Moliyaviy nazoratning mustaqilligi nazorat organining moliyaviy jihatdan mustaqilligi, nazorat organlari rahbarlarining vakolat muddatlarining parlament muddatlaridan uzoqligi, shuningdek ularning konstitutsion xarakteri bilan ta’minlanishi kerak. Ob’yektivlik va kompetentlik (layoqatlilik, qodirlik) nazoratchilar tomonidan amaldagi qonunchilikka so’zsiz itoat etilishini, taftish ishlarini amalga oshirishning belgilangan standartlariga (andozalariga) qattiq rioya etish asosida nazoratchilar ishining yuqori kasbiy darajada bo’lishini taqoza etadi.
Oshkoralikdavlat nazoratchilarining jamotchilik va ommaviy axborot vositalari bilan doimiy aloqada bo’lishini ko’zda tutadi.
Ana shu asosiy prinsiplardan amaliy xarakter kasb etuvchi moliyaviy nazoratning quyidagi boshqa prinsiplari kelib chiqishi mumkin: natijalilik; nazoratchilar tomonidan talab qilinadigan talablarning aniqligi va mantiqiyligi; nazorat sub’yektlarining sotib oluvchanmasligi; tekshirish va taftish aktlarida keltirilgan ma’lumotlarning asoslanganligi va isbotlanganligi; preventivlik (moliyaviy buzilmalar ehtimolining( ogohlantiriluvchanligi); moliyaviy jinoyatlar bo’yicha shubhalanilayotgan shaxslarning aybsizlik (sudgacha) prezumpsiyasi; turli nazorat organlari faoliyatlarining muvofiqlashtiruvchanligi; va boshqalar. Kontrol tushunchasi nazoratdan farq qilib, hamma vaqt yuqori organlar tomonidan ularga bo’ysunuvchi quyi organlar faoliyatini tekshirish jarayonida qo’llaniladi. Kontrol usulini qo’llash huquqiga ega bo’lgan organlar o’zlariga bo’ysunuvchi ob’yektlarning moliyaviy, xo’jalik, tashkiliy va boshqa xildagi faoliyatini o’rganib chiqib, ushbu faoliyat davomida ularning qonunlarga qay darajada rioya qilinganligini aniqlay-dilar. Agar qonun buzilganligi aniqlansa, aybdor shaxslarga nisbatan davlat majburlov choralarini (masalan, intizomiy javobgarlik choralarini) bevosita qo’llashlari mumkin. Nazorat olib boruvchi organlar esa, o’zlariga bo’ysunmagan ob’yektlar faoliyati ustidan nazorat o’rnatishlari mumkin. Nazorat maxsus davlat nazorati organlari tomonidan yoki prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi. Nazorat jarayonida aniqlangan kamchiliklar, qonun buzilishlari bevosita hal qilinmaydi yoki aybdor shaxslar bevosita javobgarlikka tortilmaydi. Nazorat vaqtida aniqlangan kamchiliklar, qonun buzilishlari to’g’risida nazorat olib borilgan organ (tashkilot) bo’ysungan yuqori organga yoki tegishli davlat organlariga (masalan, sud, prokuratura organlariga) murojaat qilish mumkin.