O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar Tayyor mahsulotlar deganda nima tushuniladi?
Mahsulot sotish hisobi oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?
Tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish sohasidan omborxonaga o‘tkazishda qaysi dastlabki hujjatlar to‘ldiriladi?
Tayyor mahsulotlarni sotishdan olingan daromadlarlar deganda nima tushiniladi?
Mahsulotni yuklab jo‘natishda qanday hujjatlar qo‘llaniladi?
Tayyor mahsulot yuklab jo‘natilganda buxgalteriya hisobida qanday hisobga olinadi?
Sotilgan mahsulotlar bo‘yicha aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘iga qanday provodka beriladi?
Tayyor mahsulotlarningi xarakati qaysi xujjatlarda rasmiylashtiriladi?
Mahsulot sotish bilan bog‘liq bo‘lgan sotish xarajatlariga qanday aniqlanadi?
Konsignatsiya bo‘yicha sotilgan tovarlar buxgalteriya hisobida qanday rasmiylashtiriladi?
9-BOB. XUSUSIY KAPITAL HISOBI
9.1. Xususiy kapital hisobining maqsad hamda vazifalari Yangi tashkil etilayotgan korxonalar o‘z moliyaviy va moddiy resurslarini mustaqil shakllantiradi. Bunday resurslar, odatda, korxona ta’sischilari tomonidan o‘z xususiy mulklarini ustav kapitaliga ulush sifatida qo‘shish bilan yaratiladi.
Kompaniya faoliyatini tashkil etish davrida kompaniya ta’sischilari tomonidan o‘z moliyaviy resusrlarini ustav kapitalini shakllantirishga yo‘naltiradi.71 Shuning uchun ham turli mulkchilik shaklidagi korxonalarni tashkil etish bosqichida xususiy kapitalning shakllanishi hisobiga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki, xususiy kapital moliyaviy aktivlar bilan ta’minlashning asosiy manbai hisoblanadi.
Korxonaning xo‘jalik faoliyati uchun zarur bo‘lgan uning moddiy va nomoddiy boyliklari, pul mablag‘lari va moliyaviy qo‘yilmalarining jami – korxonaning kapitalidir.
Korxonaning xususiy kapitali – bu uning netto-aktivlari bo‘lib (sof aktivlar, mol-mulkning mulkdorlarga tegishli bo‘lgan sof qiymati), u aktivlar bilan majburiyatlar o‘rtasidagi ayirma sifatida aniqlanadi.
Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav kapitali ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar. Jamiyatning o‘z hissasini to‘la qo‘shmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha har bir ishtirokchi hissasining to‘lanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar bo‘ladilar.72 Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav kapitali ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlardagi ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat deb hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulklari bilan hamma uchun bir xil bo‘lgan va qo‘shgan hissalari qiymatiga nisbatan jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘ladilar. Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ishtirokchilari javobgarligining eng yuqori miqdori qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustavida nazarda tutiladi.73 Ustav kapitali jamiyatning aksiyadorlarga nisbatan majburiyatlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan xo‘jalik yurituvchi subyekt aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlarini qo‘lga kiritadi. Jamiyat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, cheklanmagan muddatga tuziladi.
Agar bir (asosiy) xo‘jalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xo‘jalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeiga ega bo‘lgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo bo‘lmasa boshqacha tarzda ikkinchi xo‘jalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega bo‘lsa, ushbu ikkinchi xo‘jalik jamiyati sho‘’ba xo‘jalik jamiyati hisoblanadi.74 Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat xo‘jalik jamiyatiga qarashli ovoz beradigan aksiyalarning yigirma foizidan ko‘prog‘iga ega bo‘lsa, bunday xo‘jalik jamiyati qaram jamiyat deb hisoblanadi.
Davlat organining qaroriga muvofiq davlat mulki bo‘lgan mol-mulk negizida operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi (davlat korxonasi) tashkil etilishi mumkin.
Mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona deb e’tirof etiladi. Xususiy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shaklidir. Xususiy korxona o‘z mulkida alohida mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin. Xususiy korxona o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Fermer xo‘jaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanuvchi, mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyektdir. Fermer xo‘jaligi O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining asosiy subyektidir.75 Xususiy kapital – bu korxonaning aktivlari va majburiyatlari o‘rtasidagi farqdir. Mol-mulk bilan bog‘liq barcha qarzlar to‘langanidan so‘ng, o‘z kapitalingizni har qanday aktivga egalik qilish huquqiga ega deb hisoblashingiz mumkin.76 Xususiy kapital - barcha majburiyatlarni chegirib tashlangandan keyin korxonaning aktivlarini bir qismidir, ya’ni xususiy kapital - bu mulkdorning firmadagi egaligiga oid ulushidir. Bu qoldiq ulush sifatida ta’riflanadi, chunki firma aktivlaridan majburiyatlarni ayirgandan keyin qolgan summasini tashkil etadi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki ba’zi me’yoriy - huquqiy hujjatlarda va ilmiy adabiyotlarda xususiy kapital tarkibidagi ko‘rsatkichlar turlichaligini va ularga berilgan tariflar ham noaniqligini ko‘rishimiz mumkin.
Masalan, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunning 19 - moddasida xususiy kapital - ustav kapitali, qo‘shilgan va zahira kapitalidan hamda taqsimlanmagan foydadan tarkib topadi deyilgan.
Shuningdek, I.A.Zavalishina ham xususiy kapitalni manbalar bo‘yicha quyidagi tarkibiy qismlarga bo‘lgan77:
- ustav kapitali;
- qo‘shilgan kapital;
- rezerv kapitali;
- taqsimlanmagan foyda;
- maqsadli jamg‘armalar (grantlar va subsidiyalar);
- rezervlar.
21 - sonli BHMSda xususiy kapital tarkibida qonunda sanab o‘tilgan ko‘rsatkichlar bilan birgalikda “sotib olingan xususiy aksiyalar”, “maqsadli tushumlar” hamda “kelgusi xarajatlar va to‘lovlar rezervi” nomli ko‘rsatkichlar ham sanab o‘tilgan. 5-shakl “Xususiy kapital to‘g‘risida”gi hisobotda ham huddi shu nomli ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumot berish uchun joy ajratilgan: