OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TA’LIM VAZIRINING BUYRUG‘i OLIY TA’LIM MUASSASALARIDA TALABALAR BILIMINI NAZORAT QILISH VA BAHOLASH TIZIMI TOʻG‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 26-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3069] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻg‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:1. Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi toʻg‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirining 2018-yil 9-avgustdagi 19-2018-son buyrug‘iga ILOVA 6.1 Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi toʻg‘risidagiNIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻg‘risida”gi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom 2018-2019 oʻquv yilida, shuningdek keyingi oʻquv yillarida oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan talabalarning bilimini nazorat qilish hamda baholashda qoʻllaniladi.2. Mazkur Nizom talablari qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni modul tizimiga asoslangan oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashda qoʻllanilmaydi.3. Talabalar oliy ta’lim muassasalari professor-oʻqituvchilari tomonidan birinchi mashg‘ulotda mazkur Nizom talablari bilan tanishtirilishi shart.4. Talabalar bilimini baholashda malakaviy amaliyot, kurs ishi, fan (fanlararo) davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi, shuningdek magistratura bosqichida ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlar hamda magistrlik dissertatsiyasi boʻyicha mazkur Nizomda belgilangan baholash mezonlari qoʻllaniladi.