Holning ma‘noviy turlari. Hollar nutqda gapdan anglashilgan mazmunning, kesim ifodalagan ish-harakat, holat, voqea-hodisaning o’rni, payti, tarzi, miqdor-darajasi, sababi, maqsadi, natijasi, sharti (qatorni yana davom ettirish mumkin) kabi ma‘nolarni ifodalaydi.
Boshqa gap bo’laklariga nisbatan holning ma‘noviy turlari nisbatan ko’proq ajratiladi. Lekin, olaylik, aniqlovchining rang-tus aniqlovchilari, xususiyat aniqlovchilari, hajm-shakl aniqlovchilarini ajratish grammatik, sintaktik qurilish nuqtai nazaridan mantiqsiz bo’lgani kabi, holning ma‘noviy turlari ham gap sintaktik qurilishi uchun daxlsizdir. Shuningdek, ko’p hollarda o’rin-payt hollarini (Botir urushda bilinadi), sabab va maqsad holini (O’qish uchun Toshkentga keldi), ravish va miqdor holini (Isroil qayta-qayta o’qidi) farqlash qiyin. Chunki hol va so’zlararo munosabatlar nutq sharoiti, voqea-hodisaning tabiatiga va so’zlovchining maqsadiga mos ravishda turlicha tovlanishi mumkin.
Hollarning tuzilish turlari. Lisoniy sintaktik qolipning asosiy xususiyatlaridan biri shuki, uni to’ldiruvchi nutqiy birliklar bir uzv huquqiga ega har qanday katta-kichiklikda bo’lishi mumkin.
Holning bir so’z bilan ifodalanishi: 1.Tog’am shaharga meni ham olib bordi. 2.Shalola shoshilib jo’nadi. 3.Qiz bilan salomlashib suhbatlashdi.
Holning so’z birikmasi bilan ifodalanishi: 1.Tog’am notanish shaharga meni ham olib bordi.2.Shalola favqulodda shoshilib jo’nadi. 3.Qiz bilan do’stlarcha salomlashib suhbatlashdi.
Demak, bir so’z shakl bilan ifodalangan hol sodda hol va kengaygan (birikma holidagi) birikma bilan ifodalangan hol murakkab hol deyiladi.
Holning ifodalanishi. Hol barcha mustaqil so’z turkumlari bilan ifodalanadi.
Fe‘l: Shalola shoshilib gapirdi.
Ot: Uydan chiqarib ketdi.
Sifat: U yaxshi o’qiydi.
Son: Bir keldi, bir ketdi.
Olmosh: Bunda ari keltiradi bol.
Taqlid: U piq-piq kuldi.
Ravish: Ish kech tugadi
Holning kesimga bog’lanish usullari bitishuv va boshqaruvdir. Bitishuv aloqasida hol vazifasida tobe uzvlik vazifasiga xoslangan so’zlar keladi. Ular sifat, ravish, son, olmosh va taqlidlardir.
1.Vazifani xo’b uddaladi (sifat).
2.Qo’qqisdan kulib yubordi (ravish).
3.G’ung’ir-g’ung’ir suhbatlashdi (taqlid).
4.Bir gapirib, o’n kular (son).
5.Kun botguncha kelmadi (fe‘l)
Ot, fe‘l, olmosh hol vazifasida kesimga boshqaruv usulida bog’lanadi. Buning uchun ot kelishik shakillari va ko’makchi, o’xshatish, fe‘l esa ravishdosh va o’xshatish shakllariga ega bo’ladi: 1.Shahardan qaytdi. 2.Shoshilib gapirdi. 3.Odamdek yashadi. 4.Uxlagandek yotardi.
Holning kesimga birikishida bog’lanish omillari munosabati quyidagicha bo’ladi:
1.[SHMJ-MSHJ]:1.Uydan keldi. 2. Go’dakday kuldi. 3. Shoshilib gapirdi.
2.[MJSH-MSHJ]: 1.Tez o’qirdi. 2.Qo’qqisdan kulib yubordi. 3.Chindan qiynaldi.
Demak, hol va kesimning bog’lanishida birikuvchi unsurlarda bog’lanish omillari munosabati ikki xil kombinatsiyali bo’ladi: [SHMJ-MSHJ] va [MJSH-MSHJ]. Bu hol va kesim birikuvida LSQlardan biri [Wmsh-WPm] va ikkinchisi [W-WPm] ekanligini ko’rsatadi.
