1.2.Gyote ijodida sharqona motivlar "Nur Sharqdan", − deyiladi Yunon naqllaridan birida. Darhaqiqat, quyosh Sharqdan chiqadi. Aql quyoshi ma'rifat ham Mashriqda tug'ilib Mag'ribga yo'l olgandir. Ustoz olim N.Komilov ta'kidlaganidek, san'at va madaniyat dastlab Xitoy, Hindiston, Markaziy Osiyo,Arabiston, Misr kabi o'lkalarda maydonga kelgandir. Lekin Sharq olamiga ziyo berib, uni mumtoz aylagan tafakkur tug'ilgan joyida qolib ketmadi, balki umuminsoniyat aqli-shuuri,mushtarak mulki sifatida zamonlar osha G'arbga ham yetib bordi. G'arbning mo'tadil, osoyishta tuprog'iga yangidan yangi ilhomlar berdi.
G'arb-Sharqning bu «oldi-berdi»si to hanuzgacha davom etmoqda. Sharq adabiyotidan ko'plab G'arb ijodkorlari ilhomlangan va o'z asarlarida sharqona g'oyalardan foydalanishgan. Jumladan, uyg'onish davri adabiyotining yirik vakillaridan biri Dante Aligeri, Jovani Bokachcholar fikrimizga misol bo'la oladi. Sharq adabiyotidan ta'sirlangan yana bir buyuk ijodkor nemis adibi Gyotedir, uning dunyoga mashhur “G'arb-u Sharq” devoni sharqona ruh, sharqona g'oyalar, tasavvufiy konsepsiyalar asosida sug'orilgan desak, mubolag'a bo'lmaydi. Mаshhur nеmis аdibi Yоhаnn Vоlfgаng Gyotе (1749-1832)shоir, drаmаturg vа аdаbiyotshunоs, huquqshunоs vа shаrqshunоs, tаrixchi vа fаylаsuf, rаssоm vа tеаtrshunоs, biоlоgiya vа minеrаlоgiya fаnlаri bo'yichа kаshfiyotlаr qilgаn оlim vа dаvlаt аrbоbidir. Manbalarda aytilishicha, Gyotening Veymarda nashr etilgan ilmiy merosi 143 jilddan iborat edi.Bu asarlar ichida adibning 1814-1815-yillarda yozila boshlagan va ilk marta 1819-yilda, Gyote 70 yoshida adabiyot ahliga ma'lum qilgan “G'arb-u Sharq devoni” asari alohida ahamiyatga ega.
Gyote murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechayotgan bir davrda yashayotgan edi, G'arbda davlat tuzumi tanazzulga yuz tutayotgan bir pallada ma'naviy muhitdan qoniqish his qilmagan adib xayolan “Sharqqa hijrat qiladi”. Gyote murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechayotgan bir davrda yashayotgan edi, G'arbda davlat tuzumi tanazzulga yuz tutayotgan bir pallada ma'naviy muhitdan qoniqish his qilmagan adib xayolan “Sharqqa hijrat qiladi”. Sharq she'riyatining sehridan ilhomlanadi, sharqona obrazlar, motivlar Gyoteni g'oyatda ta'sirlantiradi. Bu ilhom, adabiy ta'sir mahsuli sifatida buyuk asar – “Mag'rib-u Mashriq” devoni yaratildi. Ushbu asar ham G'arb, Sharq badiiy an'analarini o'zida mujassam etgan bo'lib, “Buyuk Gyote qadimgi Yunoniston va Rim ilm-u fani bilan birga, Sharq madaniyati va adabiyoti yutuqlarini hamtashnalik bilan singdirib yuborgan”.
Adib, garchi, Olmoniyada yashab ijod etgan bo'lsa- da, ammo ruhan Sharqqa yaqin. Gyote asarlaridagi mohiyat, hissiyot Sharq ruhiyatiga juda xosligi bilan alohida ajralib turadi. Sharqqa nisbatan ixlosi baland bo'lgan shoirning devonda keltirilgan satrlarini o'qir ekanmiz, uning musulmon olamiga, Sharq dunyosiga yuksak mehr qo'yganligini bilamiz va Sharq tafakkuriga nechog'lik muhabbat bilan qiziqayotganining guvohi bo'lishimiz mumkin. Uning ta'biricha, jahon she'riyatidagi yetti yulduzning barchasi sharqlik shoirlardir. Shu yetti yulduz qatorida Hofiz, Sa'diy, Navoiyni tilga olar ekan: “Men ularning soyasiga ham arzimayman”, − degan kamtarona fikrlarni aytib o'tadi. Gyote ijodiy olami faqat nasroniylik aqidalari va G'arb madaniyati bilan cheklanmagan. Sharq falsafasi, Islom dini, sharqona tafakkur sarchashmalaridan bahramand bo'lib, buni o'zining ma'naviy olamiga chuqur mujassam etgan mutafakkir desak, mubolag'a bo'lmaydi. Adib sharqona g'oyalardan tashqari Sharqda mashhur bo'lgan obrazlardan ham unumli foydalangan.
