Reja:
1. Qo`shiq tanlashning o`ziga xos xususiyatlari.
2. Qo`shiq o`rgatishga qo`yiladigan talablar.
3. Turli guruhlardagi bolalar ovozi diapazoni.
Qo’shiq kuylash musiqa mashg’ulotining asosini tashkil etadi. Qo’shiq-adabiy tekst bilan kuyning birligidir.Har bir qo`shiq ma’lum pedagogik maqsadlarni amalga oshirishni ko`zda tutib tanlanadi. Kuylashga o`rgatish natijasida bolalarda asosiy musiqiy qobiliyaylar rivojlanadi. Musiqiy eshitish qobiliyati va ritmni his qilish qobiliyati rivojlanadi. Kuylashga o`rgatish aqliy, ahloqiy, jismoniy tarbiyalar bilan bog`liq. Kuylash davomida bolalarda xotira, nutq, fikrlash rivojlanadi. Bolalarda jamoatchilik yuzaga keladi, ahloqiy sifatlar tarkib topadi. Kuylash vaqtida bolalar ovozi rivojlanadi, ko`krak qafasi kengayadi. Qo`shiqlarni quyidagi talablarga muvofiq tanlash tavsiya etiladi:
-tarbiyaviy ahamiyati, g`oyaviy mazmuni, musiqiy tuzilishi va xarakteri;
-qo`shiq matnini yod olish osonligi, badiiy yuksakligi va bolalarning lug`at boyligiga mosligi;
-ohangining xarakteri, intonatsiya ifodasi, kuyning o`lchovi, diapazonining bolalar ovoziga mosligi;
-qo`shiqning musiqa cholg`u asboblari jo`rligi uchun klaviri: badiiy xususiyati va ifodaviyligi, bolalar yoshiga mosligi;
-qo`shiqning shakli, necha kuplet, qismdan iboratligi, naqoratning mazjudligi;
Qo`shiqni ma’lum bir tizimga solishda oddiydan murakkabga qarab borishga rioya qilish kerak. Musiqa rahbari qo`shiqlarni bolalarga yoqimli ovozda ifodali aytib berib tanishtiradi. Mazmunini obrazli, qiziqarli tarzda bolalar ongiga yetkazishga harakat qiladi. Bunda u ko`rgazmali qurollar, musiqiy-ritmik harakatlardan foydalanadi. Qo`shiq mazmunini va xarakterini bolalar yaxshi anglab olganlaridan so`ng o`rgatishga kirishadi. Qo`shiq jumlalarga bo`linib yodlatiladi va kuyga solib o`rgatiladi. Bolalar toliqib qolmasliklari uchun qo`shiq o`rgatish uslubi vaqti-vaqti bilan o`zgartirib turiladi.
Bolalar qo`shiqni stulchalarga suyanib o`tirgan holda ba’zan qo`shiqni o`rganib bo`lishgan bo`lsalar, unda tik turib kuylaydilar. Bu paytda ular qomatlarini to`g`ri tutishlari lozim. Stulchalar bolalarning bo`ylariga mos bo`lishi kerak, oyoqlari yerga tegib turishi kerak, suyanadigan qismiga yengil tayanib turish mumkin bo`lsin. Qo`shiq kuylayotganda qo`llar tizzaga qo`yilgan bo`lishi shart. Qo`shiq mazmuniga mos musiqiy-ritmik harakatlarni bajarish bolalarning ko`krak qafasi va nafas yo`llarini yaxshi rivojlanishiga yordam beradi.
- Qo`shiq yengil va oson amalga oshirilishi tufayli bolalar diqqatini tez jalb etadi. Musiqa ijrochiligida ovoz eng qulay vositadir, chunki qo`shiq kuylashni turli sharoitlarda tez va oson tashkil etish mumkin. Musiqiy tarbiya ishi to`g`ri yo`lga qo`yilgandan so`ng bolalarga ularning yoshi va ovoziga mos qo`shiqlarni kuylatish natijasida tarbiyalanuvchilarning ovoz apparati yaxshi rivojlanadi.
Barcha guruh bolalar uchun ( fa¹-si¹ ) yengil primar registr hisoblanadi. Shuning uchun kichik diapazonli qo`shiqlar, turli vokal-xor mashqlarini ko`pincha mazkur registrda kuylatish maqsadga muvofiqdir. Bu bolalarda musiqiy qobiliyatning har tomonlama rivojlanishiga katta ta’sir ko`rsatadi. Qo`shiq kuylash jarayonida bolaning fikrlash qobiliyati, nutqi, idroki o`sadi. Bolalar ovozi juda nozik, mo`rt bo`ladi. Shuning uchun ularning kuylashlarini kuzatib borish kerak. Ular kuylayotganlarida ovozlari zo`riqmasligi kerak. Ularni tabiiy ovozda kuylashga o`rgatish lozim. Bolalar ovozini asrab tarbiyalashning zarur shartlaridan biri qo`shiqlarni ularning yoshiga va ovoz diapazoniga qat’iy rioya etib tarbiyalashdan iboratdir.
Dostları ilə paylaş: |