Aytilganidek, so’z kengaytiruvchilari gapning konstruktiv bo’laklari sirasiga kirmaydi, balki so’zlarning lug’aviy ma‘nolarini muayyanlashtiruvchi vosita sanaladi.
To’ldiruvchi ham nutqiy gap qurilishida so’z kengaytiruvchisi sifatida ishtirok etadi va fe‘l bilan ifodalangan har qanday bo’lak yoki bo’lak qismining ma‘noviy valentligini to’ldiradi. To’ldiruvchini faqat kesimga bog’lanadi deb tushunish yaramaydi. Quyidagi gaplarga diqqat qiling: 1.Kitobni olib kel. 2.Kitobni olib kelishni unutma. 3.Kitobni keltirish sening vazifang. 4.Kitobni to’shunishning yaxshi tomonlari ko’p.
Ko’rinadiki, to’ldiruvchi birinchi gapda kesimga (olib kel), ikkinchi gapda to’ldiruvchiga (olib kelishni), uchinchi gapda egaga (keltirish), to’rtinchi gapda aniqlovchiga (tushunishning) bog’langan. Kesimga bog’langanda ham undagi Pm ma‘nolariga emas, balki W ga tortiladi - uning ma‘nosini oydinlashtirishga xizmat qiladi. To’ldiruvchi qaysi gap bo’lagiga aylanishidan qat‘i nazar, shu bo’lak ifodalanayotgan fe‘lning ma‘nosini muayyanlashtiradi. To’ldiruvchi so’z kengaytiruvchisi bo’lganligi bois u kengaytirayotgan ma‘nosi muayyanlashayotgan so’z gap bo’lagi maqomiga ega bo’lmasligi ham mumkin. Yuqorida aytilganidek, kesim, ega, hol gapning konstruktiv bo’laklari bo’lib, to’ldiruvchi va aniqlovchi bo’lakning bo’laklari sifatida keladi. Bu, ayniqsa, kengaygan ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi gap bo’laklari modeliga ega bo’lganda, yaqqol ko’zga tashlanadi. E‘tibor bering: 1.Shalola kitobni keltirdi. 2. Kecha kitobni keltirgan Shalola bugun kelmadi. Birinchi gapda kitobni to’ldiruvchisi kesimga bog’langan. Ikkinchi gapda esa aniqlovchiga (keltirgan) tobelangan. Birinchi gapda to’ldiruvchi kesim (keltirdi) ning emas, balki uning tarkibiy qismi bo’lgan keltir fe‘li ma‘nosini izohlagan va gap bo’lagining bo’lagiga daxldordir. Ikkinchi gapda esa aniqlovchi (so’z kengaytiruvchisi) ning kengaytiruvchisi vazifasida kelgan. To’ldiruvchi o’zi bog’lanayotgan fe‘lning ob‘ekt valentligini to’ldiradi va, shunga muvofiq ravishda, uning mazmunidan shaxs/predmetlik ma‘nosi anglashilib turadi.