Xususan, Majnun, Vomiq va Uzro, Yusuf va Zulayho bilan bog'liq manzaralarning asarda keltirilishi fikrimizga yorqin dalildir.Bundan tashqari Sharq-u G'arbda birdek mashhur Zulayho haqidagi rivoyat ham Gyote qalami ostida o'zgacha sayqallanadi, o'ziga xos talqin qilinadi, asarning “Zulayhonoma” bobida Yusuf obraziga keragicha dahl qilinmasa-da, Zulayho va uning ta'rifi, u bilan bog'liq voqealar Hotam obrazi bilan birgalikda tasvirlanadi. Ammo ta'kidlash joizki, shoir qalamga olgan Zulayho obrazi boshqa ayol timsolidir. Hotam va Zulayho she'ri ishqiy mavzuda bo'lib, ayol Gyoteshunoslar fikriga ko'ra, Marianna ismli ayoldir, aslida Hotam obrazi orqali Sharqda ma'lum va mashhur Yusufni nazarda tutgan, ammo ayrim sabablarga ko'ra Zulayhoning muhabbati sifatida donishmand va saxiy Hotam obrazini tanlagan.
Gyotening jahonda mislsiz shuhrat qozongan asarlaridan biri “Faust”dir. Ushbu asar falsafiy xarakterda bo'lib, uning bosh g'oyasi ezgulik va yovuzlik, inkor va iqror, inson va iblis orasidagi azaliy va abadiy kurashdan iborat.“Faust”da ham muallif sharqona obraz va g'oyalardan, badiiy an'analardan unumli foydalangan. Xususan, asarning “Arshi a'lodagi debocha” qismida Tangri va iblis – Mefistofel orasidagi ahdning mohiyatidan ham muallifning Sharq rivoyatlarini yaxshi bilgani anglashiladi. Mefistofel obrazi ramziy xarakterga ega bo'lib, insonning azaliy dushmani nafs timsolida gavdalanadi. Iblis donishmand tabib Faust e'tiqodiga rahna solish uchun Tangri bilan kelishadi. Bu voqelar islomga oid manbalarda ham keltirilgan. Inson tufayli la'natlangan iblis insonni o'ziga dushman deb bilib, to qiyomat uni adashtirishga ahd qilgani Islomiy kitoblarda aks etgan. Gyotening ikki buyuk asarida sharqona g'oyalarning aks etishi bilan bog'liq jihatlar G'arb olimlarini ham qiziqtirgan.
Nemis olimasi Katarina Mommser o'zining “Gyote va Islom” nomli doktorlik ishida Gyote ijodini juda sinchkovlik bilan kuzatganini, Sharq falsafasi va Islom dinining ta'sirini dalillar orqali tahlil qilganini ko'rishimiz mumkin. Xususan, Gyotening Islom diniga va Muhammad alayhissalomga ayricha munosabatda bo'lganligi ta'kidlanar ekan, shoirning 23 yoshida Muhammad alayhissalomga qasida bitgani haqidagi ma'lumotlar keltiriladi. Mana shu ehtirom va muhabbat mahsuli o'laroq, sharqona ruhda yozilgan “G'arb-u Sharq devoni” va “Faust” asarlari yaratildi. Olmon olimasining ma'lumotlariga qaraganda, “G'arb-u Sharq devoni”ning nashrdan chiqish xabarnomasida muallif quyidagi hayratlanarli jumlalarni e'tirof etadi: “Muallif o'zi musulmon bo'lsa kerak,degan shubhalarni rad etish niyatim yo'q”.
Ayniqsa, Gyotening do'stlari bilan yozishgan maktublarida Qur'on oyatlarini bilishi, ulardan iqtibos sifatida foydalanganligining guvohi bo'lamiz.Gyote Islom aqidalari, oyatlarini nafaqat asarlarida, balki o'z hayotida ham tatbiq etgan, kamolot sari intilayotgan bir inson edi. Garchi hayotning og'ir zarbalariga uchrasa-da, adib qaddini bukmay, sabr qilganligini uning do'stlari tomonidan yozilgan xotiralardan bilishimiz mumkin. Darhaqiqat, har ikki asar sidirg'asiga Sharq ruhida yozilgan, unda tasvirlangan obrazlar, ilgari surilgan g'oyalar, motivlar to'laligicha sharqona. Ushbu asarlar har ikkala qutb uchun nihoyatda yuksak ahamiyatga molik bo'lib, Sharq-u G'arb uchun adabiy ko'prik vazifasini o'taydi, dunyo adabiyotlarini bog'lovchi, do'stlik, mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlovchi vosita sifatida jahon adabiyotining noyob durdonasi bo'lib qoladi.