Yaxshi tavsiyalarga ishonmang.Ehtimoldan holi emas, bojangiz yoki qadrdon bo‘lib qolgan o‘rtog‘ingiz o‘z moliyaviy maslahatchisini og‘iz ko‘pirtirib maqtaydi. Ammo u o‘zining muayyan investitsiyalari va haqiqiy daromadlari to‘g‘risida aniq ma’lumot bermaguncha uning maslahatlari o‘z mexanigini unda faqat texnik yordam mashinasi borligi uchungina maqtayotgan kishining gaplaridan ko‘ra ishonchli emas. Faqat do‘stlaringiz muhokama qilinayotgan masala mohiyatini tushunishlariga ishonch hosil qilgandan keyingina ularning gaplariga ishoning. Axir, o‘zbeklarda “Chumchuq so‘ysa ham - qassob so‘ysin!”, - deb bekorga aytilmagan-ku!;
Diplo va turli guvohnoma-yu, sertifikat3larga doim (ko‘p hollarda) ham ishonavermang. Inson moliyaviy maslahatchi lavozimini egallashining o‘zi u tegishli litsenziyaga ega ekanini, ko‘plab imtihonlar topshirganini va doimiy, masalan dunyoning nufuzli joylarida (Davos, Sankt-Peterburg va h.k.) o‘tkaziladigan konferensiyaga o‘xshash ko‘plab konferensiyalar ishtirokchisi bo‘lganini anglatadi. Undan tashqari, hozirgi sharoitda dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida tegishli shaxslarni tijorat asosida ana shunday hujjatlar bilan ta’minlovchi ko‘plab firmalar ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bois, uning diplom va guvohnoma-yu, sertifi-katlariga ishonishdan oldin undan moliyaviy maslahatchi bo‘lgunga qadar nima ish qilganini so‘rang. Ko‘pchilik bu faoliyat sohasiga savdo sohasidan keladi. Ammo borgan sari ko‘pchilik moliyaviy maslahatchilar buxgalterlik, muhandislik, o‘qituvchilik va yuridik tajribaga ega kishilar bo‘lib chiqmoqda. Esda tuting: faqat ularning oldingi ixtisoslashuvini inobatga olgan holdagina, Siz ularning professional (kasbiy) bilimlaridan o‘z manfaatingiz yo‘lida nafli tarzda foydalana olishingiz mumkin. Buning ustiga, yuqorida ta’kidlanganidek, bu yerda ham o‘zbeklarda “Chumchuq so‘ysa ham - qassob so‘ysin!”, - deb bekordan-bekorga aytilmagani esingizdan chiqmasin;
Qizil bayroqlar. Sizga bozor narxi juda arzon aksiyalarni, soliqni ushlab qolish (to‘lamaslik) huquqini (tax lien), turli tangalar, san’at asarlari, uchqur otlarni sotishga intiladigan va qisqa muddat ichida pulingizni bir necha barobar ko‘paytirib berishga harakat qilayotgan har qanday maslahatchidan uzoqroq yurganingiz ma’qul. Shuning uchun esingizda tursin: bozorlarni, yoki biror “s ir tutiladigan” strategiyadan ogohligini baralla aytayotgan har qanday inson yoki ahmoq, yoki firibgardir.
Ikkinchidan, “Zamonaviy moliya”ni o‘rganishning sababi shundan iboratki, moliya sohasida asosiy bilimga ega bo‘lish har qanday faoliyat sohasi uchun ham zarur. Hatto moliya sohasini o‘z ixtisosi sifatida tanlamagan kishi uchun ham moliyachilar foydalanadigan konsepsiya, usul va terminologiyani bilish zarur. Masalan, o‘zingiz to‘laydigan daromad solig‘i yoki mol-mulk solig‘i xususida, hech bo‘lmaganda, eng oddiy tasavvurlarga ega bo‘lmasangiz, u holda soliqchi yoki soliq organi tomonidan “chalingan har qanday musiqa”ga o‘ynashdan o‘zga chorangiz qolmaydi. Olayotgan pensiyangizga nisbatan ham xuddi shunday fikrni bildirish mumkin va h.k. “Musiqa” qonuniy chalingan bo‘lsa-ku, yaxshi-ya, ammo aksincha bo‘lsa-chi? U holda, hech bo‘lmaganda, bu unga shu mutaxassislar bilan bemalol muloqot qilish va o‘z muammolarini hal qilish uchun ularni jalb qilish imkonini beradi.
Uchinchidan, ajab emas (ehtimol), Sizni zamonaviy (amaliy) moliya sohasida karera qilish qiziqtirib qolsa. Sir emas, bu sohada karera qilish uchun ulkan imkoniyatlar borki, kelajakda ular o‘z samarasini beradi, albatta. Buning uchun inson zamonaviy moliyaning barcha sir-asrorlarini egallashi lozim. Moliyachilarning aksariyat qismi iqtiso-diyotning moliya sohasida - banklarda, sug‘urta kompaniyalarida yoki investi-tsiyalarni boshqarish sohasida ishlaydi. Ammo ko‘pchilik moliyachi mutaxas-sislar xoh xususiy bo‘lsin, xoh davlat tashkiloti, nomoliya tashkilot-larining moliya bo‘yicha boshqaruvchisi sifatida faoliyat yuritadilar. Ba’zilar esa akademik karerani afzal ko‘radilar.
