I.BOB.YUKLAMALAR haqida malumot berish
Hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi ko‘makchilarni lingvistik tahlil qilishga bag‘ishlangan dastlabki ishlardan biri H.Berdiyorovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida so‘ngko‘makchilar” (Samarqand, 1949) deb atalgan nomzodlik dissertatsiyasi bo‘lib hisoblanadi.
Dissertatsion ish ikki qismdan iborat bo‘lib, uning 1-qismida tanlangan mavzuning dolzarbligi, so‘z turkumlarining, jumladan yordamchi so‘zlarning kelib chiqishi, so‘ngko‘makchilarning grammatik va relivatsion ahamiyati hamda ular bilan qo‘shimchalar o‘rtasidagi munosabatlar masalasiga to‘xtalib o‘tilgan. 2-qismida esa bevosita so‘ngko‘makchilarning grammatik tabiati yoritilgan. Ular asl, ravish, ravishdosh, chog‘ishtirma so‘z va affiks so‘ngko‘makchilar tarzida guruhlarga bo‘lib o‘rganilgan. Ko‘makchi otlar keng yoritilgan.
Ishning birinchi qismi so‘z turkumlarining, jumladan ko‘makchilarning kelib chiqishini o‘rganishga bag‘ishlangan. Dissertatsiya muallifi ta`kidlaydiki, XIX asrning bir qancha tilshunoslari (L.Nuare, V.Vundt, M.Myuller) so‘z turkumlarining kelib chiqishi to‘g‘risida gapirganda, fe`l turkumini kishilar tomonidan birinchi martaba qo‘llangan so‘zlar deb hisoblaydilar va fe`ldan boshqa so‘z turkumlari ajralib chiqqan deydilar. Demak, bularning fikricha, fe`l boshqa so‘z turkumlarining taraqqiyoti uchun ajralib chiqish imkoniyati bo‘lib xizmat etadi. (BH, 9).
H.Berdiyorov N.YA.Marrning “Bir vaqtlar so‘z turkumlari bo‘lmagan edi. Asta-sekin gap bo‘laklaridan harakatni, ya`ni o‘timli fe`l, keyinroq o‘timsiz fe`lni hosil qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi ot ajraladi. Ot – aniqlovchi, sifat funktsiyasini bajaradi, ot (otlarning ma`lum doirasida) olmosh bo‘ladi, so‘ngra bog‘lovchi bo‘ladi va qolgan so‘z turkumlari yuqorida ko‘rsatilgan so‘z turkumlarining birontasidan hosil bo‘ladilar”. (Marr N.YA. Izbrannie raboti, t.II. – M.,1934, s.417. Tarjima H.Berdiyorovniki). (BH,11), degan fikriga tayanib, “birinchi so‘z, turmushda, ishlab chiqarish protsessida kishilik fikrlashi tomonidan ajratilgan, ya`ni predmetlarning nomini va muhit ko‘rinishlarini, hodisalarini ko‘rsatuvchi ot ekan”, degan xulosaga keladi (BH,12) va yana quyidagilarni aytadi:“Umuman biz ayta olamizki, ot, fe`l va olmosh turkumlari til taraqqiyotida sifat, son, ravish va yordamchi so‘zlarga qaraganda eng avval ajralib chiqqan so‘z turkumlaridir”. (BH,12).
Muallif tadqiqotda o‘zbek tilshunosligida birinchi marta hozirgi o‘zbek adabiy tilida mavjud bo‘lgan ko‘makchilarning o‘zi qo‘shilib kelayotgan so‘zning qanday semantik ma`nolari reallishuviga hamda gapda qanday vazifalarda kelishiga oid nazariy qarashlarini bayon qiladi. Bu ko‘makchilarning o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan ma`nodosh variantlari to‘g‘risida esa, buni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ymagani uchun, yo‘l-yo‘lakay mulohaza yuritadi. Tilshunoslikda mavjud bo‘lgan an`anaviy usullardan chiqmagan holda biz hozirda “ko‘makchilar” deb o‘rganib kelayotgan til birliklarini oldko‘makchilarga qarama-qarshi ravishda so‘ngko‘makchilar tarzida talqin qiladi. Bu qarashlar orasida so‘z turkumlarining, xususan yordamchi so‘zlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi fikrlar muhim o‘rin tutadi.
