Namangan davlat universiteti "tasdiqlayman"


Sug’urtani huquqiy boshqarish



Yüklə 0,99 Mb.
səhifə72/84
tarix07.01.2024
ölçüsü0,99 Mb.
#210874
1   ...   68   69   70   71   72   73   74   75   ...   84
Modul Moliya

3. Sug’urtani huquqiy boshqarish
Sug’urta munosabatlari moliya huquqi me’yorlari bilan ham, fuqarolik huquqi me’yorlari bilan ham tartibga solinadi. Fuqarolik huquqi sug’urta sohasidagi shartnoma munosabatlarini tartibga so­ladi, moliya huquqi esa davlat-hokimiyat ko’rsatmalariga asoslangan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Moliya huquqi me’yorlari sug’urta tizimini va uni tashkil etishni, sug’urta turlarini, majburiy sug’urta tartibini, sug’urta faoliyati bilan shug’ullanish uchun ruxsatnoma (litsenziya) berishni belgilab beradi.
Moliya huquqi me’yorlari bilan tartibga solina­digan sug’urta munosabatlarini unda ishtirok etuvchi sub’yektlarga qarab bir necha turga tasniflash mum­kin:
davlat (O’zbekiston Respublikasi Hukumati) va maxsus vakolatli davlat organi o’rtasidagi munosabatlar;
maxsus vakolatli davlat organi va sug’urtalovchilar o’rtasidagi munosabatlar. Ushbu munosabatlar ruxsatnomalar berishda, sug’urta zaxiralarini tashkil etish va sug’urta tashkilot­lari hisob-kitobining shakli va ko’rsatkichlari qoidalarini o’rnatishda, shuningdek xato-kamchi­liklarni bartaraf etish to’g’risidagi ko’rsatmalarda namoyon bo’ladi;
monopoliyaga qarshi kurash organlari va sug’urtalovchi tashkilotlar o’rtasidagi munosabat­lar. Bu munosabatlar sug’urta bozorida monopo­listik faoliyatni va g’irrom raqobatni barham toptirishda namoyon bo’ladi;
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va sug’urta nazorati organlari o’rtasidagi munosabatlar. Bu munosabatlar mamlakatda sug’urta faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish jarayonida yuzaga keladi;
majburiy davlat sug’urtasi bo’yicha bo’ladigan muno-sabatlar. Barcha moliyaviy-huquqiy munosabatlarning majbu-riy sub’yekti bo’lgan davlat ma’lum bir fuqarolar doirasi-ning shaxsiy va mulkiy manfaatlarini sug’urtalovchi sifatida harakat qiladi.
Bozor munosabatlari sharoitida davlat va korxonalar teng huquqli xo’jalik yurituvchi sub’yekt sifatida namoyon bo’ladilar. Ularning har biri faqat o’z qarzlari uchun javob beradilar.
Sug’urta jamg’armalari markazlashgan va markazlash-magan tartibda tashkil etiladi. Sug’urta mablag’larini markazlashgan usul vositasida tashkil etish markazlashgan byudjetdan yoki byudjetdan tashqari jamg’armalardan mablag’-lar to’g’ridan-to’g’ri ajratish orqali amalga oshiriladi. Byud-jetda har yili tabiiy ofatlar va favqulodda holatlarni ogohlantirish va bartaraf etish maqsadida tashkil etiladigan sug’urta jamg’armalariga ketadigan xara­jatlar nazarda tutiladi. Yuqorida ko’rsatilgan mablag’lar, shuningdek byudjetdan tashqari mablag’lar hisobidan moliyaviy zaxiralar tashkil etilib, sanoat korxonalari, qurilish va transportda favqu-lodda holatlarning natijalarini bartaraf etish bo’yicha o’tkaziladigan tadbirlar moliyalashtiriladi.
