Moliyaviy siyosat davlat faoliyatining nisbatan mustaqil sohasi bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ijtimoiy faoliyatning har qanday sohasida davlat siyosatini amalga oshirishning muhim vositasi hisoblanadi. Bu yerda uning iqtisodiyot, sotsial soha, harbiy islohotlar yoki xalqaro munosabatlar bo‘lishi prinsipial ahamiyatga ega emas. Siyosat, siyosiy ta’sir va siyosiy rahbarlik quyidagi uch elementlardan tarkib topadi:
bosh maqsadni aniqlash va qo‘yish hamda jamiyat hayotining ma’lum bir davriga xos qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun yechilishi zarur bo‘lgan istiqboldagi va yaqin kunlardagi vazifalarni aniqlab olish;
qo‘yilgan maqsadlarga qisqa muddatlarda erishiladigan, yaqin davrdagi va istiqboldagi vazifalar esa oqilona tartibda hal qilinadigan munosabatlarning metodlari, vositalari va konkret shakllarini ishlab chiqish;
qo‘yilgan vazifalarni yechishga qodir bo‘lgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning bajarilishini tashkil qilish.
Moliyaviy siyosatga quyidagicha boshqa ta’rif berish ham mumkin:
Yuqorida bayon qilingan fikrlardan quyidagi uch mantiqiy xulosa kelib chiqadi:
• birinchidan, moliyaviy siyosat faqat o‘z manfaatlarini ko‘zda tutadigan hokimiyat organlarining u yoki bu maqsadlarga erishishining vositasi emas, balki jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini yechish vositasi bo‘lishi kerak;
• ikkinchidan, davlatning moliyaviy siyosati faqat davlat hokimiyat organlarining emas, balki moliyaviy tizim barcha subyektlarining manfaatlarini hisobga olishi lozim;
• uchinchidan, davlat moliyaviy siyosati va davlat hokimiyat organlarining moliyaviy siyosati aynan bir xil narsa emas, ularni bir-biridan farq qilishini tushunish kerak.
Takror ishlab chiqarishning alohida ehtiyojlarini qondirish va uzluksiz takror ishlab chiqarish jarayonini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun ijtimoiy boylikni shakllantirish, taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlariga yo‘naltiriladigan maqsad va vazifalarning yechilishini aniqlash moliyaviy siyosat deyiladi.
Moliyadan foydalanishning metodlari, uni tashkil qilishning amaliy shakllari va metodologik prinsiplarining majmui (yig‘indisi) moliyaviy siyosat deyiladi.