Ko’pincha to’ldiruvchi va holni farqlash qiyin bo’ladi. Masalan, Baliq dengizda yashaydi, Samalyot havoda uchadi gaplaridagi dengizda, havoda so’zlari hol yoki to’ldiruvchi ekanligini aniqlash mushkul. Chunki bu so’zlarda vosita yoki o’rin ma‘nosini keskin ajratish qiyin. Shuningdek, harakatni bajarish vositasini ifodalovchi gap bo’lagini uning predmet yoki nopredmetlik ma‘nosidan qat‘i nazar, to’ldiruvchi yoki fe‘l deb atashning o’zi ham muammolidir. Chunki ular bir vaqtning o’zida nimada so’rog’iga ham, qanday, qay holda, qay yo’sinda so’roqlariga ham javob bo’lishi tabiiylikka yaqin hamda ularning mohiyatini to’laroq ochishga xizmat qiladi. Shuni alohida ta‘kidlash kerakki, misollardagi so’zlarning bunday so’roqlarni olishida o’rin-payt kelishigi ko’rsatkichining roli muhimdir. O’rin ma‘nosini ifodalovchi -da kelishik shakli gap propozitsiyasining tayanch bo’lagi bo’lgan makonni ifodalashda alohida mavqega ega. Ma‘lumki, makon va zamon ma‘nosidagi hollar gap kesimini shakillantiruvchi [Pm] ning o’rin va payt ko’rsatkichlariga mos keladi. Xususan, quyidagi ko’rinishli:
yashayman
Men hozir Qarshida o’qituvchiman
xursandman
ikkinchiman
gaplarida o’rin ma‘noli Qo’qon so’zi bilan yasha fe‘li orasida, Qo’qon so’zi bilan o’qituvchi so’zi orasida, shuningdek, sifatga xos xursand, songa xos ikkinchi so’zlarining bir-biriga bog’lanish xususiyatlari yo’q edi. Keyin keluvchi hokim uzvga kesimlik qo’shimchalarining qo’shilishi unga kengayishi imkoniyatini berdi va natijada [WPm] hosilasi bo’lgan gap shaxs kengaytiruvchisi qatorida o’rin va payt kengaytiruvchilariga ham ega bo’ldi. Demak, zikr etilgan gaplarda qatnashgan havoda, dengizda so’zshakllaridagi o’rin-payt shakli Pm ta‘siriga berilgan bo’lib, bu ularning gap kengaytiruvchilari ekanligidan dalolat beradi. To’ldiruvchi esa so’z kengay tiruvchisi bo’lib, Pm ga befarqdir.
To’ldiruvchining ma‘no turlari. To’ldiruvchi o’zi birikayotgan fe‘lning tabiatiga ko’ra vositali va vositasiz turlarga ajraladi.
Vositasiz to’ldiruvchi bilan birikish faqat o’timli fe‘llarga xos. Shu boisdan vositasiz to’ldiruvchi o’timli fe‘lning ob‘ekt valentligini to’ldiruvchi so’z kengaytiruvchisidir. Vositasiz to’ldiruvchi vazifasida bosh yoki tushum kelishigidagi so’z keladi.
1.Bosh kelishikdagi vositasiz to’ldiruvchi:
Bunda bulbul kitob o’qiydi.
Bunda qurtlar ipak to’qiydi.
Bunda ari keltiradi bol,
Bunda qushlar topadi iqbol.
2.Tushum kelishigidagi vositasiz to’ldiruvchi:
1.Sen bahorni sog’inmadingmi?.
2. Har bir tuki kiyimlarini teshib chiqib ketgan edi.
Vositasiz to’ldiruvchi vazifasidagi so’z turli-tuman ma‘nolarni ifodalaydi.
Vositasiz to’ldiruvchi o’timli fe‘lga bog’lanadi deyish o’timli fe‘l vositasiz to’ldiruvchini qabul qila olmaydi degani emas. O’timli fe‘llar ham vositali, ham vositasiz to’ldiruvchini o’ziga biriktiradi. O’timsiz fe‘llar esa faqat vositali to’ldiruvchilarnigina o’ziga biriktiradi.
Vositasiz to’ldiruvchi bevosita harakatni o’z ustiga olgan predmetni anglatsa, vositali to’ldiruvchi harakat qamrab olgan, lekin harakatga daxldor bo’lmagan predmetni ifodalaydi. Vositali to’ldiruvchi turli grammatik ko’rsatkichlar bilan ifodalanadi.
jo’nalish kelishigi: Senga oldim.
chiqish kelishigi: Sendan oldim.
o’rin-payt kelshigi: Menda qoldi.
ko’makchi: Sen uchun oldim.
To’ldiruvchining tuzilish turlari. Boshqa bo’laklar kabi to’ldiruvchilar hamda sodda yoki murakkab bo’ladi:
1.Sodda to’ldiruvchi bir so’z yoki bir so’zga teng birliklar bilan ifodalanadi:
1.Xotirangiz mening xotiramdan o’tkir ekan. 2. U yana Pushkinga murojaat qildi. 3.Turmushimizda hamma narsa bir-biri bilan bog’liq.
2.Murakkab to’ldiruvchi kengaygan birikmalar bilan ifodalanadi:
1.Men Mirzacho’lni ham, Surxon diyorining Sherobod dashtini ham, Farg’ona vodiysining Yozyovon qumliklarini ham ko’rganman. 2.Hasharchilarning shart-sharoitlarini yaxshilash, ularga yordam ko’rsatish to’grisida ko’rsatma berildi.3.Tevarak-atrof qushlar chug’uriga, anvoyi gullar isiga to’lib ketdi.