Markazlashmagan tartibda sug’urta jamg’armalari xo’ja-lik yurituvchi sub’yektlarning o’zlari tomonidan tashkil etiladi. O’zini o’zi sug’urtalash jamg’armalari zararlarni qoplash va nazarda tutilmagan xarajatlarni bartaraf etish maqsadida tashkil etiladi. Bunday jamg’armalarning tashkil etilishi korxonalar tomonidan ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi. Qonunchilikka binoan barcha mulk shaklidagi kredit va sug’urta korxonalari majburiy zaxira (sug’urta) jamg’armalarini tashkil etishlari lozim. Ushbu jamg’armalar xo’jalik yuri­tuvchi sub’yektlar tomonidan markazlashmagan holda foydalaniladi. Bu munosabatlarda, ijtimoiy sug’urta singari, sug’urta qonunining me’yorlari tatbiq eti
Sug’urta shartnomasi tushunchasi, uni tuzish va to’xtatish asoslari
Sug’urta shartnomasi yozma ravishdagi bitim bo’lib, unga ko’ra sug’urta tashkiloti ko’zda tutilgan sug’urta hodisasi (voqeasi) yuz berganida sug’urtalanuvchiga yoki sug’urta pulini olishga haqli bo’lgan boshqa shaxsga yetkazilgan zararni qoplash yoxud sug’urta pulini to’lash majburiyatini, sug’urtalanuvchi esa belgilangan muddatda sug’urta to’lovlarini (sug’urta mukofotini) to’lash majburiyatini oladi.
Sug’urta shartnomasida: sug’urtalanuvchi va uning huquqiy vorisi, sug’urtalovchi, sug’urta puli va sug’urta badalining miqdorlari, shartnomaning amal qilish muddati ko’rsatiladi, sug’urta hodisasining tavsifi beriladi va boshqa shartlar qayd etiladi.
Sug’urta shartnomasida yoki qonunda nazarda tutilgan voqeaning yuz berganligi sug’urta hodisasi hisoblanadi. Bunday hodisa yuz berganida sug’urtalovchining sug’urtalanuvchiga, sug’urta qilingan shaxsga yoki boshqa uchinchi shaxslarga sug’urta haqi to’lash majburiyati yuzaga keladi.
Sug’urta shartnomasini tuzish uchun sug’urtalanuvchi sug’urtalovchiga belgilangan shaklda yozma ariza taqdim etadi yoki sug’urta shartnomasi tuzish niyatida ekanligi haqida mumkin bo’lgan boshqa usulda ma’lum qiladi.
Sug’urta shartnomasi, agar qonunlarda boshqacha holat nazarda tutilmagan bo’lsa, tomonlar shartnomada belgilangan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Sug’urta shartnomasi tuzilganligi sug’urtalovchi sug’urta-lanuvchiga beradigan sug’urta qoidalari ilova qilingan sug’urta shahodatnomasi (polisi, sertifi­kati) bilan tasdiqlanishi mumkin.
Sug’urta shartnomasi amal qilayotgan davrda sug’urta-lanuvchi:
a) sug’urta to’lovlarini belgilangan tartibda to’lab borishi;
b) sug’urta ob’yektining but bo’lishi uchun qo’lidan kelgan choralarni ko’rishi;
v) sug’urtalangan mol-mulkda yuz bergan jiddiy o’zgarish-lar, xususan uning shikastlanishi yoki yo’q bo’lish xavfini oshiruvchi, tabiiy ofat xavfidan tashqari, har qanday o’zgarish haqida sug’urtalovchiga xabar berishi shart.
Sug’urta shartnomasi amal qilayotgan davrda sug’urta-lovchi:
a) agar sug’urtaning muayyan turi shartlarida nazarda tutilgan bo’lsa, shartnomaning amal qilish muddatiga, sug’urta puli miqdoriga o’zgartirish kiri­tilganligini ma’lum qilib qo’yishga;
b) agar shartnoma shartlarida nazarda tutilgan bo’lsa, tovon pulini olib sug’urta shartnomasini mud­datidan avval bekor qilishga (tovon pulining miqdori sug’urtaning ushbu turi shartlari bilan belgilanadi);
v) o’zi vafot etgan taqdirda sug’urta pulini oladigan istalgan kishini tayinlab qo’yishga haqlidir. Ushbu shaxs olgan sug’urta puli meros qolgan mulk tarkibiga kirmaydi.
Qonun yoki sug’urta shartnomasida nazarda tutilgan sug’urta hodisasi yuz berganda sug’urtalovchi shartnomada qayd etilgan shaxsga sug’urta shartnoma­sida belgilangan muddatda sug’urta pulini (sug’urta tovonini) to’lashi shart.
Sug’urtalovchi sug’urtalanuvchiga sug’urtalangan mol-mulkni saqlab qolish bilan bog’liq bo’lgan xarajatlarini butunlay yoki qisman to’lashga haqlidir.
