1.1 YOrdamchi so‘zlarning grammatik tabiati.
Ko‘makchilar haqidagi bu fikrdan quyidagi muhim xulosalar kelib chiqadi:
-ular nutqda so‘zlarni o‘zaro bog‘lovchi grammatik vositadir;
-grammatik vosita bo‘lish jarayonida ularda ma`lum grammatik ma`nolar ham shakllanadi;
-bu grammatik ma`nolarni anglatish imkoniyatlari o‘zidan oldin kelgan so‘zlarga bog‘liq bo‘ladi. Buning ustiga ko‘makchilar bo‘lmasa bu oldin kelgan so‘zning o‘zi ham ana shu ma`nolarni bera olmaydi. Faqatgina ularning birikuvigina bu ma`nolarni keltirib chiqarishi mumkin;
-so‘zlarning ko‘makchilar bilan birikish yo‘llari va ularning bir xil qolip va mazmunda boshqa ko‘makchilar hamda kelishik ko‘rsatkichlari bilan sinonimlik munosabatlari shu darajada turli-tuman va rang-barangki, ular o‘z-o‘zidan bu turkum so‘zlarning stilistik imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi.
SHunday qilib, yuqorida nomlari sanab o‘tilgan va mazkur ishda qisman tahlil qilingan kuzatishlar natijasi o‘laroq o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilar o‘zining nazariy bahosiga ega bo‘ldi, yordamchi so‘zlar tizimidagi o‘rni belgilandi, nutq jarayonidagi grammatik vazifalari aniqlab olindi.
Bu o‘rinda shu narsani ta`kidlash zarurki, ular ma`lum ma`noda mustaqil so‘zlar bilan yordamchi so‘zlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, “yordamchi so‘zlar mustaqil so‘zlardan kelib chiqqan” degan fikrni doimo eslatib turadi. Bu nozik munosabatlarni payqagan H.Ne`matov ularga nisbatan “mustaqil-yordamchi so‘zlar” atamasini qo‘llaydi va bu atamaning mohiyatini quyidagicha tushuntirib beradi: “… morfologik qo‘shimchalarga qisman yaqinlashadigan yordamchi so‘zlar bilan mustaqil so‘zlar orasida mustaqil leksik xususiyatini yo‘qotmagan, yordamchi funktsiyada kela oladigan ko‘plab so‘zlar bordir. Bunday so‘zlar sirasiga yordamchi fe`llar, ot ko‘makchilar, ravish ko‘makchilar va boshqalar kiradi. Bu xildagi so‘zlar, birinchidan, mustaqil qo‘llanila olish va mustaqil leksik ma`no anglatishga qodir bo‘lsa, ikkinchidan, ular yordamchi so‘zlar sifatida qo‘llanilib, turli grammatik ma`nolarni ifodalashga ham xizmat qiladi; lekin shunda ham so‘z o‘zgartirish qobiliyatini yo‘qotmaydi (yordamchi fe`llarga nisbat, mayl-zamon, shaxs-son qo‘shimchalari, ot ko‘makchilarga egalik va kelishik affikslari qo‘shila oladi)”. (NH,48).
“Mustaqil va sof yordamchi so‘zlardan farqlash maqsadida ham mustaqil, ham yordamchi vazifasida kela oladigan so‘zlarni mustaqil-yordamchi so‘zlar deb ataymiz.
Sof ko‘makchilar funktsiyasi, morfologik o‘zgarmasligi, alohida urg‘uga ega emasligi, mustaqil so‘zlarsiz qo‘llana olmasligi bilan, qisman bo‘lsa-da, qo‘shimchalarga (kelishik affikslariga) o‘xshasa, mustaqil-yordamchi so‘zlar morfologik xususiyatlari, yakka holda qo‘llanila olishi bilan mustaqil so‘zlarga yaqin turadi. Demak, mustaqil-yordamchi so‘zlar sof yordamchi so‘zlar va sof mustaqil so‘zlar orasida oraliq o‘rinni egallaydi”.(NH,48-49).
