Eftaliylarning kelib chiqishi haqidagi ilmiy farazlar va manbalar Markaziy Osiyo hududida turli davrlarda turli xalqlar yashab o‟tib, tarixda o‟ziga xos iz qoldirib ketganlar. Markaziy Osiyo jumladan, O‟zbekistonning ilk o‟rta asrlar davriga oid bo‟lgan davlatchilik tarixiga nazar solsak bu davrda ko‟plab mayda va yirik davlatlarning shakllanishi hamda ularning tarix sahnasidan ketishi, shu bilan birga o‟ziga xos iz qoldirib ketganligini guvohi bo‟lamiz. O‟rta Osiyo, jumladan O‟zbekistonning ilk o‟rta asrlar davrida bu hududga turli xalqlarning kirib kelishi davom etdi. V asrning birinchi choragida Sharqdan Sirdaryo va Orol bo‟ylari orqali ko‟chmanchi aholi – kidariylar ( yuechji yoki toharlarning avlodi) kirib keladi. Kidar ismli hukmdor yo‟lboshchilik qilgani uchun ular kidariylar nomi bilan tilga olinadi. Kidariylar bilan sosoniylar o‟rtasida ziddiyatlar kuchayib, ular o‟rtasida bir necha marta qurolli to‟qnashuvlar bo‟ladi. 456-yilda bo‟lgan navbatdagi jangda kidariylar sosoniylardan qaqshatgich zarbaga uchradilar. Ayni paytda, shimoldan janubga siljib kelayotgan eftaliylar bosimiga uchrab, shimoliy Hindiston tomon chekinishga majbur bo‟ladilar va u yerda 75 yilcha hukmronlik qiladilar. Eftaliylarning etnik tarkibi, davlat tashkil etishlari xususida tarixiy manbalarda turli xil qarashlar mavjud. Ular eramizning V-VI asrlarida katta hududni qamrab olgan ulkan davlatga asos soladilar. Eftaliylar davlatining eng yuqori cho‟qqiga ko‟tarilgan davrida davlat chegaralari sharqdan g‟arbga tomon – Xo‟tandan (Sharqiy Turkiston) Eron chegaralarigacha, shimoldan janubga tomon – hozirgi Qozog‟iston cho‟llaridan shimoliy g‟arbiy Hindistonga, ya‟ni Markaziy Osiyoning katta qismi, Afg‟oniston, Pokiston Hindiston va Xitoygacha bo‟lgan yerlargacha bo‟lgan hududlarga yetib borgan. Eftaliylar turli manbalarda turlicha, jumladan arman manbalarida “heptal”, “hettal”, “tetal”; yunon manbalarida “eftalit”, “abdel”, “eftal”, “oq xunlar”, arab manbalarida “xaytal”, “ xetal” kabi nomlar bilan tilga olinadilar. Hind manbalarida “xuna”; arab manbalarida garchi xaytalnomi bilan tilga olinsalarda, ba‟zi hollarda ularni turklar deb ham tilga olingan. Arman manbalarida esa ular kushonlarning avlodi deb ta‟kidlanadilar. Xitoy manbalarida eftaliylar “e-da”, “e-diyen”, “i-dan”, “e-ta-i-lito” deb tilga olinadilar. Yuqorida tilga olingan nomlardan eftalit nomi ilmiy muomalaga qabul qilingan.