Uy xo‘jaliklari, xususiy firmalar va hukumat tashkilotlari doimo moliyaviy maslahatchilar maslahatlariga muhtoj bo‘ladilar (ehtiyoj sezadilar). Bundan tashqari, moliya sohasida ta’lim olish kelajakda tashkilot rahbari sifatida karera qilish uchun ishonchli poydevor bo‘lishi mumkin va bo‘ladi ham. Shu o‘rinda, bilib qo‘ying: dunyodagi yirik korpo-ratsiyalarning oliy toifadagi rahbarlari o‘z mehnat faoliyatini, dastlab, aynan moliyachi sifatida boshlaganlar.
To‘rtinchidan, moliya tizimi tub asoslari mohiyatini tushunish asoslangan fuqarolik qarorlari qabul qilish uchun zarur. Moliya tizimi iqtisodiy hayoti bozor munosabatlariga asoslangan har qanday jamiyat infratuzilmasining eng muhim qismi hisoblanadi. Keng tarqalgan fikrga ko‘ra moliya institutlari ishini to‘g‘ri tashkil etish mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va taraqqiyoti uchun puxta zamin yaratadi. Biz, fuqaro sifatida, ko‘pincha siyosiy qarorlar qabul qilishimizga to‘g‘ri keladi. Bu qarorlar, oxir oqibat, mamlakat moliyaviy tizimi ishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, depozitlarning hukumat tomonidan sug‘urtalanishiga qarshi chiqayotgan yoki fond bozoridagi bitimlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishga chaqirayotgan siyosatchiga ovoz berish to‘g‘ri bo‘ladimi? Agar shunday qilinsa, buning oqibati nimalarga olib kelishi mumkin?
Beshinchidan, ko‘pchilik shunchaki o‘z bilim doirasini kengaytirish uchun ham “Zamonaviy moliya”ni o‘rganadi va shunga qiziqadi. Zamonaviy moliya qonuniyatlarini bilish dunyoqarashni kengaytiradi va tashqi dunyo qaysi qonuniyatlarga asosan rivojlanayotganini bilishga yordam beradi.
Moliya sohasidagi ilmiy izlanishlar uzoq tarixga ega. A. Smitning 1776 yilda chop etilgan “Xalqlar boyligi tabiati va sabablari borasida tadqiqotlar” kitobini ko‘pchilik iqtisod fani (ilmi)ning ibtidosi deb hisoblaydilar. So‘ngi yillarda zamonaviy moliya nazariyasi moliya sohasiga ixtisoslashgan iqtisodchilar tomonidan ishlab chiqilmoqda va takomil-lashtirilmoqda. Bu 1990 va 1997 yillarda iqtisod sohasida Nobel muko-fotiga moliya nazariyasi va amaliyotiga ulkan hissa qo‘shgan olimlar sazovor bo‘lganligi bilan ham tasdiqlanadi4.
mavzu. Moliyaviy qarorlar Reja:
Uy xo‘jaliklari qabul qiladigan moliyaviy qarorlar
Firmalar qabul qiladigan moliyaviy qarorlar
Uy xo‘jaliklari qabul qiladigan moliyaviy qarorlar
Odatda, tarkibi va hajmi (o‘lchami) turlicha bo‘lgan oilalar uy xo‘jaliklari deb ataladi. Bunda qutbning bir tomonida (bir tarafida) bir necha avlod vakillaridan tashkil topgan, bir uyda yashaydigan va ma’lum iqtisodiy resurslarga birgalikda egalik qiladigan katta oilalar tursa, qutbning ikkinchi tomonida (qarama- qarshi tarafida) bir o‘zi yashaydigan va an’anaviy oila tushunchasiga mos kelmaydigan yakka inson turadi. Ammo “Zamonaviy moliya”da bunday oila ham uy xo‘jaligi hisoblanadi.
Amaliyotda uy xo‘jaliklari tomonidan, odatda, to‘rt xil moliyaviy qarorlar qabul qilinishiga to‘g‘ri keladi. Ularni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
Pul mablag‘larini iste’mol qilish va jamg‘arish to‘g‘risidagi qarorlar.
Oila boyligining qaysi qismini iste’molchilik ehtiyojlariga sarflash mumkin? Joriy daromadning qaysi qismini kelajakda sarflash uchun saqlab qo‘yish va jamg‘arib borish kerak?
Investitsiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan (investitsion) qarorlar. Mavjud jamg‘armalarni qaysi (qanday) aktivlarga yo‘naltirish (joylash-tirish) kerak?
Moliyalashtirish to‘g‘risidagi qarorlar. Uy xo‘jaligi o‘z iste’-molchilik va investitsion rejalarini amalga oshirish uchun qachon va qay tarzda qarz olingan mablag‘dan foydalanishi kerak?
Riskni boshqarish (riskiy boshqaruv) bilan bog‘liq qarorlar. Uy xo‘jaliklari qanday qilib va qanday shartlarda moliyaviy vaziyat mavhumligi (noaniqligi) darajasini kamaytirishlari kerak va yo‘l qo‘yiladigan risk darajasini qachon oshirishlari zarur?
Shunday qilib, uy xo‘jaliklari tomonidan qabul qilinadigan moliyaviy qarorlarni chizmada quyidagicha aks ettirish mumkin (2.1-rasm):
rasm. Uy xo‘jaliklari tomonidan qabul qilinadigan moliyaviy qarorlar.
Uy xo‘jaliklari o‘z daromadlarining ma’lum qismini kelajakda sarflash uchun jamg‘arib qo‘yishlari natijasida ular umumiy boylik jamg‘armasini (pool of wealth) to‘plab qo‘yadilar. Va ular turli shakllarda saqlanishi mumkin. Kimdir pullarni bankdagi hisob raqamlarida saqlashni afzal ko‘rsa, kimdir ko‘chmas mulkka yoki biror biznesga tikadi (yo‘naltiradi, joylashtiradi). Bu mablag‘larning umumiy nomi bor. Ular aktivlar (assets)