Davlat valyuta monopoliyasi – valyuta boyliklari (valyutaviy boyliklar) bilan operatsiyalarni amalga oshirish yoki operatsiyalarni amalga oshirishni ma’lum organlar, korxonalar, firmalar zimmasiga o‘tkazishga ruxsat berish, valyutaviy mablag‘lardan foydalanish tartibini belgilash bo‘yicha davlatning tanho huquqi. Valyuta operatsiyalarini reglamentatsiya (tartibga solib turish) qilishni, valyutaviy mablag‘lardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirishni va ularning qo‘llanilish samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishni taqoza etadi.
Daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya– o‘tgan davr mobaynida olingan daromadlar, mulklar va ularga tegishli bo‘lgan soliq chegirmalari hamda imtiyozlari to‘g‘risida soliq to‘lovchining rasmiy arizasi. Jismoniy shaxslarni soliqqa tortishda asosiy moliyaviy hujjat bo‘lib, ulardan olinadigan daromad solig‘ining hajmini aniqlash uchun fuqarolarning daromadlari unda qayd etiladi.
Daromad solig‘ining shedulyar shakli– daromadning manbaini inobatga olgan holda uning qismlarga (shedullarga) bo‘linishini taqoza etadi. Dastlab, Buyuk Britaniya soliq tizimida qabul qilingan. Unga ko‘ra har bir shedul o‘ziga xos tarzda soliqqa tortiladi. Bunday tartib daromadni o‘zining manbai oldida “tutish”ni maqsad qilib qo‘yadi. Mamlakatda bu sohada oltita shedul amal qilib, ularning ayrimlari yana ichki taqsimlanishga ham ega. Masalan, “A” shedul o‘z tarkibiga mulkdan olinadigan daromadlarni (yerga mulkchilikdan, bino va inshootlarga egalikdan, uy yoki xonani ijaraga berishdan olinadigan daromadlarni), “V” shedul tijoriy
maqsadlar uchun foydalaniladigan o‘rmon massivlaridan olinadigan daromadlarni, “S” shedul davlat qimmatbaho qog‘ozlaridan olinadigan daromadlarni, “D” shedul tijoriy ishlab chiqarish faoliyatidan olinadigaen daromadlarni (bu shedulning tarkibiga daromadlarning juda ko‘p turlari kirganligi uchun uning o‘zi yana olti qismga bo‘linadi), “E” shedul ish haqi, pensiya, nafaqa va boshqa mehnat daromadlarini va nihoyat, “F” shedul Buyuk Britaniya kompaniyalari tomonidan to‘lanadigan dividendlar va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oladi.