Bog’lovchi-yuklamalarning mohiyati. Ammo ayrim so’zlarning bog’lovchilik tabiatidan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, bog’lovchilarning miqdori, ularning mohiyati, turlari hanuzgacha aniq belgilanganicha yo’q. Masalan, chog’ishtirish bog’lovchilariga go’yo, go’yoki kiritiladi. Ammo bu so’z gap bo’laklari yoki gaplarni bog’lash uchun xizmat emas, balki o’xshatish, qiyoslash ma’noli konstruktsiyalarda shu ma’noni ta’kidlash uchun xizmat qiladi, o’xshatish, qiyoslash ma’nosi esa boshqa vositalar bilan ifodalanadi: Beda orasi juda issiq, go’yo quyoshning butun olovi beda ichiga yashiringanday. (Oyb.) Nay sadosining mayin to’lqinlari tip-tiniq havoda yoyilarkan, go’yo hammayoq jonlangan kabi tuyuldi. (Oyb.)
Hozirgi o'zbek tilida yuklamalar.
Yordamchi so’zlar.Yuklamalar haqida. Yuklamalar mustaqil so‘zlarga yoki gapga qo‘shimcha ma’no berish uchun xizmat qiladigan yordamchi so‘zlardir. Yuklamalar so‘z o‘zgarish xususiyatiga ega bo‘lmagan yordamchi so‘zlardandir. Ular tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: 1) so‘z yuklamalari: hatto, faqat, nahotki, axir, kabilar;2)affiks yuklamalar:-gina,-mi,-chi, -a (-ya) -ku, -yu, -u kabilar.
Yuklamalar ma’nolariga ko‘ra quyidagi guruhlarni tashkil etadi:
So‘roq va taajjub yuklamalari: -mi, -chi, -a, -ya. Bu yuklamalar so‘zlarga yoki gaplarga taalluqli bo‘lib, asosan gapni so‘roq gapga aylantiradi. Shuningdek, so‘zga yoki gapga quyidagicha qo‘shimcha ma’no bo‘yoqlar qo‘shadi:
-mi yuklamasi: 1) taajjub, hayrat, e’tiroz bilan birga so‘roq, ma’nosini anglatadi: Yopiray, shunday sovuq kuni ham suvga tushib bo‘ladimi? 2) noaniqlik, gumon ma’nosini ifodalaydi: Bu kitobni Olimdami, Abrordami ko‘rgan edim, shekilli. –chi yuklamasi: 1) buyruq, do‘q, iltimos bildiradi. Bunda -chi ko‘pincha buyruq maylidagi fe’llar bilan birga keladi: qani yonimga yaqinlashib ko‘r-chi(do‘q); qani, qalamingni berib tur-chi (iltimos); avval kitobni o‘qib ko‘ray-chi(xohish); 2) shart maylidagi fe’llar bilan birga kelganda ham qistash, istak, iltimos kabi ma’nolarni bildiradi:Tez yursang-chi (qistash), dadam uyda bo‘lsalar-chi (shubha, gumon), yaxshisi, sen biznikiga kelsang-chi (taklif).