chiqarmikin?
So’roq-taxmin: Sen olim emasmisan?
So’roq-darak: Tugatdimi? (Ko’rdingmi, tugatdi ma‘nosida.)
So’roq-buyruq: Tezroq jo’namaysizmi?
So’roq gaplar kutilayotgan javobga munosabatiga ko’ra uch xil bo’ladi:
Sof so’roq gaplar javob talab qiladi: Bugun qaerga borasan?
Ritorik so’roq gaplar javob talab qilmaydi va mohiyatan darak, shaklan so’roq gap hisoblanadi: Onani sevmaydigan odam odammi?
So’roq-buyruq gaplar so’roq yo’li bilan buyurish ma‘nosini ifodalaydi: Tezroq kelmaysizmi?
So’roq gaplar mazmun hajmiga ko’ra ikki xil bo’ladi:
Umumiy so’roq. Bunda narsa yoki hodisa to’laligicha aniqlanadi: Bu nima? Bu kitobmi? Bunda javob kesimga tegishli bo’ladi.
Xususiy so’roq. Bunda narsa yoki xodisaning bir tomoni aniqlanadi: Bu qanday kitob? Kitobning varag’i qancha? Sen qaerdan kelding? Bunda javob so’roq olmoshi bilan ifodalangan kesimdan boshqa har qanday bo’lak bo’ladi.
So’roq gaplarda so’roq ma‘nosi quyidagi vositalarga tayanadi:
So’roq yuklamalari.
So’roq olmoshlari.
So’roq ohangi.
Buyruq gaplar. Buyruq gaplar tinglovchini biror predmetga biror ishni bajarishga undash, buyurish, qistash ma‘nolarini ifodalash uchun xizmat qiladi. Bunday ma‘noviy ko’rinishlar turli-tumandir. Shunga ko’ra buyruq gap o’z ichida har xil ko’rinishga ega bo’ladi.
Sof buyruq: Tez bor!
Buyruq-qistash: Borsang-chi!
Buyruq-iltimos: Menga ham bering.
Buyruq-maslahat: Yaxshisi, uyda qola qol.
Buyruq-tilak: Yashasin tinchlik.
Buyruq-chaqiriq: Olg’a!
Buyruq gapning bu turlari ohang jihatidan farqlanib turadi.
Buyruq gapning kesimi, odatda, buyruq maylining ikkinchi shaxs, ba‘zan uchinchi shaxs shaklidagi fe‘ldan bo’ladi: Bor! Chekilmasin! Kesim birinchi shaxs buyruq maylidagi fe‘ldan bo’lganda, gap oxangidagi qat‘iylik uni buyruq gapga aylantiradi: Nomus uchun kurashaylik!
Ba‘zi hollarda aniqlik maylidagi yaqin o’tgan zamon fe‘li ham buyruqni ifodalashi mumkin: Qani, jo’nadik!
Buyruq gaplar ko’pincha undalmali va undovli bo’ladi: 1.Hoy, tezroq yuringlar. 2.Bozor, bu yoqqa kel!
Undov gaplar. Nutqiy gaplar emotsionallikka munosabati nuqtai nazaridan ikkiga bo’linadi:
His- hayajonli gaplar.
His- hayajonsiz gaplar.
Gaplar, ifoda maqsadiga ko’ra qanday gap bo’lishidan qat‘i nazar, his-hayajonli yoki his-hayajonsiz bo’ladi. Qiyoslang:1. Men keltiraman - ifoda maqsadiga ko’ra darak gap, emotsianallikka ko’ra his-xayajonsiz gap. 2. Men keltiraman! - ifoda maqsadiga ko’ra darak gap, emotsianallikka ko’ra his-hayajon gap.
His-hayajonli gaplarda fikr bilan birgalikda so’zlovchining kuchli his-tuyg’ulari ham namoyon bo’ladi. Demak, darak, so’roq, buyruq gaplarga maxsus ohang berilishi natijasida his-hayajonsiz gaplar his-hayajonli gaplarga aylanadi. 1. Futbol boshlandi! 2. Otam keldimi?! 3. Hayda! Darak gaplar ko’pincha his-hayajonsiz, buyruq gaplar esa his-hayajonli bo’ladi.
His-hayajonli gaplar his-hayajon darajasiga ko’ra ikkiga bo’linadi:
Fikrni his-hayajon bilan ifodalovchi gaplar: Futbol boshlandi! Men keltiraman!
So’zlovchning emotsional tuyg’ularini ifodalovchi gaplar: Oh! Toy muborak! Ura!
His-hayajon gaplarning o’ziga xos fonetik, leksik va grammatik belgilari bor:
Maxsus ohangga egalik.
His-hayajon ifodalovchi so’zlarning gap tarkibida bo’lishi: eh, oh, naqadar, qaniydi va hokazo.
Gap bo’laklari tartibining o’zgarishi: Oltin bu vodiylar, jon O’zbekiston!
Emfatik urg’u olgan so’zlarni takrorlash: Sizdan so’radim, sizdan.
His-hayajon gaplar ko’pincha bir tarkibli bo’ladi: Ura! Dunay! Dunay!