Markaziy Osiyoning IV-V asrlar tarixi deyarli chuqur o‟rganilmagan. Buning asosiy sababi bu davrga oid manbalarning kamligi va ma‟lumotlarning to‟liq emasligi bilan izohlanadi. Arxeologik materiallar esa kam va ba‟zi hollarda aniq davrni ko‟rsatmaydi. Numizmatik dalillar esa ma‟lum miqdorda tarixni yoritib bersada, ular asosan pul muomalasiga tegishlidir. O‟rta asr tarixchilarining asarlari orqali bizgacha eftaliylar haqida qiziqarli ma‟lumotlar yetib kelgan. VI asr Vizantiya tarixchisi Prokopiy Kesarskiy eftaliylarni xun xalqlari deb yuritsada lekin tashqi ko‟rinish jihatdan katta farq borligini ta‟kidlaydi. Boshqa yana bir VI asr Vizantiya tarixchisi Agafiy Mirinskiy “Eftaliylar – bu xunlardir” deb ta‟kidlaydi. Eftaliylar to‟g‟risidagi ma‟lumotlar boshqa Vizantiya mualliflari, jumladan Prisk Paniyskiy (V asr), Menandr Protektor (VI asr), Zaxariy Ritor (VI asr), Kozma Indikoplava (VI asr), Feofilat Simokatta(VII asr) asarlarida uchraydi2. Feofan Vizantiyskiyning ma‟lumot berishicha eftaliylarning hukmdori Vahshunvor Eftalon bo‟lib, xalq uning nomi bilan yuritilgan.3 Ammian Martsellin o‟zining “Rim tarixi” asarida eftaliylarning tashqi ko‟rinishi, ularning ko‟mish marosimlari, sosonoiylar bilan aloqalari haqida qimmatli ma‟lumotlarni keltirib o‟tadi. Xitoy manbalarida esa eftaliylarning kelib chiqishi haqida turli qarashlar mavjud. Ularning birida eftaliylar gaogyuy-turk qabilalarining bir tarmog‟i, boshqa bir manbada esa yuechjilarning bir avlodi, yana bir manbada esa kangyuylarning avlodi deb talqin etiladi4. VII asr xitoy muarrixi VeyChiye o‟zining “Si-fan-chi” asarida, – “Eftaliylarning kelib chiqishini aniqlash ular haqidagi ma‟lumotlarning uzoq mamlakatlardan keltirilgani va boshqa tillarda ularning buzib talaffuz etilishi va qadimiyligi tufayli ancha qiyin va imkoni yo‟qligini” ta‟kidlaydi5.
VII asr boshlarida Li Yanshou tomonidan yozilgan xitoy solnomasi “Beyshi”da, – “Yeda xonadoni Katta Yuechjilarning bir avlodidan kelib chiqqan” deb ta‟kidlanadi. Ular haqidagi ma‟lumotlarni 518-yilda eftaliylar shohi Mihirakul dargohiga elchi bo‟lib kelgan, sayyoh Sun Yun hamda 629-645 yillarda Hindiston budda ibodathonalari ziyoratiga kelgan budda kohini Syuan Tszyan asarlarida ham uchratish mumkin. Syuan Szyanning asosiy maqsadi buddaviylik ziyorati bo‟lsada uning Xitoyga qaytgach yozib qoldirgan “Da Tan Siyuy Szi” (Buyuk
Tan davri g‟arbiy o‟lkalari haqidagi yozishmalar) nomli asarida o‟nlab o‟sha davr davlatlari haqida ma‟lumotlar keltiradi. Markaziy Osiyo davlatlari haqidagi qiziqarli lekin uzuq yuluq ma‟lumotlarni 727-yilda Shimoliy Hindistonga sayohat qilgan Vey Sze hamda Xey Chao yozishmalarida ham uchratish mumkin.
Eftaliylar va ular bilan bog‟liq voqealar ko‟plab o‟rta asr manbalarida ham uchraydi, lekin ularning aksariyatida eftaliylarni kushonlar bilan birdek ifodalaydilar. Favstos Buzand o‟zining “Armeniya tarixi” asarida Sosoniylar shohi Shopurning sharqdagi janglari haqida juda qiziq ma‟lumotlarni keltiradi. Egishe Vardapet esa shaxsan o‟zi ushbu voqealarning guvohi sifatida sosoniy podsho Yuazdigird II ning shimoliy-sharqiy elatlar, jumladan eftaliylar bilan bo‟lgan jangini tasvirlaydi. Shunga o‟xshash yana boshqa ma‟lumotlar Lazar Parpetsiyning “Armaniston tarixi” asarida uchraydi. Eftaliylar heptalk shaklida Ananii Shirakatsiyning “Geografiya”hamda Sebeosning “ Imperator Irakl tarixi” asarida uchraydi. Arman manbalari orqali bizgacha yetib kelmagan ikkita asar haqida ma‟lumotga ega bo‟lamiz, ular fors muallifining “Rastsaxun” (Ishonchli hikoya), hamda yunon tilida yozilgan “Eftaliylar tarixi” asaridir. Eftaliylarning sosoniylar shohi Peroz bilan jangi haqidagi ma‟lumotlarni suriya manbalarida, jumladan Iyeshu Stilitning “Xronika” asarida uchratish mumkin. Eftaliylar to‟g‟risidagi ma‟lumotlar hind manbalarida ham uchrab ular “xun” deb yuritilgan. Eftaliylarga qarshi xarbiy harakatlar haqidagi ma‟lumotlar Bxitar, Kur, Mandasor va Gvaliordagi tosh ustunlarda uchraydi. Hind eposlari “Maxabhorat” va “Ramayana” hamda VI asr hind astronomi Varaxamixirning “Brxat Samxit” asarida oq va qora xunlar haqida ma‟lumotlar uchraydi. Eftaliy shohlar haqidagi ma‟lumotlar Kalxan tomonidan jamlangan “Radjatarangin”nomli
Kashmir tarixiy solnomasida hamda IV-VI asrlarga oid Prakritining “Kuvalayamala” va “Puran” asarlarida keltirilgan.