“Mustaqil va sof yordamchi so‘zlar orasidagi munosabatlarni oraliq uchinchisiz – mustaqil-yordamchi so‘zlarsiz aniqlash qiyin. SHuning uchun yordamchi so‘zlarni hech qanday mustasnosiz yo qo‘shimchalar, yoyinki so‘zlar sostaviga kiritish bir tomonlama fikrdir; yordamchi so‘z turkumlarida ularni qo‘shichalar bilan yaqinlashtiruvchi elementlar ham, mustaqil so‘zlar bilan ham yaqinlashtiruvchi elementlar mavjud”, deydi va buni til tizimidagi oraliq uchinchi hodisa sifatida belgilaydi. (NH,49-50).
Ko‘makchilarning leksik ma`noga ega emasligi, ularning o‘ziga xos lingvistik birlik ekanligi bundan 55 yil muqaddam H.Berdiyorov tomonidan asoslab berilgan edi. Jumladan, olim bu haqda quyidagilarni yozgan edi: “So‘ngko‘makchilar gapda turli sintaksistik munosabatlarni bajarib, gapning biror bo‘lagiga bog‘langan holda qo‘llaniladi. So‘ngko‘makchilar mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan, mustaqil holda qo‘llana olmasligi, sintagmalarni yoki so‘zlarni birlashtirish, kengaytirish qobiliyatiga ega emasligi, morfologik tomondan ayrim semantik morfemalarga bo‘linmasligi, urg‘uni qabul qilmasligi, gapning biror mustaqil bo‘lagi bo‘lib kelolmasligi bilan ajaralib turadi. Ular gapda ishtirok etgan so‘zlarga bog‘lanib kelgandagina atash, sabab, maqsad, fazo kabi qo‘shimcha ma`nolarni ifodalab keladilar”. (BH,127). YAna: “So‘ngko‘makchilar gap ichida mustaqil mavqeni (holat) egallay olmaydilar, shuning uchun ham ular gap bo‘laklari bo‘lolmaydilar. Bu esa ularning qadimgi vaqtda mustaqil leksik ma`noli so‘z ekanligini va mustaqil gap bo‘lagi bo‘lib kelganligini inkor qilmaydi. Bular, o‘tmishda mustaqil so‘zlar bo‘lib, til taraqqiyotining keyingi davrlarida so‘ngko‘makchi holiga kelganligi bizga ma`lum. (BH,31).
Ko‘makchilarning leksik-semantik ma`nolari mavjud emasligi haqidagi fikrni asosli deb hisoblar ekanmiz, ular ifoda etayotgan grammatik ma`nolar yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmaganligi, balki bu birliklarning qadimda mavjud bo‘lgan leksik ma`nolariga asoslangan holda vujudga kelishini ta`kidlaymiz. SHunday qilib, yuqorida aytilganlarga asoslangan holda aytishimiz mumkinki, leksik ma`no ko‘makchilar uchun xos xususiyat emas. Ammo bu fikr aytilganda faqat o‘zbek tilidagi sof ko‘makchilar nazarda tutiladi. Funktsional ko‘makchilar esa matniy xususiyatga ega. Ular bir matnda o‘zlarining mavjud leksik ma`nolarini saqlagan bo‘lishi, boshqa bir o‘rinda esa ko‘makchi vazifasini bajarayotgan bo‘lishi mumkin. H.Ne`matov “mustaqil-yordamchi so‘zlar” deb nomlagan oraliq so‘zlarning mavjudligi va ularning ko‘makchi vazifasini bajarishi bu birliklardagi leksik va grammatik ma`nolarning bir-birlariga bog‘liq ekanligidan dalolat beradi.
Xullas, ko‘makchilarning nutq jarayonidagi asosiy vazifasi sintaktik munosabatlarni shakllantirishdan iborat bo‘lib qoladi. Ammo shakllangan munosabatlar shunchaki grammatik aloqadangina iborat bo‘lib qolmasdan, ularning har birida matniy holatga qarab alohida uslubiy ottenkalar namoyon bo‘ladi. Bu narsa, ayniqsa, ularni kelishik qo‘shimchalari bilan taqqoslaganda yanada yaqqol seziladi. SHuning uchun ham ular funktsional-stilistik yo‘nalishda o‘rganilishi lozim bo‘ladi.