Izohlanayotgan fe‘lning bo’sh o’rnini to’ldirishda sodda to’ldiruvchi ham kengaygan to’ldiruvchi ham bir xil mavqega ega bo’ladi - u qancha kengaygan bo’lmasin, baribir bir o’rinni to’ldiradi. Bir so’zdan iborat to’ldiruvchiga ham, bir necha so’z bilan kengaygan to’ldiruvchiga ham fe‘l valentligidan bitta bo’sh o’rin «ajratilgan».
Aniqlovchi ва уning ifodalanishi. Aniqlovchi ot bilan ifodalangan, shuningdek, bo’lak yoki bo’lak bo’laklarining, undalma yoki kirish birikmalarining kengaytiruvchisidir. To’ldiruvchi kabi aniqlovchi ham so’z kengaytiruvchisi sifatida gap tarkibida qatnashayotgan otlarning lug’aviy valentligini to’ldiruvchi vosita sifatida namoyon bo’ladi va gap konstruktiv tuzilmasi o’rin egallamaydi. Uning lisoniy satrga aloqadorligi muayyanlashuvchi otning qanday valentligiga muvofiq kelishi va uni sintaktik aloqa bilan voqelantirishidir.
Aniqlovchi so’z kengaytiruvchisi ekan, u istagan gap bo’laklariga tobelanishi mumkin:
1.Kesim aniqlovchisi: Nilufar a‘lochi talaba.
2.Ega aniqlovchisi: Kimning gapi to’g’ri.
3.Hol aniqlovchisi: So’lim va xushhavo vodiyda o’rnashdilar.
4.To’ldiruvchi aniqlovchisi: Bizning yorni ko’rgan bormi(
5.Undalma aniqlovchisi: Xayr endi, yashil vodiy, xushmanzara tog’.
Aniqlovchi mustaqil holda biror bo’lakka bog’lanishi ham, kengaytiruvchilar tarkibida kelishi ham mumkin. Qiyoslang:
Bir yonda lojuvard Bahri muhit bor
Bir yonda zafaron Sahroyi kabir
Bir yonda oq sochli tog’lar purviqor
Sening toleinga o’qiydi takbir
Misralardagi lojuvard so’zi Bahri muhit (ega), zafaron so’zi esa Sahroyi kabir (kesim) so’ziga aniqlovchi bo’lib, bo’laklar kengaytiruvchisi sifatida namoyon bo’lgan. Uchinchi misradagi sochli so’zi tog’lar (ega) so’ziga tobelangan bo’lib, o’z navbatida oq so’zini o’zi tobelangan.
Aniqlovchi gapda turlicha ifodalanishga ega. Aniqlashning o’ziga xosligiga ko’ra, aniqlovchining materiali ham, shunga muvofiq, uning kengayuvchi so’z bilan sintaktik aloqasi ham turlicha bo’ladi.
Aniqlovchining turlari. Predmetning qandayligi, tusi, xususiyati, maza-ta‘mi, shakli, tabiati kabilarni muayyanlashtirish lozim bo’lganda aniqlovchi sifat, sifatdosh, ba‘zan ot turkumlaridan bo’lgan so’zlar bilan ifodalanadi. Biror shaxs yoki predmetga qarashlilikni anglatish zaruriyati bo’lganda aniqlovchi ot yoki ot o’rnidagi so’z bilan ifodalanadi. Shunga ko’ra, aniqlovchi ikki xil bo’ladi:
1.Belgini muayyanlashtiruvchi aniqlovchi (sifatlovchi)
2.Qarashlilikni muayyanlashtiruvchi aniqlovchi (qaratuvchi).
Sifatlovchi aniqlovchi quyidagicha ifodalanadi:
1.Sifat bilan: A‘lo mamlakatning a‘lo farzandi, bilib qoyki, seni vatan kutadi.
2.Sifatdosh bilan: Oqar daryo oqmasdan qolmas.
3.Ravish bilan: Kechagi noxush manzarani bir umr unutmasa kerak.
4.Son bilan: O’ninchi yillarning sargardonligi.
5.Belgi aniqlovchisi (sifat vazifasidagi) ot bilan: anor yuz, oltin kuz.
6.Olmosh bilan: Qaysi yuzim bilan unga qarayman?