Tadqiqotda o‘rni bilan ayrim faktlarning lingvostitistik tahlili berilganligi xulosalarning ilmiyligini ta`minlashda va amaliy jihatlarini ko‘rsatib berishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Dissertant ish yakunida bugungi kunda ham yordamchi so‘zlar relivatsion tabiatini o‘rganishda ahamiyatli bo‘lgan quyidagi xulosaga keladi: so‘ngko‘makchilar til taraqqiyoti nuqtai nazaridan mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan kelib chiqqandir. Bular hozirgi o‘zbek adabiy tilining gap qurilishida, gaplarning ma`nosini tayinlashda, so‘zlarni o‘zaro munosabatga keltirishda katta rol’ o‘ynaydi.(BH,126). So‘ngko‘makchilar gapda turli sintaksistik munosabatlarni bajarib, gapning biror bo‘lagiga bog‘langan holda qo‘llaniladi. So‘ngko‘makchilar mustaqil leksik ma`noga ega bo‘lgan so‘zlardan, mustaqil holda qo‘llana olmasligi, sintagmalarni yoki so‘zlarni birlashtirish, kengaytirish qobiliyatiga ega emasligi, morfologik tomondan ayrim semantik morfemalarga bo‘linmasligi, urg‘uni qabul qilmasligi, gapning biror mustaqil bo‘lagi bo‘lib kelolmasligi bilan ajaralib turadi. Ular gapda ishtirok etgan so‘zlarga bog‘lanib kelgandagina atash, sabab, maqsad, fazo kabi qo‘shimcha ma`nolarni ifodalab keladilar. (BH,127).
O‘zbek tili, qolaversa turkologiyada ko‘makchilarni o‘rganishga oid ishlar orasida T.Rustamovning tadqiqotlari ham sezilarlidir. U ko‘makchilarni o‘rganishga bag‘ishlangan “O‘zbek tilida ko‘makchilar” (Toshkent,1965), “Sof ko‘makchilar” (Toshkent, 1991) singari monografiyalar hamda o‘nlab maqolalar e`lon qilgan.
Jumladan, uning “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ko‘makchilar” monografiyasi ko‘makchilarning hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi qo‘llanish xususiyatlari va ularning tasnifiga bag‘ishlangan bo‘lib, yordamchi so‘zlarning ushbu turi tilshunosligimizda qay darajada o‘rganilganilganligi hamda ularning grammatik xususiyatlari boy til materiali asosida tahlil etilgan. Materialni yoritishda E.D.Polivanov, I.A.Batmanov, Q.Ramazon, H.Qayumiy, O.Usmon, A.N.Kononov, SH.SHoabrurahmonov, A.A.Koklyanova, U.Tursunov, H.Berdiyorov, A.Abdullaev, V.V.Reshetov kabi olimlarning qarashlariga tayangan holda ish ko‘radi, ularga munosabat bildiradi va “ko‘makchilar gap bo‘laklarining tobelanish munosabatini yaratuvchi va turli grammatik ma`nolarni ifodalashda xizmat qiluvchi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan leksik-grammatik kategoriya” ekanligi va uning “gap qurilishidagi muhim xususiyati bilan ham boshqa so‘z turkumlaridan tubdan farqlanishi” haqida o‘z nuqtai nazarini bayon etadi (RT.HO‘ATK).
Olimning “Sof ko‘makchilar” asari o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarni diaxronik yo‘nalishda o‘rganishga bag‘ishlangan yirik hajmdagi tadqiqotlardan biridir. Asarning yozilishiga XIII-XX asrlar yozma yodgorliklari manba bo‘lib hisoblangan va ming yilga yaqin davrni o‘z ichiga olgan materiallar uchga bo‘lib o‘rganilgan:
XIII-XIV asr yozma yodgorliklari.
XV-XVI asr yozma yodgorliklari.
XVII-XX asrning boshlari yozma yodgorliklari.
SHu asosda turkiy tillar (o‘zbek, turkman, chuvash, qozoq) va dialektolok manbalar qiyosiy o‘rganilgan.
Muallif tadqiqotning kirish qismida ko‘makchilarni o‘rganish nafaqat grammatikaning, shu bilan birga, leksikologiya va semasiologiyaning ham ba`zi masalalarini hal etishga ko‘maklashishini va ko‘makchilar mustaqil ma`noli so‘zlardan kelib chiqqanligi haqidagi fikrning to‘g‘ri ekanligini ta`kidlaydi.
Muallif ko‘makchilar keyingi paytlarda, asosan, ikkita katta guruhga – sof ko‘makchilar va funktsional ko‘makchilarga bo‘lib o‘rganilayotganlini, sof ko‘makchilar tarkibidagi morfologik qo‘shimchalar o‘zlarining grammatik xususiyatini batamom yoki qisman yo‘qotib, o‘zi birikib kelgan so‘zning ko‘makchi funktsiyasini bajarishi uchun xizmat qilishini, hozirgi nutqimizda ham ko‘makchi, ham mustaqil so‘z sifatida qo‘llanayotgan ko‘makchilar funktsional ko‘makchilar deb atalishini qayd qiladi. Ko‘makchilar so‘zmi, ularda leksik ma`no mavjudmi degan savollarni o‘rtaga qo‘yib, ularga aniq javoblar beradi. Jumladan, T.Rustamov ko‘makchilarning so‘z ekanligini asoslaydi, ko‘makchilarning leksik ma`nosi o‘zi birikib kelayotgan mustaqil ma`noli so‘zning leksik ma`nosiga bog‘liq ekanligini, ularning barchasi uchun umumiy bo‘lgan xususiyat sinonimlik bo‘lib, albatta, har qaysi ko‘makchining o‘ziga xos stilistik ahamiyati ham sezilib turishini misollar asosida dalillaydi.