Agar sug’urta shartnomasiga ko’ra tomonlar qo’llayotgan huquqlar uchinchi tomon manfaatlariga dahl etsa, tomonlarning barcha xatti-harakatlari manfaatdor uchinchi tomon bilan kelishilishi kerak.
Sug’urta hodisasi:
a) sug’urtalanuvchining yoki nomiga sug’urta shartnomasi tuzilgan shaxsning sug’urta hodisasini keltirib chiqarish uchun ataylab qilgan xatti-harakatlari natijasida (o’zining fuqarolik burchini bajarish yoki sug’urtalanuvchi yoxud uchinchi shaxslarning hayoti, sog’lig’i, sha’ni va obro’sini himoya qilish bilan bog’liq bo’lgan xatti-harakatlar bundan mustasno);
b) sug’urta tashkilotiga sug’urta ob’yekti hamda atayin soxta ma’lumotlar xabar qilinishi oqibatida;
v) sug’urta shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollar tufayli yuz bergan bo’lsa, sug’urta tashkiloti sug’urtalanuvchiga sug’urta pulini (sug’urta tovonini) to’la yoki qisman to’lashni rad etishga haqlidir.
Sug’urtalanuvchi vafot etgan, qonun bilan belgilangan tartibda salohiyatsiz yoki salohiyati cheklangan deb topilgan, sug’urta shartnomasi amal qilayotgan davrda sug’urtalanuvchi yuridik shaxs huquqlarini yo’qotgan hollarda sug’urtalanuv-chining huquq va burchlari uning merosxo’rlari, vasiylari yoki huquqiy vorislariga o’tadi. Sug’urta qilingan mol-mulk so­tilganda, almashtirilganda, sovg’a qilinganda, ijaraga berilganda sug’urtalanuvchining huquq va burchlari ana shu mol-mulkni olgan shaxsga o’tadi.
Sug’urta shartnomasining harakati quyidagi hollarda to’xtatiladi:
a) amal qilish muddati tugaganda;
b) sug’urtalovchi shartnoma bo’yicha sug’urtalanuvchini oldidagi majburiyatlarini bajarib bo’lganida;
v) sug’urtalanuvchi sug’urta badallarini shartno­mada belgilangan muddatlarda to’lamaganlikda;
g) yuridik shaxs hisoblangan sug’urtalanuvchi tu­gatilganda yoki jismoniy shaxs hisoblangan sug’urtalanuvchi vafot etganda;
d) sug’urtalovchi O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilganda;
y) sud sug’urta shartnomasini haqikiy emas deb topish haqida qaror qabul qilganda;
j) O’zbekiston Respublikasi qonunlarida na­zarda tutilgan boshqa hollarda.
Basharti, sug’urta shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan bo’lsa, sug’urtalovchi va sug’urtalanuvchining talabi bilan, shuningdek tomon­larning kelishuviga binoan sug’urta shartnomasi mud­datidan ilgari to’xtatilishi mumkin, shartnomaning to’xtatilishi uchinchi tomon manfaatlariga daxl eta­digan hollar bundan mustasno.
Basharti, shartnomada o’zga qoidalar nazarda tutilmagan bo’lsa, sug’urta shartnomasi muddatidan ilgari to’xtatish niyatini tomonlar bir-biriga sug’urta shartnomasini to’xtatish mo’ljallanayetgan paytdan kamida 30 kun oldin xabar qilishi shart.Sug’urta shartnomasi sug’urtalanuvchining talabi bilan mudda­tidan ilgari to’xtatilgan taqdirda, sug’urtalovchi to’langan sug’urta badallarining shartnoma tugamagan muddatiga tegishli qismini ketgan sarf-xarajatla­rini chegirib tashla-gan holda sug’urtalanuvchiga qaytarib beradi. Basharti, sug’ur-talanuvchining bun­day talabiga sug’urtalovchining sug’urta qoidalarini buzishi sabab bo’lgan bo’lsa, sug’urtalovchi sug’urtalanuvchiga u to’lagan sug’urta badallarini to’liq qayta-radi.
Sug’urta shartnomasi sug’urtalovchining talabi bilan muddatidan ilgari to’xtatilgan taqdirda, sug’urtalovchi sug’ur-talanuvchiga u to’lagan sug’urta ba­dallarini to’liq qaytaradi. Basharti sug’urtalovchining bunday talabiga sug’urtalanuv-chining sug’urta qoidalarini bajar­maganligi sabab bo’lsa, sug’urtalovchi to’langan sug’urta badallarining shartnoma tuga-magan muddatiga te­gishli qismini ketgan sarf-xarajatlarni chegirib tashlagan holda sug’urtalanuvchiga qaytarib beradi.
