Qadimgi Eron xalqlarining madaniyatini o‘rganishda yozma manbalarning o‘rni muhimdir. Chunki Eronda ham dunyoning eng qadimgi madaniyat o‘choqlari qoldiqlari bizga qadar etib kelgan. Eron xalqlarining qadimgi madaniyati, ko‘hna sharq xalqlari madaniyatining ajralmas tarkibiy qismidir.
Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da Eron hududlarida Ahmoniylar davrigacha ham davlat tuzimi bo‘lganligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Bu qabilaviy ittifoqlar shaklidagi davlatlar harbiy demokratiya asosida tashkil topgan edi.
Eronda qadimdan zardushtiylik xudolari Axuramazda (oliy xudo), Axriman (yovuzlik xudosi), Mitra (quyosh xudosi), Anaxita (suv va hosildorlik iloxasi) va boshqa ilohlarga sig‘inilgan. Fors podsholari zardushtiylikning afzalligini tan olib, rasmiy din sifatida qabul qilgan bo‘lsalarda, Ahmoniylar imperiyasida mavjud bo‘lgan boshqa xudolardan voz kechilmagan.
1755-1761 yillarda Fransuz olimi Anketil Dyuperron Hindistonning Guxlorot viloyatida Eron zardushtiylarining avlodlari-porslarning urf-odatlari va diniy marosimlari bilan tanishib chiqdi. Ulardan Avestoning ayrim duolarini ko‘chirib, diniy ahkomlarini o‘qishga muyassar bo‘ldi.
Mil. avv. I mingyillikning 1-yarmida o‘rta Osiyoda vujudga kelgan zardushtiylik dini mil. avv. VI-V asrlarda fors o‘lkasiga keng tarqalgan edi. Doro 1 bu dinning afzalligini yaxshi tushundi va rasmiy davlat diniga aydlanishiga imkon berdi. Ammo bu din umumimperiya dini emas edi. Shu bilan birga fors podsholari Misrdagi Neyt xudosi va Yaqin Sharqdagi Yaxve xudolarini ulug‘lanishiga to‘sqinlik qilmadilar.
Binokorlik va naqqoshlikda Pasargad, Persopol va Suzadagi binolar yuqoridagi fikrlarga dalil bo‘la oladi. Shu bilan birga Naqshi Rustam (Persopol yaqinidagi) tasvirlar Ahmoniylar davrida san’atning nechog‘lik yuksalganini
ko‘rsatadi. Masalan, Pasargad dengiz sathidan 1900 metr balandlikda keng maydonda joylashgan bo‘lib, bu erda Kir II ning sag‘anasi qurilgan.
Persopolning umumiy maydoni 135 000 kv. m. bo‘lib, shahar xom g‘ishtdan urilgan devor bilan o‘ralgan. Sharqiy tomondan esa qoyaga taqalgan. Persepolga keng 110 ta zinapoyali yo‘lak bilan kirib borish mumkin edi. Kiraverishdagi saroy (Apadana) Doro 1 tomonidan qurilgan. Bu saroyning old qismi 3600 kv. m. bo‘lib, saroy qurilishida tosh ustunlardan keng foydalanilgan. Ustunlarning balandligi 20 metrga teng. Doro 1 davrida Suza shahrida ham ulkan qurilish ishlari olib borilgan. Bu erdagi saroylarni qurish uchun 12 ta mamlakatdan hunarmandlar olib kelingan.
Ahmoniylar me’morchilik san’atining yorqin namunalaridan yana biri mil. avv. V asrda Persopolda qurilgan “Yuz ustunli zal”dir. Uning balandligi Apadananikidan biroz kichik. Bu zalga kiraverishdagi peshayvonda buqalarning haykallari bo‘lib, har bir qatori 8 ustun bilan bezatilgan. Mazkur ustunlar ma’lum bir vazifani bajargan. Saroyning markaziy qismida to‘rtburchak shakldagi zalning tomini yuzta ustun ko‘tarib turgan. Bunday binokorlik uslubi Misrda qo‘llanilgan bo‘lib, ustunlarning balandligi va serhashamligi saroyga go‘zal husn berib turgan.
Ahmoniylar madaniyati, ko‘p hollarda sun’iy ravishda turli-tuman qismlardan tarkib topgan, ulkan va murakkab organizm edi. Uning rasmiy san’ati ham ko‘p millatli madaniyatni o‘zida mujassamlashtirgan. Eron arxitekturasi va haykaltaroshligida Old Osiyoning emirilgan saltanatlari, avvalo Ossuriyaning, tajribasi o‘zlashtirilganligi yaqqol ko‘rinib turadi. Suza va Persepoldagi serhasham saroylarining qurilishida saltanatning barcha viloyatlaridan olib kelingan eng yaxshi ustalar ishlagan. Bu yerda Eron, Yunon, Misr, Bobil arxitekturasi qorishib ketganini ko‘rish mumkin.
Ahmoniylar Mesopotamiyaning qadimiy mixxat yozuvini o‘zlashtirib oladilar. Shu bilan birga joylarda imperiya tarkibidagi xalqlar yozuvini ham ishlatganlar. Misol uchun, 105 metr balandlikdagi Behistun qoyatosh bitigida mixxat yozuvi ishlatilgan. Qadimgi forslar oy kalendaridan foydalanib, unda 1 yil 354 kunni tashkil qilgan. 12 ta oy, 29 yoki 30 kunga bo‘lingan. Shu tariqa quyosh kalendaridan 11 kun farq qilgan. Har 3 yilda oy va quyosh kalendarlari orasidagi
farq 33 kunni tashkil qilgan. Oradagi farqni yo‘qotish uchun yil hisobiga qo‘shimcha o‘n uchinchi oy qo‘shilgan. Shu bilan birga imperiya hududida boshqa kalendarlar ham bo‘lgan.