Nazoratning sub’yeklari bo’yicha moliyaviy nazoratning quyidagi shakllari bo’lishi mumkin:
Prezident moliyaviy nazorati;
hokimiyat qonunchilik organlari va mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlarining moliyaviy nazorati;
ijroiya hokimiyat organlari moliyaviy nazorati;
moliya-kredit organlarining moliyaviy nazorati;
firmaviy-ichki moliyaviy nazorat;
auditorlik moliyaviy nazorati; va boshqalar
Nazoratning ob’yektlariga muvofiq ravishda moliyaviy nazoratning quyidagi shakllari mavjud:
byudjet moliyaviy nazorati;
nobyudjet fondlar ustidan amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
soliqlar bo’yicha amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
valyuta operatsiyalari ustidan amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
kredit operatsiyalari bo’yicha moliyaviy nazorat;
sug’urta faoliyati bo’yicha moliyaviy nazorat;
investitsion faoliyat bo’yicha amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
pul massasi ustida amlga oshiriladigan moliyaviy nazorat; va boshqalar.
Moliyaviy nazoratni amalga oshirish jarayonida uning quyidagi metodlaridan foydalaniladi:
tekshiruv;
tadqiq etish;
nadzor (nazorat);
moliyaviy holat tahlili;
kuzatish (monitoring); taftish.
Tekshiruv hisobot, balans va xarajat hujjatlari asosida moliyaviy xo’jalik faoliyatning alohida masalalari bo’yicha amalga oshiriladi. Tekshiruv jarayonida moliyaviy intizomning buzilganligi aniqlanadi va ularni barham berish borasida choralar belgilanadi.
Tadqiq etish korxona va tashkilotlar faoliyatining ayrim tomonlarini qamrab oladi. Tadqiq etish jarayonida bajarilgan ishlar, material, yoqilg’i va energiyalarning sarflanish hajmlari nazorat tarzida o’lchanadi. Shuningdek, tadqiq etish so’rash, kuzatish va inspeksiya qilish hollari orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Nadzor (nazorat) moliyaviy faoliyatning ma’lum bir turiga (masalan, sug’urta, investitsion, bank va boshqa faoliyatlar) litsenziya olgan iqtisodiy sub’yektlar ustidan nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazoratni anglatadi. U buzilishi litsenziyaning chaqirib olinishiga olib keladigan o’rnatilgan (belgilangan) qoidalar va normativlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni ko’zda tutadi.
Iqtisodiy tahlil moliyaviy nazoratni amalga oshirish metodi sifatida xo’jalik faoliyatining natijalari, moliyaviy holatning ahvoliga umumiy baho berish va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini asoslash maqsadida davriy yoki yillik moliyaviy va buxgalteriya hisobotlarini detallashtirilgan tarzda o’rganishni ko’zda tutadi.
Taftish moliyaviy nazoratning ancha keng tarqalgan metodi sanalib, nazoratning haqiqiy va hujjatli usullarini qo’llash yordamida amalga oshiriladigan korxona, tashkilot va muassasalar moliya-xo’jalik faoliyatini o’zaro bog’langan kompleks tekshiruvidan iboratdir. Sub’yekt xo’jalik faoliyatini qamrab olishning to’liqligiga qarab taftishning quyidagi turlari bo’lishi mumkin: to’liq; qisman; mavzuli; kompleksli.