Sof ko‘makchilar stilistikasi. Milliy til rivojlanish jarayonining tarkibiy qismi bo‘lgan ko‘makchilar ham tildagi alohida kategoriya sifatida mazmunan boyib, takomillashib, davrga hamohang tarzda me`yorlashib borgan va ularning o‘zbek tilida uzoq yillar davomida quyidagi arsenali vujudga kelgan: adin, azaq, azin, ayag, ayru/ajru, al, ald/aldïda/aldïnda, alïda/alida/alig‘a/ aldig‘a/alidin/alinda, alt, anshu, ara/aramizda, arqa, aro, art, asno, asnoda, asnosida, asosan, asosida, asra, ast, atraf, atrofida/atrafïda, asha, ashnu, arasïda/arasïnda/arasïdïn, astïg‘a/ astïda/astïnda/ astïn/astïdïn; babpnda, baka/baqa, baravariga/baravarida, basa, bash, basha, bashadu, bashïda/bashïnda/ bashinta, bashlayu, bashka/bashqa, beri;, birld/ birldn, bikin,bekin/bikin, biki, bilan/bildn/ birlan/birla/ birle /birld,bila/bild/ ilan/ila/ ild/ildn/ la, binoan, bo‘y+i/ig‘a/ida/idan, bo‘yincha, bob/bobda/bobinda/bobidin, bobida, bois+i/dan(din), bola, borasida, burno, burun, burun/burna, burunroq (shevada - burnog‘i); beri/ beri/beru/ bero‘; gird; damana/ damanasïda, deb, doir, degro‘/ tegro‘, degin/ deginchä/ dego‘nchä/ teginchä; j(j)ïxatïdin; iye, ilgari/ ilgeru/ilgeri, ilgarida (shevada –ilgeri, illey), ilgida/ilkida/ilkidin, ich/ichinte/ichidä/ichindä/ ichigä/ichingä, ichra/ichre/ichrä; yavug, yaqa, yan, yanlig‘ yarasha, yir, yo‘z/ yuz, yo‘lida, yo‘sinda, yoqaru/yo‘gero‘, yuzasinde, yinaq (yingaq); kabi/kibi/ kebi/kebi, keyin keyin/kejin/kejinichä, kidin, kidirti, kiz/kez, kin/ki-, kiru/keru, kuyi, kedin, , keru, körä, ko‘ch; maqsadida, mengiz, mobaynida, muvofiq, mukäbiläsïda; naru/nari/narï/ narïg‘a, nisbatan, niyatida; odo‘nte, og‘zida/og‘zig‘a, og‘renta, og‘ur, ozga/özgä, oldida, on (ong), ongaru, oni (ongi), ora/orada/orala/orasi/ orasiga/orasida/orasidan, orqali, orqasida, ornïg‘a, orta/ortasïg‘a/ ortasïng‘a/ortasïda/ ortasïnda/ ortasïdïn, ortu, orunta, otkuru, osha, ornïda/ ornunïg‘a/ ornïg‘a/ ornïna; ravishda, robaro/ro‘para/ ro‘bäro‘jig‘a/ ro‘bäro‘jida; sabab; sajp/sajpn/sayin, sayu, sari/sarï/ sarïg‘a, singari, sifatida, so‘/so‘y/so‘yi, song/ sonïcha/son/sonra/songra/sonraraq, sonïmïzcha, soyasida, surat/ suratiga/g‘a/suratida, sinar (singar); taba/tapa, taban, tabaru, tabug‘ïda, tapuq, taraf, tash, tashqaru/tashqari/ tashkarï/tashg‘aru, teg/deg/dek, tegi, teginch/tegincha, tegri/ tegru/dekru/tekru, tegi/tegin/tekin, timin, togri, tog‘a, tomon/tomonga/tomoniga, tomondan/tomonidan,tomonda/ tomonida, tomonimizda, tono‘, tub, tubindä, tufayli/ tufayligina, tiltaqinta, tegi, tegra/tegru, tegre/tegire/tegräsigd/tegräsidä/ tegräsidin, tepe, to‘g‘ri+dan/da/ga, to‘g‘rimda, to‘g‘risi+dan/da/ga, tog‘rïsïdïn, to‘bida, tegräsingä / tegräsidä/ tog‘rpsïg‘a; uza/ uze/ o‘zä/ uzä, uzala, uzra/uzre/uzrä, ulati, usk, uskinte, ust/o‘stigä / ustinä/o‘stingä/ o‘stidä/ o‘stindä/ o‘sto‘mä/ o‘stidin; utru/otru/otro‘,/o‘tru/ utrusïg‘a, uchun/, o‘cho‘n/-chun; xizmatig‘a/ xizmatida, xusus/ xususda/xususida; chag‘lïg‘; iyin/iyin/ivin, inaru/ineru; etek; yuzasidan, yuzidin; yanglig‘/yanlig‘/ janlïg‘, yarasha/ jarasha, javukcha; o‘zga, o‘ng/o‘ngin,o‘ngdin/o‘ngdun, o‘nginda, o‘ngu, o‘rniga, o‘st, o‘tinte; qadar, qarata, qarshi/karshu, qat/katïda / katïnda/ katïdïn/ katïmïzda, qata, katïg‘a/ katïng‘a/ katïna/ katïda/ katïnda, qatorida, qash/kashïda/ kashïmda /kashig‘a/ kashing‘a/kashinda/ katïmïzg‘a, qodi, quyi, qirg‘aq; haq/haqda/haqina/haqinda/haqig‘a/haqimda, uzur+i/dan(din)/da, ga(g‘a), holda, huzurlariga.