Qaratuvchi aniqlovchi quyidagi so’zlar bilan ifodalanadi:
1.Ot yoki ot o’rnidagi so’z: 1.Ona yerning otash qaridan, o’g’lim degan nido keladi.(E.V.)2. Mening ikki onam bor.
2.Otlashgan so’z bilan: 1.Ko’pning duosi ko’l 2.O’qiganning tili ko’p uzun bo’ldi.
Aytilganidek, aniqlovchi mohiyatan uch xil bo’ladi: sifatlovchi, qaratuvchi, izohlovchi.
Sifatlovchi. Sifatlovchi birikmada tobe uzv (sifatlovchi) xokim uzvning biror xususiyatini aniqlab keladi va unga tobe aloqaning bitishuv yo’li bilan bog’lanadi. Sifatlovchining qo’llanishida ikki holatni farqlash lozim.
1.Sifatlovchining sifatlanmish ma‘nosini toraytirishi-muayyanlashtirishi: Oq ilon, oppoq ilon, oydinda yotganing qani. Bunda oq so’zi bilan ifodalangan sifatlovchi sifatlanmish zamiridagi tushunchani ajratish, farqlash vazifasini bajargan (qora ilon, sariq ilon).
2.Sifatlovchining ta‘kid vazifasitni bajarishi. Bunda ajratish, muayyanlashtirish vazifasi kuzatilmaydi: oppoq qor, oq sut bergan ona, oq paxta. Bu holat nutqiy jihatdan me‘yoriy bo’lsa-da, lisoniy nuqtai nazardan ortiqlik sanaladi. Chunki qor, sut, paxta tabiatan oq bo’lganligi sababli uni yana aniqlovchi bilan takrorlab o’tirishga hojat bo’lmaydi.
Sifatlovchi vazifasida tabiatan tobe uzvlikka xoslangan so’zlar kelganligi bois, u sifatlanmishga bitishuv yo’li bilan bog’lanadi. Sifatlovchi vazifasida kelgan otlar ham «tobega xos»lardek xususiyat kasb etib, hokim uzvga bitishuv yo’li bilan bog’lanadi.
Sifatlovchi qaratuvchili birikmaga kengaytiruvchi bo’lganda, ikki holat farqlanadi. Sifatlovchi bunda qaratuvchili birikmaga butunicha yoki undan faqat qaratuvchiga kengaytiruvchi sifatida namoyon bo’lishi mumkin. Quyidagi gaplarda sifatlovchi kengaytiruvchining kengayuvchiga munosabatini qiyoslaymiz: yangi xo’jalik rahbari - yangi xo’jalik rahbari. Birinchi gapda yangi so’zi xo’jalik so’zining kengaytiruvchisi bo’lib, bu hokim so’zning qaratqich kelishigini olishini taqozo etadi. Keyingi birikuvda yangi sifatlovchisi xo’jalik rahbari birikmasining kengaytiruvchisidir.
Sifatlovchilar ketma-ket kelib sifatlovchilar zanjirini tashkil etadi. E‘tibor bering: Sifatlanmish uyushiq holatda bo’lganda sifatlovchining barcha uyushgan birikmalarga yoki ularning biriga tegishli ekanligi anglashilmay qoladi. Bunda belgining qaysi birlikka xos ekanligi matndan, biriktiruvning valentlik imkoniyatlaridan va boshqa nutqiy omillkardan ayon bo’lib turadi.
Sifatlovchi va sifatlanmish orasiga izofa shaklida - sifatlanmish-sifatlovchi ko’rinishini olgan bo’lish mumkin: majnuni gumrox, devonai Mashrab, oynai jahon va boshqalar. Bunday birikuvlar o’zbek nutqi nuqtai nazaridan sifatlovchili birikma sifatida qaralishi ma‘qul emas.
Sifatlovchi va sifatlanmish tobelanishida uning birikuv omillari MJSH tartibida bo’ladi. Chunki sifatlovchi maxsus ko’rsatkichlarsiz tobe uzv maqomini egallaydi. Shu boisdan unda shakliy omil o’ta kuchsizlanadi. Sifatlovchi va sifatlanmish orasiga so’z kiritish, ularni bir-biridan uzish imkoniyati bo’lmaganligi, bog’lanishda sintaktik pozitsiya ustivor ahamiyatga ega bo’lganligi bois joylashuv omili faollashadi. Birikuvda ma‘noviy omil birinchi o’rinda bo’ladi. Uning joylashuv omilidan ustunligi birikuvchi unsurlarning ma‘noviy muvofiqligi har doim ham ahamiyatli bo’lib qolishi bilan belgilanadi.
