Membranasiz organellalar Hujayra markazi Hozirgi vaqtda hujayra markazi deb nomlanuvchi tuzilmani 1875 – yili Gertvig ochgan. Hujayra markazi hamma hayvon hujayralarida topilgan bo‘lib, faqatgina tuxum hujayrasida etilish davrida yo‘qoladi. Hujayra markazi 2 ta sentriola va sentrosferadan iborat. Sentriola silindrsimon tanacha bo‘lib, uzunligi 0,3-0,6 mkm, diametri 0,1-0,15 mkm. Sentriola devori 9 ta triplet mikronaychalaridan tashkil topgan. Triplet 3 ta A,V,S mikronaychadan iborat. A- mikronaycha 13 globulyar subbirlikdan, V va S mikronaychalar 11 globulyar subbirlikdan tashkil topgan. Sentriolada mikronaychalardan tashqari mikronaychalararo markazga boruvchi yon o‘siqchalar ham bo‘ladi. Sentriolalar juft bo‘lib, qiz sentriola ona sentriolaga perpendikulyar joylashadi. Hujayra bo‘linish davrida sentriola bo‘linmaydi, balki soni ortadi. Hujayra markazi mitotik apparatni, shu jumladan dukchani va yulduzchani hosil qilishda ishtirok etadi. Fibrilla, kiprikcha va mikronaychalar hujayra markazidan hosil bo‘ladi.
Ribosomalar Ribosomalarda aktiv aminokislotalar kondensatsiyasi, hamda ularning polipeptid bog‘ga terilib oqsil sintezi ro‘y beradi. Ribosoma RNK va oqsildan tashkil topgan. Ribosoma tarkibiga aktiv bo‘lmagan ribonukleaza, latent holatdagi dezoksirubnukleaza, aktivlashgan leysinaminopeptidaza, β- galaktozidaza va boshqa fermentlar kiradi. Ribosoma o‘zida ko‘p miqdorda magniy va sezilarli oz miqdorda kalsiy tutadi. Ribosomalar mayda subbirliklardan iborat har bir subbirlik bitta yuqori polimer ribosomal RNK molekulasini va oqsilni tutuvchi ribonukleotid moddadir. Ular Yаdrochada sintezlanadi. Subbirliklar orasida yoriq ko‘rinadi. Ribosoma subbirliklarining birlashishi sitoplazmada ro‘y beradi.
Fibrillyar tuzilmalar – ipsimon strukturalardir.
Hujayrada turli filamentlar uchraydi:
Aktinli – tropomiozin va troponin oqsillari bilan bog‘liq aktin oqsilidan tashkil topadi.
Miozinli – miozin oqsilidan iborat, aktinli filamentlarning zich birikishidan hosil bo‘ladi.
Oraliq filamentlar – ba’zan tutamlar – fibrillalar hosil bo‘ladi. Masalan: ko‘ndalang – targ‘il mushaklarda aktin va miozin mikrofilamentlar birgalikda miofibrillalarni hosil qiladi. Ular muskul qisqarishini ta’minlaydi. Nerv hujayralari filamentlar tutami neyrofibrilla, epiteliy hujayrasi filamentlar tutami tonofibrillar deb ataladi.
Mikrofilamentlar sitoplazmaning chetki yuzalarida tutamlar hosil qilib joylashadi. Ayniqsa, sitoplazmaning periferik qismlarida va membrana ostida ko‘p miqdorda bo‘ladi. Ba’zi hujayra membranasi integral oqsillari aktin filamentlari bilan bog‘lanadi. Bunday bog‘lanish hujayraning amyobasimon harakatida va shaklini o‘zgartirishida ishtirok etadi. Mikrofilamentlar hujayra bo‘linishida ham ishtirok etadi, ikki qiz hujayraning ajralishini ta’minlaydi. Mikrovorsinkalar tarkibida ham aktin mikrofilamentlari borligini ko‘rish mumkin. Mikrofilamentlar mikrovorsinkalarning plazmatik membranaga birikishini ta’minlaydi. Mikrovorsinkalar ostida miozin filamentlari joylashib, ular mikrovorsinkalar qisqarishida ishtirok etadi.
Mikronaychalar – silindrsimon diametri 24 nm bo‘lgan tuzilma bo‘lib, sitoskelet va boshqa organellalar (sentriola, kiprikchalar va xivchinlar)ning asosiy struktur birligi hisoblanadi. Tubulin oqsilidan tuzilgan. Mikronaychalar doimiy tuzilmalar emas. Ular tarkibidagi tubulin oqsili molekulalari parchalanib ketishi va qayta yig‘ilishi mumkin.
Yаdro Yаdro – genetik axborotni saqlash, uzatish, uni ko‘payishini va oqsil biosintezini ta’minlaydi. Irsiy axborotni saqlanishi va tutib turilishi uning almashtirib bo‘lmaydigan strukturasi DNK, ya’ni hujayra bo‘linish oldidan ikki hissa ortuvchi tuzilma bilan bog‘liq (replikatsiya). Yаdro ichida DNK molekulalarida informatsion, transport va ribosomal RNK transkripsiya va sintezi bo‘lib o‘tadi. Yаdro ichida Yаdrochada hosil bo‘lgan rRNK va sitoplazmadagi ribosomalar tomonidan sintez qilingan va Yаdroga o‘tgan oqsildan ribosoma subbirliklari hosil bo‘ladi.
Interfazada Yаdro xromatin, karioplazma, Yаdrocha va Yаdro qobig‘idan iborat bo‘ladi.
Xromatin hromasomasining interfazadagi holati, u to‘rsimon despirallashgan holatda – euxromatin yoki spirallashgan zichlashgan holati – geteroxromatin bo‘ladi. Euxromatin qismida hujayra oqsil biosinteziga yo‘nalgan transkripsiya va reduplikatsiya jarayonlari kechadi. Spirallashgan (zichlashgan) xromatin sintetik funksiyalarni bajarmaydi. Xromatinning tarkibida DNK (40%), gistonli oqsil (~60%) va RNK (1%) mavjud. DNK irsiy axborotni kodlovchi to‘rtta azot asosidan iborat, ular – adenin, guanin, sitozin, timin. Gistonlar lizin va arginin aminokislotalariga boy ishqoriy muhitga ega oqsillardir. Ular butun DNK ipi uzunligi bo‘yicha bloklar holatida joylashgan. Har bir blokda DNK bilan nukleosoma hosil qiluvchi 8 tadan giston joylashgan. Yаdroning nogiston oqsillari Yаdroda to‘r xosil qilib, Yаdroning oqsilli matriksini hosil qiladi. Bundan tashqari, Yаdroda RNP (ribonukleoproteid) oqsillari bilan birikkan iRNK ni o‘zida tutuvchi perixromatinli fibrillalar, perixromatinli va interxromatinli donalar (granulalar) mavjud.