2.2.Xo’jalik yurituvchi subyektlarda moliyaviy hisobot shakllari va ularni tuzish amaliyotini takomillashtirish masalalari
Milliy qonunchilik bo‘yicha tayyorlanadigan moliyaviy hisobotning tarkibi va mazmuni bo‘yicha talablar “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, Buxgalteriya hisobining milliy standartlari va Moliyaviy hisobot shakllarini to‘ldirish bo‘yicha Qoidalar (ro‘yxat raqami 1209, 2003 yil 24 yanvar) bilan belgilangan. Bunda, buxgalteriya hisobi subyektlari buxgalteriya hisobini tashkil etish va hisobotni tuzishning aniq bir yo‘nalishi bo‘yicha hisob siyosatini shakllantirishda buxgalteriya hisobi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilishi lozim.
Bunda moliyaviy hisobot tuzilishining dastlabki asosi sifatida “Hisob siyosati va moliyaviy hisobot” 1-sonli buxgalteriya hisobining milliy standarti xizmat qiladi.
“Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 1- moddasiga muvofiq, buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari deganda buxgalteriya hisobini tashkil etish hamda hisobot tuzish bilan bog‘liq munosabatlarni, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solish, shuningdek xalqaro shartnomalar qoidalarini qo‘llash munosabatlari tushuniladi.14 Shunday qilib, agar qonun hujjatlari yoki xalqaro shartnomalarda moliyaviy hisobotni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari va (yoki) moliyaviy hisobotning boshqa standartlariga asosan taqdim etish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bu holda ushbu hisobot ham buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari doirasida tayyorlangan hisoblanadi.
Ushbu xulosadan ko’rinib turibdiki, xatto buxgalteriya hisobi doirasida eng yuqori maqomga ega bo’lgan xujjat ham moliyaviy hisobning xalqaro standarti qoidalarini tan olmoqda. Shunday ekan, biz o’z buxgalteriya tizimimizni yillar o’tgan sari sekin-astalik bilan xalqaro standartlarga moslashtirishimiz maqsadga muvofiq.
Хorijiy mamlakatlar amaliyotida moliyaviy hisobot ko’rsatkichlariga alohida ahamiyat beradi. Moliyaviy hisobot ko’rsatkichlari tashqi foydalanuvchilar uchun asosiy axborot manbai hisoblanadi.