Qaratuvchi aniqlovchi. Qaratuvchili birikmada qaralmishdan anglashilayotgan predmet yoki predmet tasavvuridagi narsaning qaratuvchidan anglashilgan narsa/shaxsga mansublik, tegishlilik ma‘nosidagi daxldorligi anglashiladi. Qaralmish vazifasidagi so’zning lisoniy valentligida qaratuvchi to’ldiruvchiga qaram bo’lgan bo’sh o’rin fakultativ, nozaruriydir. Shu boisdan qaralmish egalik qo’shimchalari bilan shakllanib, bu lisoniy nozarurlikni zaruriyatga aylantiradi.
Qaratuvchi va qaralmish munosabati ikki tomonlamadir. Birinchi a‘zo (qaratuvchi) qaratqich kelishigi yoki bosh kelishik bilan, hokim a‘zo esa egalik qo’shimchasi bilan yoki usiz shakllanadi.
1.Qaratuvchining qaratqich kelishigi bilan shakllanishi: olmaning shoxi, ammamning daftari, Salimning kitobi.
2.Qaratuvchining bosh kelishikda bo’lishi: mart oyi, bozor kuni, nafrat hissi.
3.Qaralmishning egalik qo’shimchasisiz shakillanishi: bizning uy, sizning ayvon, Bizning yorni ko’rgan bormi(
Qaratuvchili birikmadan bu vazifada kelayotgan so’zlarning o’zaro munosabatlaridan turli ma‘nolar anglashilishi mumkin:
1.Qarashlilik: Azizaning kitobi, mening onam.
2.Xoslik: olmaning bari, piyozning pusti.
3.Butun bo’lak: stolning oyog’i, uyning eshigi,
4.Tur-jins: olmaning yaxshisi, odamning aqllisi.
5.Bajaruvchi va harakat munosabati: bolaning yig’isi, itning hurishi.
Bu ma‘nolarning barchasi [Ism q.k. - Ism e.q. = qaratuvchi va qaralmish] qolipi emas, balki so’zlarning ma‘noviy munosabatlari hosilasidir.
Qaralmishdagi egalik affiksi qaratuvchining qaysi shaxsda ekanligini bildirib turadi. Shu boisdan ko’p hollarda qaratuvchi qo’llanilmasligi ham mumkin: ukang, kitobing kabi. Bunda ta‘kid muhim rol oynaydi. Qaratuvchini ta‘kidlash lozim bo’lganda, u, albatta, qo’llanadi. Boshqa hollarda qaratuvchining qo’llanishi nutqiy ortiqchalikni keltirib chiqaradi.
Umuman, qaratuvchining qo’llanmasligi quyidagi hollarda yuz beradi:
1.Qaratuvchi vazifasida o’zlik olmoshi qo’llanishi lozim bo’lganda: Salim o’rtoqlariga xat jo’natdi.
2.Qaratuvchidan anglashilgan ma‘no birinchi gaplardan ma‘lum bo’lib turgan bo’lsa, uslubiy ortiqchalikdan qochish maqsadida: Men sevgan qizimga uylandim. (Mening) Xotinimning otasi savdogar edi.
3.Ta‘kidlash lozim ko’rilmaganda: Bog’imda anorim bor.
