Eftaliylar davrida ijtimoiy va iqtisodiy hayot. Pul muomalasi
Ilk o‟rta asrlardayoq ijtimoiy-iqtisodiy hayotda muhim o‟zgarishlar yuz berdi. Vohalarda yirik sug‟orish inshootlari barpo etilib, yangi yerlar o‟zlashtirish ishlari kengayib bordi. Yangi yerlarni o‟zlashtirish ishlariga urug‟ boshliqlari, qishloq oqsoqollari boshchilik qiladi. Shu bois ular o‟zlashtirilgan yerlarni katta qismini, sug‟orish inshootlari yonidagi yerlarni egallaydilar. Shu tariqa katta yer egaligiga asoslangan mulkdorlar tabaqasi shakllanadi, ular bora-bora ziroatkor aholi ustidan hukmronlik qila boshlaydilar. O‟sha zamonda ular dehqonlar deb atalgan. Dehqonlarning shaharlarda hashamatli uylari, qishloqlarda esa qo‟rg‟onlari bo‟lib, xizmatkor-cho‟rilarga, qo‟riqlovchi choparlarga ega bo‟lgan. V asrlarda obikor yerlarning asosiy qismi hali qishloq jamoalarining qaramog‟ida edi. Qishloq jamoalarida yashab, yer va suvdan iborat umumiy mulkda o‟ziga tegishli yerlari bo‟lgan erkin ziroatchilar kashovarzlar deyilar edi. Ularning bir qismi o‟ziga tegishli yerlaridan mahrum bo‟lib, bora-bora kadivarlarga aylanib borganlar. Kadivarlar dehqonlar yerini ijaraga olib ishlashga majbur bo‟ladi va dehqonlarga qaram tabaqaga aylanadilar. Shu tariqa, qishloq ahli uch tabaqaga bo‟linadi.
Eftaliylar davlatiga birlashgan aholining etnik tarkibi xilma-xil bo‟lgan.Ularning ijtimoiy iqtisodiy hayoti esa bir-biridan tubdan farq qilgan. Eftaliylar kelib chiqishiga ko‟ra ko‟chmanchi qabilalarga mansubligi tufayli chorvachilik bilan shug‟ullanib, yaylovlarda kigiz o‟tovlarda yashaganlar. Ular zabt etgan yerlarida obod dehqonchilik vohalariga hamda savdosi rivojlangan shaharlarga ega bo‟ldilar. Yillar o‟tishi bilan ular mahalliy aholi bilan qorishib ketadilar. Tohariston va
So‟g‟d rivojlangan dehqonchilik va bog‟dorchilik markazi hisoblanardi. Qashqadaryo va Zarafshon vohalarida g‟alladan tashqari sholi ham yetishtirilar edi. Xitoy manbalarida qayd etilishicha, V-VI asrlarda Sharqiy Turkiston va O‟rta Osiyo yerlarida paxta ekilar edi. Uning tolasidan oppoq va nihoyatda mayin mato to‟qilgan. Xitoy bozorlarida bunday matoga talab katta bo‟lgan. Chunki o‟sha davrlarda Xitoyda hali paxta ekilmas edi. Aholining dashtlarda yashovchi yarim ko‟chmanchi qismi esa chorvachilik, hususan mayda va yirik shohli hayvonlar boqish, tuyachilik, tog‟li va tog‟ oldi mintaqalarida esa yilqichilik bilan shug‟ullanganlar. Farg‟ona vodiysi hamon o‟zining zotdor arg‟umoqlari bilan mashhur bo‟lganlar.
Ziroatkor yerlarning kattagina qismi hali ham qishloq jamoalari tasarrufida bo‟lsa-da, ammo mamlakatdagi yer maydonlarining ma‟lum bir qismi dehqonlar qo‟lida to‟plana borgan. Buning natijasida qishloq jamoasining kashovarz (erkin qo‟shchi)lari ma‟lum darajada dehqonlar asoratiga tushib ularga qaram kadivarlarga aylana borgan. Yirik mulkdorlar, zodagonlar zulmi va asoratining ortishi, aholi quyi tabaqalari huquqining poymol etilishi, ularning ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi pirovardida ijtimoiy adolat va haqqoniyat yo‟lidagi xalq harakatlari, g‟alayonlarining yuzaga kelishiga sabab bo‟ldi. VI asr birinchi choragida Eronda boshlanib, O‟rta Osiyo hududida ham keng tarqalgan Mazdak qo’zg’oloni buning yaqqol namunasidir. Mazdakchilar “Z” harfi bilan boshlanadigan 4 narsaning aholi o‟rtasida teng baham ko‟rilishini yoqlab chiqqandilar. Zamin (yer), Zar (oltin), Zo’rlik (kuch, hokimiyat) va Zan (xotin). Mazdakchilar ilgari surgan bu xil g‟oyalardan shini anglash mumkinki, ular ijtimoiy adolat tushunchasini birinchi o‟ringa qo‟yib, bunda yer-mulk, boyliklarni aholi o‟rtasida barobar taqsimlashni talab qilganlar. Ular davlat hokimiyati tomonidan fuqarolarning dahlsizligi va qonuniy huquqlarini himoya qilinishini, ayollar tengligini yoqlaganlar. Biroq o‟sha davrda, sinfiy tabaqalanish tobora kuchayib, mulkiy tengsizlik avj olayotgan bir paytda mazdakchilik g‟oyalarining tantana qilishi yohud hayiotga tadbiq qilinishi mumkin emas edi. Shu bois ham, Mazdak qo‟zg‟oloni tez orada hukmron tuzum kuchlari tomonidan bostirildi. Mazdak va uning ko‟plab tarafdorlari qo‟lga olinib qatl etildi. Shunga qaramay Eron va Turon aholisining keng qatlamlari orasida Mazdak g‟oyalari saqlanib, ularning haq, adolat yo‟lidagi kurashlariga xizmat qildi.