U ko‘makchilarning mustaqil ma`noli so‘zlardan farqi ko‘makchilar mustaqil leksik ma`no yo‘q ekanligidagina emas, balki ko‘makchilardagi leksik ma`no qandaydir o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ular mustaqil ma`noli so‘zlarga birikkandagina paydo bo‘lishidadir, deb hisoblaydi.
T.Rustamovning ko‘makchilarni ham diaxronik, ham sinxronik tarzda o‘rganishga, ularning taraqqiyot darajasi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishga ko‘maklashadi. Muallif yuqorida sanab o‘tilgan ko‘makchilarning turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilidagi amalda bo‘lish va me`yorlashuv bosqichlarini o‘rganar ekan juda katta hajmdagi tarixiy manbalardan material sifatida foydalangan. Olimning xizmatlari shundaki, ko‘makchilarni yordamchi so‘zlar sifatida tahlil etar ekan ularning grammatik ma`nolarini leksik ma`nolari bilan birgalikda kichik sintaktik qurshovda olib o‘rganadi va shu yo‘l bilan ular birikib kelgan so‘zlar va ularning leksik-grammatik ma`nolarining yuzaga kelishidagi xizmatlari, boshqa so‘zlarga birikish xususiyatlari ko‘rsatib beriladi. SHu bilan birga o‘rni bilan ayrim ko‘makchilarlarning boshqa ko‘makchilarga yoki grammatik vositalarga sinonimiyasi, frazeologik birliklar hosil qilish jarayonidagi ishtiroki xususida hamda ularning funktsional imkoniyatlari haqida ham gap boradiki, bu ushbu dissertatsionning ish mavzu e`tibori bilan ahamiyatlidir. Biz ularga o‘rni bilan murojaat qilamiz.
Garchi o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilarning grammtik xususiyatlarini diaxronik va sinxronik yo‘nalishda tekshirishga bag‘ishlangan tadqiqotlar etarli darajada bo‘lsa-da, biz qarab chiqqan manbalardan shu narsa ma`lum bo‘ldiki, o‘zbek tilidagi ko‘makchilarning stilistik xususiyatlarini o‘rganishga oid hatto maqola xarakteridagi kuzatishlar ham barmoq bilan sanarlidir. Faqatgina R.Qo‘ng‘urov va T.Qurbonovning “Ko‘makchilar sinonimiyasiga doir”, T.Qurbonov va N.Ernazarovning “YOrdamchi so‘zlar stilistikasiga doir” maqolalarida bevosita ko‘makchilar stilistikasiga doir mulohazalar bayon etilgan bo‘lsa, R.Qo‘ng‘urovning “O‘zbek tili stilistikasidan ocherklar” asarida, R.Rasulovning “Avval”, “keyin” so‘zlarining ba`zi bir stilistik xususiyatlari haqida”, S.Karimovning “YOrdamchi so‘z turkumlarining badiiy uslubdagi ko‘rinishlari” maqolalarida esa o‘rni bilan bu turkum so‘zlarning sinonimiyasi va vazifaviy chegaralanishlari haqida fikrlar bildirilgan, xolos.
O‘zbek tilshunosligida XX asrning 80-yillarigacha erishilgan yutuqlarni o‘zida mujassam qilgan “O‘zbek tili stilistikasi” (Toshkent, 1983) asarida yordamchi so‘zlar uslubiyatiga oid hech narsa deyilmaganligining o‘zi ham bu masalani o‘rganishning fanimiz uchun naqadar muhim ekanligini ko‘rsatadi.
Ko‘makchilar tarixan mustaqil so‘zlar hisoblanib, o‘z leksik ma`nolariga ega bo‘lgan, ammo davrlar o‘tishi bilan bu leksik ma`nolarni yo‘qotib, ularning ma`lum qismi o‘zgarmas bo‘lib, hech qanday grammatik shakllarni qabul qilmaydigan holiga kelib qolgan, o‘zidan oldin kelgan so‘zlar bilan birgalikda vosita, maqsad, sabab, vaqt, makon, ob`ekt, o‘xshatish, payt, masofa, yo‘nalish singari grammatik ma`nolarni ifoda etadigan va yordamchi vosita sanaladigan til birliklaridir.
Dostları ilə paylaş: |