Sug’urta shartnomasi quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi:
a) fuqarolik salohiyatiga ega bo’lmagan yoki salohiyati cheklangan shaxslar bilan, shuningdek yuridik shaxs huquq-lariga ega bo’lmagan tashkilotlar bilan tuzilgan bo’lsa;
b) salohiyatli, lekin shartnoma tuzish paytida o’z xatti-harakatining mohiyatini tushuna olmaydigan holatdagi shaxs bilan tuzilgan bo’lsa;
v) jismoniy yo’l bilan qo’lga kiritilgan, ro’yxatga olingan, xatlangan yoki sud xukmi bilan mu­sodara qilinishi zarur bo’lgan mulkka nisbatan tuzilgan bo’lsa;
g) sug’urtalanuvchi shartnoma tuzish chog’ida atayin noqonuniy yo’l bilan foyda ko’rishni ko’zlagan hollarda, shuningdek sug’urta hodisasi yuz bergandan keyin foyda ko’rish maqsadida tuzilgan bo’lsa;
d) shartnomaning yozma shakliga amal qilinmasdan tuzilgan bo’lsa.
Yuqorida aytib o’tilgan hollarda sug’urta shart­nomasi sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
Majburiy sug’urta
Sug’urta qonunchiligida sug’urtani amalga oshirishning ikki shakli ko’rsatib o’tilgan. Bular ixtiyoriy va majburiy sug’urtalardir. Tomonlarning xohish irodasiga ko’ra amalga oshiriladigan sug’urta ixtiyo­riy sug’urta hisoblanadi. Ixtiyoriy sug’urtaning shartlari tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi. Sug’urtalanuvchi va sug’urtalovchining huquq-lari va burchlari, shuningdek har bir sug’urta turining aniq shartlari tegishli sug’urta shartnomalari bilan belgilab qo’yiladi. Sug’urta shartnomasini tuzish, ijro etish va to’xtatish tartibi fuqarolik huquqi bilan tartibga solinadi. Lekin ba’zi bir ma­salalar, masalan, ogohlantirish tadbirlariga mo’ljallangan zaxiralarni tashkil etish va undan foydalanish tartibi bilan bog’liq bo’lgan masalalar moliya huquqi bilan tartibga solinadi.
Majburiy sug’urta deganda - O’zbekiston Respub­likasi qonunlariga muvofiq amalga oshiriladigan sug’urta tushuniladi.
Majburiy sug’urta ikki ko’rinishda namoyon bo’ladi:
a) byudjet mablag’lari hisobidan amalga oshiriladigan majburiy davlat sug’urtasi;
b) sug’urtalanuvchilarning mablag’lari hisobidan amalga oshiriladigan majburiy sug’urta.
Mulkiy sug’urta ham, shaxsiy sug’urta ham ixtiyoriy yoki majburiy sug’urta shaklida bo’lishi mumkin.
Majburiy sug’urta turlari, shartlari, sug’urta tarif-lari va sug’urtani o’tkazish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Majburiy sug’urta bo’yicha qonun loyihalarini tayyor-lashda asosan quyidagilar ta’minlangan bo’lishi lozim:
a) O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolat-langan fuqarolarning huquq va erkinlikla­rini himoya qilish-ga yo’naltirilgan majburiy sug’urta turlarini huquqiy tartibga solish;
b) qonunchilik aktlari bilan joriy etilgan shaxsiy va mulkiy majburiy sug’urta turlarini O’zbekiston Respublika-sida olib borishni tasdiqlash;
v) majburiy shaxsiy sug’urta turlari bo’yicha joriy etilgan sug’urta summalarini muhofaza qilish, zarur hollarda esa ko’paytirish;
g) O’zbekiston Respublikasida majburiy sug’urtaning asosiy talablari va olib borish shartla­rining yagonaligi va h.k.lar.
