Xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyat ko‘rsatkichlari, moliyaviy ahvoli, pul mablag‘larining harakati haqida axborotlar yuzasidan analitik xulosalarni chiqaradi, joriy va istiqboldagi rivojlanish ko‘rsatkichlariga baho beradi va ularni yaxshilash yuzasidan muhim chora-tadbirlarni belgilaydi.
Subyektlar qabul qiladigan iqtisodiy qarorlarda pul mablag‘larini ko‘paytirish, ularning ko‘payish vaqtini aniq hisob-kitob qilish va natijaga erishishga umid qilishdagi qobiliyatini baholash muhim masala hisoblanadi.
Bu borada tahlil:
- xo‘jalik yurituvchi subyektlariga ichki va tashqi ta’sir birliklarini hisobga olgan holda faoliyatning tizimli tahlilini amalga oshirishga;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarining joriy va istiqboldagi ko‘zlangan maqsadlariga erishish yuzasidan mavjud imkoniyatlarni aniqlashga;
- xo‘jalik yurituvchi subyektining rivojlanish tendensiyalari dinamikasiga baho berishga;
- xo‘jalik yurituvchi subyektni kelgusida yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarini ishga solishning iqtisodiy, moliyaviy manbalarini izlab topish va amalga oshirishga yordam beradi.
Tahlil – xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida obyektiv reallikni, jarayonlar, erishilgan natijalar yuzasidan quyidagi vazifalarni bajaradi:
-boshqaruv jarayonini takomillashtirishga;
- boshqaruv samaradorligini oshirishga;
- boshqaruv sifatini ta’minlashga;
- raqobatbardoshlikni oshirishga imkon beradi.
Tahlilning boshqaruvdagi roli– boshqaruv subyektlariga boshqaruv obyektini (xo‘jalik jarayonlari va hodisalari, ularning samarasi va natijalari yuzasidan boshqaruvning) maqbul yechimlarini berish yuzasidan zaruriy axborotlar bilan ta’minlashdan iborat. Tahlilning boshqaruvdagi o‘rni – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning xo‘jalik-tijorat-moliya faoliyatining joriy holatiga baho berish va uni kelgusida yanada rivojlantirish yuzasidan tizimli yechimlarni boshqaruv subyektlariga yetkazib berishdan iborat. Tahlilning boshqaruvdagi ahamiyatini– xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy, moliyaviy ahvoli, uning kelgusidagi kutilishlari, pul mablag‘lari kirimi va chiqimidagi ijobiy farqlanishlar, kapital hajmini oshirishdagi kompleks o‘rganishlarning zaruriyligini ifodalaydi.