Eftaliylarning sosoniylar bilan, jumladan Peroz bilan bo‟lgan jangi haqida arab-fors manbalarida ham uchraydi. Ular Abu Xanifa ad- Dinavoriynin “Kitab al-axbar at-tival”nomli (IX asr), Abu Jafar at-
Tabariyning (839-923) “Tarix ar-rusul val-muluk” (Payg‟ambarlar va shohlar tarixi), Abu Rayxon Beruniyning (973-1051) “Al-asar albakiya an al-kurun al-xaliya” (O‟tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar), Abul Qosim Firdavsiyning (X-XI asr) – “Shohnoma”, Mirxondning (1433-1498) “Ravzatus-safo” (Poklik bog‟i) va boshqalardir.
Olimlar o‟rtasida eftaliylarning kelib shiqishi to‟g‟risida ko‟plab bahslar bormoqda. Jumladan, Vivyen de Sen-Marten, V.V. Bartold, N.I. Veselovskiy, P.Lerx, G.E. Grum-Grijimaylo, N.V. Bryullova-Shaskolskayalar fikricha eftaliylar yuecjiylarning avlodi; I.Markvart, R.Grussening ta‟kidlashicha ular mo‟g‟ullarning qadimgi avlodi yoki S.P. Tolstov, A.N. Bernshtam, M.Ermatov fikricha ular Markaziy Osiyo etnoslariga assimilyatsiyalashgan xunlardir. B.G‟. G‟ofurov, A.M. Mandelshtam, M.M. Dyakonov eftaliylar eroniy tilli xalqlar bo‟lib, ularning kelib chiqishi ham eroniylarga borib taqaladi degan nazariyani ilgari suradilar. Boshqa bir olimlar eftaliylarni kidariylar, xioniylar bilan birdir desalar, yana bir guruh olimlar eftaliylar xioniylarning hukmron tabaqasidir kabi nazariyalarni ilgari suradilar. Umuman olganda eftaliylarning etnik jihatdan kelib chiqishi haqida olimlar o‟rtasida yagona fikr mavjud emas.
XIX asrning mashhur sharqshunos olimlari P.I. Lerx va N.I. Veselovskiylar eftaliylarni yuechjiylar bilan bir deb ularning davlatini asosini Xorazm deb ta‟kidlaydilar. P.I. Lerx Xorazmdagi qadimgi shahar Kerderni (Kurder) kidariylarning hukmronlik qilgan qadimgi yodgorligi deb ta‟kidlab bu shahar nomi ham ularning nomidan kelib chiqqanligi haqidagi nazariyani ilgari suradi. G.E. Grum-Grjimaylo eftaliylarni yuechjilarning Oltoyga ko‟chib ketgan bir tarmog‟i bo‟lib,dinlinlar bilan qo‟shilib Yuebanni talofotga uchratib Tohariston sari siljiydilar deb fikr bildiradi.5 Nemis olimi F. Althaym o‟z asarida eftaliylarni turkiy tilli oltoy qabilalari deb ta‟kidlaydi. “Eftal” etnonimini “qilmoq”, “amalga oshirmoq” ma‟nosini anglatib turk tili negizidan kelib chiqqan degan fikrni ilgari suradi.6 Uning fikricha eftaliylar hukmron tabaqa vakillari hisolanib aslida xalqning nomi hioniylardir, bundan kelib chiqib esa eftallar va hioniylar yagona xalqdir degan nazariyani ilgari suradi.