Biz ham tadqiqotlarimiz jarayonida ulardan foydalanamiz va bunda asosiy diqqatimizni bu ko‘makchilarni hozirgi adabiy tilimiz nuqtai nazaridan funktsionl-stilistik jihatdan baholashga qaratamiz. Leksik ma`noga ega emasligi va shuning uchun ham nutqda alohida ishlatilmasligi hamda so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalarni qabul qila olmasligi sof yoki asl ko‘makchilarni ajratishda asosiy o‘chlov bo‘lib xizmat qiladi. SHu nuqtai nazardan ushbu bobda asosan bilan, binoan, bo‘yicha, kabi, ora, sayin, sari, uzra, uchun, qadar ko‘makchilari va ularga sinonimik holatda bo‘lgan boshqa ko‘makchilar tahlil qilinadi.
Tahlil jarayonida ko‘makchilarga murojaat qilishda takroriylikdan qochish maqsadida ularni iloji boricha bir sinonimik uya doirasida guruhlab o‘rganish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. To‘g‘ri, ayrim ko‘makchilar ikkinchi bir ma`nosi bilan boshqa uyadagi ko‘makchilar bilan ham sinonim bo‘lishi mumkin. Bu holat tahlilda hisobga olinadi.
BILAN. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bilan shaklida qo‘llaniladigan ko‘makchi tarixan birla ko‘rinishida bo‘lgan (AG‘., SHSH, 200). H.Ne`matov birle-bile ko‘makchisining eng qadimgi ma`nosi birlikni ifodalash bo‘lsa kerak, degan fikrni bildiradi. (NH,39). Uning boshqa shakllari keyinchalik paydo bo‘lgan. Masalan: birlan, bilan, ila, ilan, -la.
H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” nomli dissertatsion ishida bilan ko‘makchisi vosita, sabab, birgalik, holat, usul, payt, miqdor, jamlik, holatning nima bilan mavjudligi, fikrning biror muhim voqeaga oidligi, tomon ma`nolarini anglatishi hamda gapda vositali to‘ldiruvchi, ravish, payt, sabab va maqsad holi vazifalarini bajarishga va shu ma`nolarning reallashuviga ko‘maklashishi tahlil qilingan. (BH,36-40). J.Hamdamov ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. (HJ,82).
Bu ko‘makchida turli variantlarining yuzaga kelishiga poetik matn va poeziya talablari sabab bo‘lgan, deb o‘ylaymiz. Ilgari ham, hozirda ham she`riy asarlarda, ayniqsa aruz vaznida yozilgan matnda uning -ila, -la, birla, birlan shakllari faol ishlatilib, ular badiiy uslub va ommabop uslubning ba`zi janrlarida xoslangan: Boshim hech chiqmasa mayli, malomat birla bo‘htondan Fido jonimni qildim yo‘lingga, mayli, uvol bo‘lsam (H.Olimjon), Siz birlan biz parda ichra navo qilali (IF.73) Bu kulbaga kelganimdan bir necha yil keyin mazkur qalandarlar ila shunosa bo‘ldim. Ul buzruk adib sabablari ilan Muntazir va Gulxaniy borasida ilm paydo bo‘ldi. Ammo shoir va mutafakkir Gulxaniy bori favt bo‘lg‘on ekan (IF,12).
