Mich Elbom. Morrining seshanba darslari
www.ziyouz.com
kutubxonasi
71
– Demak, agar hayotingizni qaytadan yashash imkoni boʻlganda,
yana farzand koʻrishni tanlarmidingiz? — soʻradim men.
Suratga koʻz tashladim: Rob Morrining peshonasidan oʻpib
qoʻyayotgan, Morri esa koʻzlarini yumgancha kulayotgan edi.
– Yana farzand koʻrishni tanlarmidim? — dedi u, hayrat bilan menga
boqib,
– Mich, men hech qachon bunday imkoniyatni qoʻldan
chiqarmasdim. Garchi…
U
bir yutinib olib, suratni tizzasiga qoʻydi.
– Garchi bu juda qimmatga tushsa ham, – dedi u.
– Chunki bari bir ularni tark etasiz.
– Chunki ularni tez orada tark etaman.
U lablarini qisib, koʻzini yumdi. Yanogʻiga bir tomchi koʻz yosh
yumalaganini koʻrdim.
– Endi esa, – shivirladi u, – sen gapirasan.
– Men?
– Oilang haqida. Ota-onangni bilaman. Ular bilan ancha yillar oldin –
bitiruv oqshomida tanishganmiz. Oilangizda qiz
farzand bor, a?
– Ha, – dedim men.
– Sendan katta, toʻgʻrimi?
– Ha, opam bor.
– Yana bitta oʻgʻil farzand ham bor, toʻgʻrimi?
Men bosh irgʻatdim.
– Sendan kichikmi?
– Ha, ukam.
– Menga oʻxsharkansan, – dedi Morri. – Mening ham ukam bor.
– Oʻxshash ekanmiz, – dedim men.
– U ham bitirish oqshomingga kelgandi-ya?
Men kiprik qoqdim. Bir lahza 16 yil oldingi hammamiz yigʻilgan kun
koʻz oldimga keldi: quyoshli jazirama kun, moviy ridolar, quyosh
nurlaridan koʻzimiz qisilgan, suratga tushish uchun bir-birmizning
yelkamizdan quchoqlayapmiz, kimdir sanaydi “bir, ikki, uuuch…”