V.V. Laptayevning fikricha eftaliylar V asrda O‟rta Osiyoni istilo qilgan Markaziy Osiyodagi xun qabilalarining bir tarmog‟i bo‟lib mahalliy aholi bilan birikib afg‟onlar va turkmanlarning ajdodlari bo‟lganlar degan fikrni bildiradi.
Kidariylar, xioniylar va eftaliylar haqida K.V.Trever arman manbalarida ularning “xeptal” ko‟rinishida uchraganligini va bu nom “xaft”, “xapt”- eronchada yetti ma‟nosini anglatishini ta‟kidlash barobarida ularni yetti oiladan iborat bo‟lgan massaget qabilalarining bir qismi bo‟lgan degan nazariyani illgari suradi. Uning ta‟kidlashicha V asr boshlarida massagetlar ittifoqidan kidariylar ajralib chiqib Toxaristonni egallaydilar, so‟ngra Eron sosoniylari bilan to‟qnashadilar. Ularning boshchisi Kidar vafot etgach uning o‟g‟li Kunxas Kidariy boshchiligida Hindiqush orqali Gandharaga (Peshavor) ketadilar. Ular Gupta davlatini o‟zlariga bo‟ysundirib 75 yil hukmronlik qiladilar. Kidariylarning ma‟lum qismi Markaziy Osiyoda qolib keyinchalik eftaliylar davlati tarkibiga qo‟shilib ketadi7.
E.V. Rtveladzening fikricha, eftaliylar baqtriyaning mahalliy aholisi bo‟lib o‟zlarini – alxonlar (eftaliy tangalarida baqtriy tilida uchragan yozuvga asosan) deb ataganlar. Uning ta‟kidlashicha eftaliylarning dastlabki makonlari hali aniqlanmagam. Ularning tili esa garchi sharqiy eron tillariga tegishli bo‟lsada nomi aniq emas.8 Hindshunos E.M. Medvedev eftaliylarni hind-yevropa tili guruhiga mansub tilda gaplashganliklarini ta‟kidlaydi va ularni xunlarga hech qanday aloqasi yo‟qligini e‟tirof etadi. 9 Filolog S. Ataniyozovning ta‟kidlashicha eftaliylar turkiy tilli xalq bo‟lib Mongoliya cho‟llaridan kelib V asr o‟rtalarida Qozog‟iston cho‟llariga o‟rnashib u yerda ikki qismga bo‟linib, biri- Volga tomon, ikkinchi qismi esa – Amudaryo tomonga ketib Badahshonni o‟zlariga poytaxt qiladilar. Olim “abdal” etnonimini tahlil etib uch xil nazariyani ilgari suradi. 1) Abdal so‟zi efatliylar shohi Axshunvor Eftalon nomidan kelib chiqqan desa;
Mashhur turkolog N.A. Baskakovning qadimgi bulg‟or qabilasi
“abdal” ni chuvashchada “avat” (qazimoq, yer haydamoq) + “al” affiksi ko‟rsatish olmoshini anglatishini ta‟kidlab “dehqon” ma‟nosini anglatganligini va bu so‟zni eftaliylarga ham tegishliligini e‟tirof etadi.
O‟rta asr tarixchisi Balamining (X asr) “xayatila” “xaytal” ning ko‟plikdagi ko‟rinishi bo‟lib Buxorochada “kuchli odam” ma‟nosini anglatgan degan fikrlarini keltiradi va ana shu fikrlarni tasdiqlaydi. S. Ataniyazov yana bir qiziq faktni keltirib o‟tadi. Uning fikricha o‟rta asr eftaliylari bilan hozirgi zamon abdallarining aloqadorligi bordir. Uning aytishicha eftaliy shaxzodalar boshlariga to‟rt qirrali va olti qirrali qalpoq kiyganliklarini, shunga o‟xshash qalpoqni turkman-abdallarining bollalari kiyishgan10.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki davlatchiligimiz tarixidagi “eftaliylar” davri hali muzokarali va ochiq qolgan savollardandir. Kelajakdagi arxeologik tadqiqotlar va yangi topilgan manbalar bu muammoga aniqlik kiritishi mumkin.