Eftaliylar davrining ijtimoiy-iqtisodiy munosbatlarining o‟ziga xos tomonlaridan biri bu, yangi ijtimoiy munosabatlarning shakllanishidir. Arxeologik materiallarning guvohlik berishicha bu davrga kelib davlatda siyosiy tarqoqlik va markazga bo‟ysunmaslik yuz bergan.
Eftaliylarning bosqinchilik harakatlari, so‟ngra ularning birlashgan dushman kuchlariga qarshi olib borgan janglari – ishlab chiqarish kuchlarining pasayishiga, sug‟orma maydonlarining hamda shaharlarning qisqarishiga sabab bo‟ldi.
S.P. Tolstov hamda K.V. Treverning ta‟kidlashicha eftaliylar orol bo‟yi massagetlarining avlodlari bo‟lib, ularda boshqalarga nisbatan jamoaviy – demokratik an‟analar saqlanib qolib, oilaviy turmushda poliandriya (ko‟p erlik) mavjud bo‟lgan. Xitoy manbalaridan biri “Beyshi”da “Aka-ukalar bitta xotinga ega bo‟lganlar. Aka-ukasi bo‟lmagan erning xotini bir uchli qalpoq kiyib yurgan, ko‟p erliklar esa ularrning soniga qarab qalpoqlarining uchini ko‟paytirganlar, kiyimlarida ham shuncha yeng bo‟lgan”. Shunga o‟xshash ma‟lumotlar “Suyshu” da ham bo‟lib, bu kabi odatlar K.V. Treverning ta‟kidlashicha massagetlar orasidagi bo‟lgan odatlar eftaliylar jamoasi orasida ham saqlangan.
“Beyshi”da aytilishicha eftaliylarning yuqori qatlamida ko‟p xotinlik mavjud bo‟lgan. “Lyanshu” da esa zodagonlarning oltin va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan kiyimlar kiyganliklari aytiladi. Manbalardan ma‟lumki eftaliylarda sochlarini qirib yengi kalta uzun ko‟ylak kiyish odat bo‟lgan. Eftaliylarning ana shunday kiyinish madaniyatlaridan guvohlik beruvchi ma‟lumotlar Sharqiy Turkiston hududidan topilgan va V-VI asrlarga oid bo‟lgan devoriy suratlarda aks etgan. Ilk o‟rta asr So‟g‟d va Toharistondagi ayollar kiyimlari esa devoriy suratlar, terrakota va haykalchalardagi tasvirlardan eftaliylarga xos tunik shakldagi keng va tor qilib tasvirlangan ust kiyim va ularning ustida kamzulchalar, bosh kiyimlari, shalvarlari turlari ma‟lum.
“Beyshi” da aytilishicha taxt otadan o‟g‟ilga o‟tmagan, aksincha taxtga avlodning munosib kishisi o‟tirgan.
Turli manbalarda eftaliylarning hayot tarzi turlicha talqin etiladi, jumladan, Xitoy manbalarida ularni ko‟chib yuruvchi qabilalar deyilsa, vizantiya va arman manbalarida ularning bir qator yirik shaharlarni boshqarganliklari qayd etiladi. Agar tadqiqotchilarning xulosalariga tayansak eftaliylarning janubiy Amudaryo hududlaridagi qismi avvalgidek ko‟chmanchilik hayot tarzida qolgan bo‟lsalar, O‟rta Osiyodagi qismi esa o‟troq bo‟lib, hatto mahalliy aholi bilan birikib ketganlar. Eftaliylarning boshqaruvga oid turli unvon va mansablari kushonlardan o‟tib, so‟ngra ularning ayrimlari, hatto sosoniylar tomonidan ham qabul qilingan.
Jumladan “kanurang” (chegara qo‟riqchisi) unvoni dastlab kushonlar, so‟ngra eftaliylar va sosoniylarda ham joriy etilgan.
V-VI asrlarda O‟rta Osiyoda shahar qurilishi rivojlana boshlaydi. S.P. Tolstovga ko‟ra Xorazmdagi Xonqa-qala, Ko‟hna – uays, Baroqtom kabi bir qator yodgorliklar xioniy-eftaliylar qabilalari tomonidan saqlanib qolgan. Ular orasida uchta qal‟adan iborat bo‟lgan Baroq-tom yodgorligidir. Baroq-tom I yodgorligida ikki qavatli bino saqlangan. Ikkinchi qavatdagi marosimlar xonasida xattoki gilam izlari saqlanib qolgan.
Tarixiy manbalar va ularning tadqiq etilishi natijasida olimlarning xulosalariga ko‟ra eftaliylar davlatining poytaxti turlicha keltiriladi. B.G‟. G‟ofurov ularning poytaxti Poykend desa, V.V. Bartold esa
Badaxshon bo‟lgan degan fikrni ilgari surgan. S.P. Tolstov esa Poykend poytaxt sifatida mashhur bo‟lganini ta‟kidlaydi.
Bu davr madaniy hayotida ham bir qator o‟zgarishlar yuz berdi. Shu davrga oid Varaxsha shahri obidalari, Termiz yaqinidagi Bolaliktepadan topilgan saroy, uning devorlariga ishlangan betakror tasvirlar, o‟ymakorlik va ganjkorlik namunalari – ajdodlarimiz yuksak badiiy mahoratidan yorqin dalolatdir. Bu davrning moddiy madaniyatiga oid yodgorlik sifatida Xorazmdagi Tuproqqal‟ani misol qilish mumkin. Uning tuzilishi to‟g‟ri burchakli bo‟lib, gumbazsimon yo‟lakli va burjli mudofaa devori bilan o‟ralgan. Devorning janubiy qismidagi darvozadan ibodatxona tomon asosiy ko‟cha o‟tgan. Ko‟ndalang tushgan ko‟chalar shaharni 10 ta mavzega bo‟lgan. Tuproqqal‟aning shimoliy-g‟arbiy qismida maxsus ko‟tarma supa ustiga xom g‟ishtdan saroy qurilgan. Unga yonma-yon ark binosi joylashgan. Bundan tashqari 100 ga yaqin turarjoy, xo‟jalik binolari va 8 ta saroy zali mavjud bo‟lgan. Qal‟aning janubiy-sharqiy burchagidagi 4 ta xonada teri va yog‟ochga yozilgan qadimgi Xorazm yozuvidagi 80 dan ortiq xujjatlar topildi.