So’z kengaytiruvchilari va gap kengaytiruvchilarining muvofiqlashuvi va farqlanishi. So’z kengaytiruvchisi so’z semantik imkoniyatidagi bo’sh o’rinlarni to’ldiruvchi antantlardir. Aktantlar nutqiy gaplar tarkibida so’z birikmalarini hosil qiladi. Bu birikuvchilarda bo’sh o’rinlari to’ldirilayotgan (biriktiruvchi) so’z hokim so’z, bush o’rinni to’ldirayotgan so’z tobe so’z sifatida namoyon bo’ladi. Masalan, qizil olma birikuvida qizil so’zi olma so’zi zamiridagi ma‘noviy mohiyatning «belgi» ma‘no bo’lakchasini muayyanlashtiruvchi aktant bo’lib, olma so’ziga «xizmat qilayotganligi» bois unga tobe unsur maqomida bo’ladi. Demak, biror so’zga tobelanib kelayotgan so’z bo’sh o’rinni to’ldiruvchi, aktant atamalari bilan yuritiladi. Ana aktantlar nutqda, an‘anaviy tahlil usullari asosida aytganda, ega, hol, to’ldiruvchi, aniqlovchi atamalari bilakn nomlanadi. Biroq bu atamalar ostida tushuniluvchi hodisalar so’z kengaytiruvchilari va gap kengaytiruvchilari farqlanishi nuqtai nazaridan baholansa, butunlay boshqa holat vujudga keladi. Kengayuvchi so’z gapning kesimi mavqeida kelganda, gap kengaytiruvchilari gap lisoniy strukturasiga bevosita daxldor bo’ladi. Masalan, Jahongir kitobni tez o’qidi gapining lisoniy struktur sxemasi quyidagicha:
Bundagi uchta so’z bevosita konstruktiv bo’laklari voqelantiruvchidir. Bular: Jaxongir, tez, o’qidi. Faqat kitobni so’zi bevosita o’qi so’zi orqaligina lisoniy strukturaga daxldor bo’ladi. Bular Jahongir tez o’qigan kitobni men olaman tarzida o’zgartirilsa, oldingi gapda gap kengaytiruvchisi va gapning konstruktiv bo’laklari ifodalovchilari bo’lgan Salim, tez so’zlari endi oldingi mavqelaridan mahrum bo’ladi. Ulardagi konstruktiv bo’laklarga bevosita daxldorlik bilvositalikka, gap kengaytiruvchilik so’z kengaytiruvchilikka aylanadi.
Oldingi gapda bevosita gap kesimidagi Pm ga daxldorlik kasb etib turgan Jahongir va tez so’zlari kesimdagi atov birligi (W) kengaytiruvchisi bo’lgan kitobni so’zshaklining aktanti hisoblangan o’qigan so’zining kengaytiruvchilaridir.
Ko’rinadiki, gapning konstruktiv tizimidan faqat Pm ga bog’langan hokim uzv o’rin oladi. Hokim uzvga tobelangan, ergashib kelayotgan aktantlar nutqiy gap tarkibidagina bo’ladi. Nutqiy gap qanchalik kengaymasin, u, kengaymagan ko’rinishida bo’lgani kabi, lisoniy strukturaga bir xil daxldor bo’ladi. Misolga murojaat qilamiz: Shavkat tayyorlanayotganda bexabar edi. Bu gapning struktur sxemasi quyidagicha:
Ko’rinadiki, bu gap qanchalik keng bo’lmasin, uning struktur qolipi o’ta sodda va oldingi nutqiy gap qolipidan mutlaqo farqlanmaydi.
So’zlarning nutqiy voqelanishi ular bevosita konstruktiv bo’lakka bog’langanda yuz beradi. Konstruktiv bo’lak bo’lishi uchun kesimlik shakllanishi zarur bo’ladi. Chunki kesim mavjud bo’lsagina, unga bog’langan ayrim so’zlar konstruktiv bo’lak tabiatiga ega bo’ladi. Masalan, Qizim Muniraning yosh rassomlar ijodiy festivali butun jahon bosqichi mintaqa tanlovida yuqori o’rinni egallashi nutqiy hosilasi xabar ifodalash xususiyatiga ega emas. Chunki unda kesim yo’q. Demak, bu hosila gap emas va unda gap bo’laklari ham mavjud emas. Bu hosila gap qolipiga daxldor qilinsa, qolip to’ldiruvchisi maqomini olsa, so’zlardan mutlaq hokimlarining mavqei o’zgaradi va boshqalari ham shu hokim unsur orqali gap qolipiga kiradi. Bu yoyiq unsur gapda kesim, ega, hol kabi konstruktiv bo’laklar mavqeini egallashi mumkin.
Kesim: Mening orzuim - qizim Muniraning yosh rassomlar ijodiy festivali butun jahon bosqichi mintaqa tanlovida yuqori o’rinni egallashi.
Ega: Qizim Muniraning yosh rassomlar ijodiy festivali butun jahon bosqichi mintaqa tanlovida yuqori o’rinni egallashi -mening orzuim.
Hol: Qizim Muniraning yosh rassomlar ijodiy festivali butun jahon bosqichi mintaqa tanlovida yuqori o’rinni egallaganligi uchun biz behad ruhlandik.
Demak, dastlabki nutqiy hosila gap tarkibiga kiritilsa, undagi bosh kengayuvchi unsur (egallashi) gapning konstruktiv bo’lagiga aylanadi, sifat o’zgarishiga uchraydi, gap qolipiga bevosita daxldorlik kasb etadi. Lekin uning kengaytiruvchilari u orqali - bilvosita gap qolipiga aloqador bo’ladi, ular mavqeidagi o’zgarish sifat o’zgarishi darajasida bo’lmaydi.
So’z va gap kengaytiruvchilari bir-biriga aylanib turadigan hodisalardir. Masalan, Kecha kelgan bolani tanimadim gapida kecha so’zi kelgan so’zining kengaytiruvchi. Lekin Bola nega keldi? gapida u gap kengaytiruvchisi maqomini olgan. Birinchi birikuvda u kelgan so’zshaklidagi zamon ma‘nosiga bog’langan. Ikkinchi gapda esa so’zshakl kesimlik kategoriyasi tarkibidagi zamon ma‘nosiga daxldordir. Kecha kelgan bola birikuvidagi kelgan so’zshaklidagi zamon ma‘nosi bilan keldi so’zshaklidagi zamon ma‘nosi farqlanadi. Birinchi so’zshakldagi zamon sifatdosh shaklining ma‘nosi bo’lsa, keldi gap markazida tasdiq-inkor, modallik, shaxs-son va kesimlik pozitsiyasi unsurlari sistemasidan iborat butunlikning tarkibiy qismidir. To’g’ri chiziq uchburchakning tomoni sifatida boshqa mohiyatga, kvadratning tomoni sifatida boshqa mohiyatga ega bo’lgani kabi, zamon ham Kecha kelgan bola birikuvida boshqa, Bola kecha keldi birikuvida boshqa butunlikning tarkibiy qismidir. Harakatning bajaruvchisi ham goh so’z kengaytiruvchisi, goh gap kengaytiruvchisi sifatida namoyon bo’lishi mumkin. Salim kecha kelgan. Salim kecha kelganda men yo’q edim juftligining birinchisida Salim gap kengaytiruvchisi (ega), ikkinchi gapda esa so’z kengaytiruvchisidir, ya‘ni konstruktiv bo’lak emas. Shuningdek, keltirilgan misoldagi mintaqa bosqichida unsuri egallashi so’zi kesim mavqeida kelganda konstruktiv bo’lak, boshqa hollarda (hol va ega bog’langanda) esa so’z kengaytiruvchisidir.
Demak, ma‘lum bo’ladiki, muayyan aktant birlikning gap yoki so’z kengaytiruvchisi mavqeida bo’lishi kengayuvchi so’zning sintaktik mavqei bilan belgilanadi.
Gap bo’lagi maqomida so’z ham, so’z birikmasi ham kelishi mumkin. Gap bo’lagi vazifasida kelgan so’z o’z kengaytiruvchilari bilan bir butun holda bitta gap bo’lagi (yoki bo’lakning bo’lagi) sanaladi.
Gapni bo’laklarga ajratish va so’z birikmasiga ajratish sintaktik tahlilning ikki xil ko’rinishidir. Gapni bo’laklarga ajratish kommunikativ birlik tahlili bo’lsa, so’z birikmalariga ajratish nominativ birlik tahlilidir.
Demak, to’ldiruvchi va aniqlovchi so’z kengaytiruvchilari bo’lganligi bois gap bo’laklari tahlilida e‘tiborga olinmaydi. Gapni so’z birikmalariga ajratishda esa kengayuvchi so’z kengaytiruvchi so’z bilan birikma sifatida olinadi. Gap kengaytiruvchilari biror so’z (atov birligi) ma‘nosini emas, balki kesimlik qo’shimchasi ma‘nosini muayyanlashtirganligi bois, so’z birikmalari sifatida olinmaydi.
Demak, xulosa qilish mumkinki, so’z kengaytiruvchilari va gap kengaytiruvchilari munosabatidan kelib chiqqan holda so’z birikmalari tahlilini gap bo’laklari tahlili bilan qorishtirmaslik kerak.