Majburiy sug’urta jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar moliya huquqi tomonidan tartibga solina­digan munosabatlar doirasiga kiradi. Majburiy sug’urta bo’yicha bo’ladigan munosabatlar, moliyaviy-huquqiy munosabatlar singari, quyidagi o’ziga xos xususiyatlarga ega:
1) sug’urtalanuvchilarning mablag’lari hisobidan amalga oshiriladigan majburiy sug’urtaning turlari, tartibi va shartlari davlat tomonidan o’rnatilishi hamda majburiy sug’urtada munosabatning asosiy sub’yekti sifatida davlatning yoki u vakolat bergan organning ishtirok etishi;
2) majburiy sug’urta bo’yicha bo’ladigan munosabatlarning yuzaga kelishi, o’zgarishi va bekor bo’lishini tartibga solishda imperativ ya’ni, davlat-hokimiyat ko’rsatmalari usulining qo’llanilishi.
Qonunchilikda majburiy sug’urtalanishi lozim bo’lgan mol-mulk ko’rsatib o’tilgan bo’lib, bunga: fuqarolar egaligida bo’lgan qurilishlar (uy-joy, dacha, xo’jalik qurilmalari) hamda hayvonlar (chorva mollari, otlar va tuyalar) kiradi.
Sug’urta to’lovlarining hajmi sug’urtalovchi tomonidan belgilanadi.
Majburiy sug’urta mulkiy yoki shaxsiy, bepul yoki pullik bo’lishi mumkin.
Majburiy shaxsiy sug’urtaning asosiy turi-bu qonun asosida amalga oshiriladigan yo’lovchilarning majburiy shaxsiy sug’urtasidir. Yo’lovchilarning majburiy shaxsiy sug’urtasi tegishli organlar bilan shartnoma tuzish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Majburiy shaxsiy sug’urta bo’yicha sug’urta tariflari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, qonunchilikda sug’urta shartnomasini majburiy tuzish holatlari ko’rsatilgan bo’lib, bularga quyidagilar kiradi:
1) faoliyatning ma’lum bir turlarini sug’urtalash. Bu sug’urta sug’urtalanuvchilarga sug’urta faoliyati jarayonida uchinchi shaxslar tomonidan yetkazilishi mumkin bo’lgan zararlarni qoplash kafolati sifatida nazarda tutilgan. Bunga masalan, xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi notariuslar kiradi. Notariuslar o’z faoliyatlarini sug’urtalashlari lozim;
2) boshqa shaxslar foydasiga sug’urta shartnomasini majburiy tuzish. Bu shartnomalar sug’urtalanuvchilarning o’zlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan mehnat va boshqa yangiliklardan foydalanish jarayonida yetkazilishi mumkin bo’lgan hollarda tuziladi;
3) qonunchilikda ba’zi bir madaniy boyliklarni va boshqa mol-mulkni majburiy sug’urta qilish nazarda tutilgan bo’lishi mumkin.
Majburiy sug’urta bo’yicha bo’ladigan huquqiy munosa-batlar majburiy davlat sug’urtasi bo’yicha bo’ladigan munosa-batlardan farq qilib, ikkinchisida har doim tomonlarning biri sifatida davlat yoki u vakolat bergan organ ishtirok etadi va sug’urta byudjet hisobidan bepul amalga oshiriladi.
Davlat majburiy sug’urtasi bo’yicha bo’ladigan huquqiy munosabatlar moliya huquqi bilan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlar tarkibiga kiradi.
Qonunchilikda davlat majburiy shaxsiy sug’urtasi bilan bir qatorda, davlat majburiy mulkiy sug’urtasi ham nazarda tutilgan. Davlat majburiy shaxsiy sug’urtasi ro’yxati davlat majburiy mulkiy sug’urtasiga qaraganda kengroqdir.
Davlat majburiy sug’urtasini shaxsiy va mul­kiy turlarga bo’lish bilan bir qatorda ularni yana quyidagi turlarga bo’lishimiz mumkin:
a) davlat xizmatida bo’lgan shaxslar uchun o’rnatilgan davlat majburiy sug’urtasi;
b) fuqarolik va harbiy ahamiyatdagi ob’yekt­larda radiatsiya avariyalaridan, ekologik va boshqa favqulodda hodisalardan jabrlangan shaxslar uchun o’rnatilgan davlat majburiy sug’urtasi;
v) tibbiy va boshqa ilmiy tadqiqotlarda, turli xil qutqaruv ishlarini olib borishda band bo’lgan shaxslar uchun o’rnatilgan davlat majburiy sug’urtasi va h.k.lar.

Yüklə 0,99 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   68   69   70   71   72   73   74   75   ...   84




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin