Valyuta operatsiyalarining rezidentlariga quyidagilar kiradi: - O’zbekiston Respublikasida muqim yashash joyi bo’lgan, shu jumladan vaqtincha O’zbekiston Respublikasidan tashqarida turgan jismoniy shaxslar;
- O’zbekiston hududida joylashgan bo’lib, O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tuzilgan va ro’yxatdan o’tgan yuridik shaxslar, shu jumladan xorij investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar;
- O’zbekiston Respublikasining immunitetga va diplomatiya imtiyozlariga ega bo’lgan xorijdagi diplomatiya, savdo va boshqa rasmiy vakolatxonalari, shuningdek O’zbekiston Respublikasi korxona va tashkilotlarning xorijdagi xo’jalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shug’ullanmaydigan o’zga vakolatxonalari kiradi.
Norezidentlarga quyidagilar kiradi: - xorijda muqim yashash joyi bo’lgan, shu jumladan vaqtincha O’zbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxslar;
- O’zbekiston Respublikasining tashqarisida joylashgan bo’lib, ajnabiy davlatlarning qonunlariga muvofiq tashkil etilgan va shu qonunlar asosida faoliyat ko’rsatuvchi yuridik shaxslar, shu jumladan O’zbekiston Respublikasining korxona va tashkilotlari ishtirokidagi yuridik shaxslar;
- O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bo’lib, immunitetga va diplomatiya imtiyozlariga ega bo’lgan xorij diplomatiya, savdo va boshqa rasmiy vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar va ularning filiallari, shuningdek xo’jalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shug’ullanmaydigan tashkilot va firmalarning vakolatxonalari kiradi.
Valyuta operatsiyalarini amalga oshirish katta ahamiyatga egadir. Valyuta operatsiyalari O’zbekiston Respublikasining xalqaro iqtisodiy munosabatlarida integratsiyalashishida (birlashishida), xo’jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda, mamlakat iqtisodiga xorij investitsiyasini jalb etishda, mamlakat aholisining valyutaga bo’lgan ehtiyojini qondirishda katta ahamiyatga ega.
O’zbekiston Respublikasida valyuta nazorati Valyuta nazorati moliyaviy kontrolning bir qismi bo’lib, moliyaviy kontrolning barcha xususiyatlari valyuta nazoratiga ham xosdir. Lekin shu bilan birga valyuta nazoratining o’ziga xos xususiyatlari ham mavjud.
Valyuta nazorati deganda - valyuta operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida valyuta qonunchiligini ta’minlashga qaratilgan davlatning faoliyati tushuniladi.
«Valyutani tartibga solish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunining 16-moddasiga binoan valyuta nazo-ratining maqsadi valyuta operasiyalarini amalga oshirish vaqtida valyuta qonunlariga rioya etilishini ta’minlashdan iborat.
Valyuta nazoratining asosiy yo’nalishlari bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
-amalga oshirilayotgan valyuta operatsiyalarining amaldagi qonunlarga mos bo’lishini va shu ish uchun kerakli ruxsatnomalar hamda ijozatnomalar bor-yo’qligini;
-rezidentlar respublika valyuta fondiga chet el valyutasida soliq va boshqa to’lovlar to’lash bo’yicha majburiyatlarini, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga chet el valyutasini sotish bo’yicha majburiyatlarini qanday bajarayotganini;
-Respublika valyuta fondidan ajratilgan valyuta mablag’laridan mo’ljallangan aniq maqsadga muvofiq va qanchalik samarali foydalanilayotganligini;
-chet el valyutasidagi to’lovlarning asosliligini;
-valyuta operatsiyalari bo’yicha hisobga olish va hisobot mukammal hamda xolis bo’lishini tekshirishdan iboratdir.
O’zbekiston Respublikasida valyutani nazorat qilish valyuta nazorati idoralari hamda ularning vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
Amaldagi qonunchilikka binoan O’zbekiston Respublikasida valyuta nazoratini amalga oshiruvchi organlarga quyidagilar kiradi:
-O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki;
-O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
-O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mi-tasi;
-O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi.
O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq valyutani nazorat qilish vazifasini amalga oshirishi mumkin bo’lgan tashkilotlar valyuta nazorati vakillari hisoblanadi.
Vakolat berilgan banklar O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hisobdor bo’lgan valyuta nazorati vakillari hisoblanadi.