Bu fikrni tarixiy-badiiy manbalar va ularga oid olib borilgan tadqiqotlar ham tasdiqlaydi.(RT,31). T.Rustamov bu borada statistik kuzatishlar ham olib borgan: XV-XVI asrlarda qo‘llangan ila ko‘makchisi, asosan, poeziyaga xos bo‘lib, Lutfiyning biz ko‘rib chiqqan asarida 38 marta; Alisher Navoiy asarida 59 marta uchrasa, “Bobirnoma”da ikki martagina uchraydi.
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida ila ko‘makchisining qo‘llanishi yanada aktivlashadi. U Muqimiyning ikki tomlik “Tanlangan asarlar”ida 136 marta, Munisning bir tomlik she`rlar to‘plamida esa 69 marta uchraydi. A.Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarida 3 martagina qo‘llanishi uning proza asariga emas, balki poetik asarlargagina xos ekanini bildiradi”. (RT,32).
T.Rustamov bilan ko‘makchisining fonetik varianti hisoblangan birlan, birla, ila, -la hozirgi o‘zbek tilida uchrasa ham, uning uchun norma hisoblanmaydi, deydi. (RT,33). Uning fikriga to‘la qo‘shilib bo‘lmaydi. Bu fikr -la ga taalluqli emas. CHunki u hozirgi badiiy nutq uchun ham me`yor sanaladi.
So‘zlashuv uslubida asosan bilan hamda sheva variantlari minan va billa qo‘llaniladi: Ukam minan keldim, kinoga billa borovuza kabi. Ilmiy, rasmiy uslublar va ommabop uslubning alohida janrlari uchun faqat adabiy shakl bilan xos.
S.Mutallibov, H.Ne`matov tadqiqotlari shundan dalolat beradiki, ayrim ko‘makchilar, jumladan bilan va boshqa grammatik vositalar sinonimiyasi turkiy tillarda qadimdan shakllana boshlagan. “Bu ko‘makchi, -deb yozadi S.Mutallibov.- ba`zan joy, o‘rin kelishigi funktsiyasida qo‘llangan: Jaqruq bila uvut bo‘lmas.(DLT). Bu erda jaqruq bila – kal odamda iborasi o‘rin kelishigi ma`nosidadir. Bularning har xil funktsiyada qo‘llanishiga adabiy tilda ham misol ko‘p: Saroy-qarshi, er-suv birla yo‘q (Saroylar, katta er-suvlar sanda yo‘q. Qut.bilig)”. (MS,119-120). H.Ne`matov: “YOdgorliklar tilida birle ko‘makchili konstruktsiyalar ko‘pincha sintetik qurol-vosita kelishigi formasining (qurol, vosita, birgalik, ba`zan zamon ma`nolarida) analitik sinonimi bo‘lib keladi – tilin yarliqarda ogun birle an (Q-3960)- “(bek) til(i) bilan buyurayotganda, (sen) onging bilan uq”; sozi birle yanluq ag‘ir qildi oz (Q-207)- “odam o‘zini so‘zi bilan hurmat qildi”; chaviqsa ozun bu edgu atin – “(sening) o‘zing bu yaxshi nom bilan shuhrat qozonsang”
SHuning uchun bu davr tilida qurol-vosita belishigining iste`moldan chiqa boshlash tendentsiyasi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bu hodisa esa birle k.chisining qo‘llanish doirasining kengayishiga qulay zamin yaratadi”. (NH,39-40).
Ko‘makchilarning X asrlardanoq sinonimik holatlarda qo‘llanila boshlaganligi ularni qo‘llashdagi stilistik farqlanishning boshlanganligidan, binobarin turkiy til madaniyatining qay darajada bo‘lganligidan dalolat beradi.
Hozirgi o‘zbek tilida bilan ko‘makchisining boshqa til vositalari bilan, jumladan, bog‘lovchilar, ko‘makchilar, kelishik qo‘shimchalari bilan sinonimik munosabatga kirish imkoniyatlari keng. Ularni ko‘rib o‘tamiz.
Dostları ilə paylaş: |