21-amaliy mashg’ulot. Energetika va atrof-muhitga.
Mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarining yuqori sur’atlarda rivojlanishi yoqilg’i-mineral xomashyo resurslariga bo’lgan talabning tobora oshib borishiga olib kelib, ularni ko’p miqdorda qazib olinishini taqozo etmoqda. Ammo sifatli va oson qazib olinadigan konlarning kamayib borishi va mineral xom ashyo resurslarining kon-texnik sharoitlari og’ir bo’lgan qazish ishlarining chuqur gorizontlarda olib borilishi konchilik korxonalarida iqtisodiy-ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Biz iqtisodiyot rivoji tabiiy resurslarni saqlash, sog’lom ekologik muhitni ta’minlash muammolari bilan ob’ektiv ravishda bog’liq ekanini hisobga olmagan taqdirda bu hol qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmasligimiz lozim. Yoqilg’i-energetika majmuasi korxonalari faoliyati murakkab va turli ishlab chiqarish jarayonlaridan iborat bo’lib, iqtisodiy-ekologik rivojlanish masalalarini majmuaviy hal etishni taqozo etadi. Asosiy e’tiborni korxonalar faoliyatining iqtisodiy, tashkiliy, boshqaruv va ekologik dasturlarini birgalikda tizimli yondashuv asosida amalga oshirish orqali olinadigan ijobiy samarani yanada oshirishga qaratish lozim. Shu sababli yoqilg’i-energetika majmuasi korxonalari faoliyatini iqtisodiy ekologik rivojlantirishning integratsiyalashuvini ta’minlash yo’nalishlarini asoslash va uning uslubiyotini ishlab chiqish muhim ilmiy masala sanaladi.
Hozirgi paytda energetika tarmog’ining faoliyati natijasida ba’zi joylarda havo, suv va tuproqning zararlanishi juda yuqori darajaga yetmoqda. Bu esa atrof-muhitning odamlar salomatligi va biologik xilma-xillikka zarar yetkazadigan ekologik muvozanatining buzilishiga sabab bo’lmoqda. O’zbekistonda atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar chiqindilarining 80 foizdan ortig’i yoqilg’idan foydalanish oqibatida yuzaga keladigan chiqindilar ulushiga to’g’ri keladi. Bu - azot, uglerod va uglevodorodlarning zaharli oksidlari, shuningdek, turli kanserogen moddalardir. Atmosferadan yog’ingarchilik tufayli yuviladigan azot va oltingugurt oksidlari tabiiy muhit, qishloq xo’jalik ekinlari, binolar va inshootlarga zarar yetkazadigan ― kislotali yomg’irlar yog’ishiga olib keladi. 2002 yilda O’zbekiston yoqilg’i-energetika majmui korxonalarining atmosferaga zaharli moddalarning chiqarishi qariyb 452,0 ming tonnani yoki sanoat manbalari chiqindilari umumiy hajmining 62 foizini tashkil etdi. Bundan tashqari yoqilg’i va energiya turlarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash va transportirovka qilish jarayonlari yer osti boyliklarini qo’lga kiritish, katta-katta maydonlarni gidroelektrostansiyalar, elektr uzatish liniyalari, gaz va neft quvurlari, gaz va mazut omborlari, kul va shlak qoldiqlarini joylashtirish uchun ajratish bilan bog’liqdir. Energetika atrof-muhitga dunyo miqyosida ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Yer sharida bug’lanish effektini yuzaga keltiradigan uglerod dioksidi, metan-gaz chiqindilarining atmosferaga zarar yetkazadigan asosiy hajmi energetika ulushiga to’g’ri keladi. Misol uchun, 1999 yilda O’zbekiston hududida hosil bo’lgan 160,5 million tonna (CO2 ekvivalentida) issiqxona gazlarining 137,3 million tonnasi, ya’ni 85,5 foizi energetika sohasiga to’g’ri keldi. SHu bois O’zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish ko’lamini kengaytirish respublika energiya balansini muvofiqlashtirish bilan bir qatorda energetikaning atrof-muhitga salbiy ta‘sirini ham kamaytirish imkonini berishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |